Assalomu alaykum, Mehmon!
Kirish Ro'yxatdan o'tish
" FUTBOL TV " yangiliklar !!
Cristiano Ronaldo Barcelonga o'tmoqchi....
Futbol Tv jonli efir !!!

EChL qaytmoqda: “Matador“siz qolgan Zidan, Sarrida yana bir “missiya“

Uzoq muddatlik tanaffusdan so'ng, sun'iy intershumlar o'rnatilgan evropa maydonlariga chempionlar ligasi madhiyasi, ishqibozlar uchun bedor tunlar taklif etadigan evrokuboklar uchun kurashlar qaytmoqda!

.
- Yuklab olish

Uzoq muddatlik tanaffusdan so'ng, sun'iy intershumlar o'rnatilgan evropa maydonlariga chempionlar ligasi madhiyasi, ishqibozlar uchun bedor tunlar taklif etadigan evrokuboklar uchun kurashlar qaytmoqda!

Dastlab, nimchorak finalning chala qolgan hisob-kitoblari bo'lib o'tadi. Pandemiya xavf solmasa, katta ehtimol bilan ulardan biri Manchester va Turin shaharlarida kechishi kerak.

“Manchester Siti“ — “Real Madrid“

O'z "gallaktikos"ini qurishda bir muddat “tanaffus“ olgan Zidan, qaytganidan keyin ham ishini munosib yo'lga qo'yib oldi. Restartdan so'ng, 12 o'yindan 11 g'alaba va 1 durrang bilan, natijalarni ham asta-sekin tobiga keltiryapti. Maydon va uning tashqarisidagi tartib qo'lga olindi, o'yindagi mahsuldorlik tiklandi. Yangi kelganlar, etakchi futbolchilar jamoaning muhim mexanizmiga aylantirildi. Boshlanishiga premera chempionligi esa, ko'tarinkilik va pozitiv muhitni qaytardi.

Oldinda esa, chempionlar ligasi. Biroz mushkul bo'lsada, bu sovrin sira begona emaski, aynan Zidanning xizmatlari bilan ushbu kubokning ketma-ket yutilgan uchtasi oynaband quti ichida “Santyago Bernabeu“dagi muzey ko'rkiga ko'rk qo'shib turibdi. Tanaffusdan so'ng, madridliklar butunlay boshqa jamoaga aylangani rost, endi bu kuchni jiddiy bahsda ham namoyish eta olishi darkor. Lekin, jamoaning hozirgi ko'rinishga kelishida katta hajmda hissa qo'shgan Ramossiz! Ha, Zizu ispancha “korrido“ni eng yaxshi “matador“siz ko'rsatishga majbur. Bu qiyin bo'lishi tabiiy, boisi, “qaymoqranglilar“ ispaniyalik himoyachi ishtirok etmagan chempionlar ligasi doirasidagi, raqiblari( “Yuventus“, “Tsska“×2, “Ayaks“, “PSJ“)ga qarshi 5 ta uchrashuvda mag'lub bo'lishgan. Ammo, bosh murabbiyda “tarzan“ laqabli futbolchining o'rnini bosa oladigan nomlar etarli. G'alaba golini kiritishni niyat qilgan Eder Militaodan tashqari, Nacho Ernandes ham ushbu pozitsiyada o'zini qulay his etadigan futbolchilardan biri.

Umuman olganda, 1 ta to'p farqi qo'rqinchli emas va buni yo'qqa chiqarsa bo'ladi agar, Tibo Kurtua manchesterliklarga qarshi 9 o'yinlik quruq bo'lmagan seriyasini buzib, darvozasi dahlsizligini saqlab qolsa. Demakki, imkoniyat etarlicha saqlanib qolgani barobarida, hali hech narsa hal bo'lganicha yo'q. Qolaversa, raqiblar murabbiyi, fransiyalik mutaxassisning EChLdagi potensialini alohida e'tirof etganidan anglash mumkinki, “qirollik klubi“ ushbu turnirda har doim xavfli!

Joriy mavsum ichki chempionat titullaridan “taym out“ olgan “shaharliklar“ bor e'tiborini “qo'shquloq kubok“ka qaratgani barchaga ayon. Shu vajdan ham, ko'pchilik tomonidan favorit deb hisoblanayotgan klub bu yog'iga faqat g'alaba qozonishga majbur.

Garchi, restartdan keyingi 12 o'yinda, 9 marta zafar quchib, 3 marotaba imkoniyatni boy bergan holatlar ham bo'lgan bo'lsada, futbolchilar butun mavsum mobaynida umumiy ko'rsatgichlarda amaldagi chempionga monand o'yin namoyish etishdi. Turnir davomida eng ko'p(102 ta)gol urib, bu safar kumush medallar bilan qanoatlanishdi. Aslini olganda, “osmonranglilar“ni ham, maydon tashqarisidagi ulkan muammo qiynab kelayotgan edi. Bu ham bo'lsa, evrokuboklardan 2 yillik cheklov. Yaxshiki, bu boradagi ish “Sport Arbitraj“ sudi tomonidan Haldun al-Muborak rahbarligidagi jamoa foydasiga hal etildi va bu, joriy mavsumda ishtirokini davom ettirayotgan hamda yaqindagina “Valentsiya“dan ispaniyalik yosh, iqtidorli vinger Ferran Torres, “Bornmut“dan esa Niderlandiyalik tajribali himoyachi Natan Akeni harid qilgan jamoa vakillarining, keyingi mavsumlarda bekamiko'st ishtirok etishini ta'minladi. Ayni paytda esa, mavjud bosimni butkul olib tashlab, kubokka olib boruvchi yo'l uchun tuzilgan rejani xotirjamlik bilan amalga oshirish fursatini yaratdi. Madriddagi o'yindan so'ng ustunlik “shaharliklar“ tomonda. Raqibning oz bo'lsada ojiz tomoni, ko'plab xavfli hujumlarga turib berolmaydigan himoya zonasi ekanligini tushunib harakat qilinsaku xo'p-xo'p. Ammo, mana shunday hujumlarni golga aylantira oladigan, klubning eng yaxshi to'purari Serxio Aguero “Etihad“da kechadigan o'yinda sheriklariga yordam bera olmaydi-da. Demak, “kemachilar“ning ham muhim “eshkagi“ soz holatda emas.

Shunday bo'lsada, Pep Gvardiola maydonda argentinalik hujumchisiz qolishdan fojea yasaydiganlar xilidan emasligini ortda qolgan o'yinlar ko'rsatib berdi. Tarkibdagi ishlar ham maromida. Hatto, diskvalifikatsiyasi bor Benjamin Mendi ham, UEFAning umumiy qaroriga ko'ra, sariq kartochkasidan ozod etilganidan sung o'z xizmatlarini taklif eta oladi. Endi, ispaniyalik mutaxassis barcha imkoniyatlarini ishga solib, joriy futbol mavsumida o'zining ilk, Evropaning esa eng salmoqli titulini yutushgacha bo'lgan qadamida davom etish uchun imkoniyatdan samarali foydalanish kerak.

Hozirgi holatda, tomonlarning kuchi va darajasi bir necha yil avvalgidan biroz farq qiladi.
Nega? Jamoalar EChL doirasida 2012 yildan buyon jami 5 marotaba to'qnash kelishgan bo'lib, shundan 2 tasida madridliklarning qo'li baland kelgan, 1 tasida esa “Man Siti“ zafar quchgan, 2 uchrashuv(guruh bosqichida) durang bilan yakunlangan.

Qur'a natijasi bu to'qnashuvni yuzaga keltirgan daqiqadanoq, bu o'yin eng markaziy uchrashuv deya e'tirof etilgan. Muxlislar esa, tez orada so'nggi 5 yilda birgalikda umumiy 21 ta kubok yutgan TOP murabbiylarning kuchli jamoalari o'rtasidagi super o'yinga va kutilgan yakunga guvoh bo'lishadi!

“Yuventus — “Lion“

Nimchorak finalning birinchi juftlik, ikkinchi tomonida ham, muxlislarni ancha qiziqarli o'yin kutib turgani shubhasiz.

Bir tarafda, kutilmaganda mag'lub etilgan “Yuventus“ bo'lsa, ikkinchisida, mag'lub etgan “Lion“.
Italiya jamoasi ushbu mavsum umuman o'ziga o'xshamadi.

Restardan so'ng, barcha musobaqalarda 14 o'yin o'tkazib, 7 tasida g'olib chiqdi, 2 tasida durrang qayd etdi va qolgan 5 uchrashuvda mag'lubiyatga uchradi. Bunga yagona sababchi qilib Mouritsio Sarri ko'rsatilmoqda.

Avvalo, daraja keyin, uslub va mavqey jihatdan “zebralar“ga mos kelmadi deya aytilayotgan italiyalik mutaxassis chindan ham, garchi sovrin yutgan bo'lsada, faoliyatidagi eng yomon mavsumlardan birini o'tkazgan bo'lsa ne ajab. Ichki chempionatidagi ishonchsiz o'yinlar, vaqtida kerakli bo'lgan ochkolarning yo'qotilishi, mamlakat kubogining amalmi tarzda boy berilishi va aslida ungacha bo'lgan yo'l... Axir, qayd etilgan natijalarning o'zi shundan “so'zlayaptiku“
Ustiga ustak, yangi mavsumda haqiqiy raqobatchi bo'lishi kutilgan “Inter“, “Napoli“ yoki “Latsio“lar emas aksincha, ayni paytdagi aynan “Yuve“ darajasidan pastroq bo'lgan, “Sasuolo“, “Kalyari“, “Udineziya“ kabi jamoalar “Yuve“ga ko'proq aziyat etkazdi.

Sarri omadli murabbiy ekanki, uning chempion bo'lishiga, muhim pallada boshqalar “qo'l qoqishdi“. Agar birgina, “xavotirli chempionlik“ ham bo'lmaganida, balki Andrea Agnelli rahbarligidagi jamoa EChL payti kelib, maydonga boshqa murabbiy boshchiligida tushib kelarmidi, ehtimol. Darvoqe, nega xavotirli chunki, turinliklar so'nggi 10 yil ichida ilk marotaba o'zi va yaqin ta'qibchisi o'rtasidagi 1 ochkolik farq evaziga kubokni boshi uzra baland ko'tardi. Shu o'rinda, to'plangan 83 ochko yuqorida keltirilgan yillar ichida jamg'arilgan eng kami sifatida ham statistikaga muxrlandi.

Harchand mashaqqatli g'oliblikdan so'ng, bosh murabbiy oldidagi yana bir “missiya“ga navbat etdi.
Fransuz klubi bilan dastlabki o'yindan so'ng, xulosa chiqarish va yo'l qo'yilgan xatoni to'g'rilash uchun, unda keragidan ortiqroq vaqt bo'ldi.

Bir dovondan oshib, elkasidagi yuk ham biroz engilladi. Demak, hozir ayni vaqti. Agar, Sarri o'zi va unga “tish qayrayotganlar“ uchun “A seriya“ni yutgan bo'lsa, endi tarkibida Dibala-yu Ronaldusi bo'lgan “Keksa senore“ uchun EChL bosh sovrinini qo'lga kiritishga harakat qilishi darkor. Shundagina, u keyingi yillardagi safarini “Yuventus“ning murabbiylik kursisiga mahkam o'rnashib olib, o'tkazishi mumkin. Aks holda, katta ehtimol bilan faoliyatidagi 3 sovrinini boshqa jamoa bilan yutishga harakat qilib ko'radi.

Sarrining omadli ekanligiki, raqib ko'p muddat maydon va to'pdan ayro qolishga majbur bo'lgan “Lion“. Aytish mumkinki, majburiy tanaffus va “Liga1“ bahslarining muddatidan avval yakunlanishidan, hammadan ham “Lion“ ko'proq jabrdiydaga aylandi. Chunki, ushbu fransuz jamoasi 1997-98 yilgi mavsumdan buyon ilk marotaba turnir jadvalini, o'zi uchun munosib bo'lmagan 7 pog'onada yakunladi va 23 yil deganda birinchi marta 2020-2021 yilgi mavsum, evrokuboklar uchun kurash zonasiga kirmadi. Hozirgi holatda, Rudi Garsiya shogirdlarining xayoli bunda emasdir, balki. Chunki, oldinda juda muhim o'yin kutib turibdi.

O'yinga tayyorgarlik borasida turinliklardaku gap-so'z bo'lishi mumkin emas. Lekin “Lion“ bu borada raqiblariga qaraganda, ortda qolganini hamma tushunib turibdi. Shuning uchun ham, klub etakchilaridan biri Memfis Depay yaqinda bergan intervyusida shu masalada biroz "o'rtandi". Xossatan, tarkibdagi barcha futbolchilar futbolga chanqoq bo'lib turishgani, hatto, ko'plab g'ayratli va ishtiyoqmand yoshlar ham jamoaning g'alabasiga hissa qo'shish istagida ekanligini ta'kidladi.

Umuman olganda ham, jamoaning jismoniy tayyorgarligi ancha qoniqarli va umumiy holati bir muncha barqaror ekanligi, “PSJ“ bilan kechgan, Fransiya “Liga kubogi“ finalida, 120 daqiqa mobaynida raqiblariga etarlicha qarshilik ko'rsatgan holda, tengma-teng o'yin namoyish etib, penaltilar seriyasidagina mag'lub bo'lganida ko'zga tashlandi.

Ushbu finalgacha esa, lionliklar Fransiya, Belgiya va Shotlandiya klublariga qarshi jami 5 ta nazorat-o'rtoqlik uchrashuvini o'tkazib, shulardan 4 tasida g'alaba qozonib, yaxshi natija qayd etishdi. Bundan ko'rinib turibdiki, Turin shahrida o'tadigan bahs mezbonlar uchun o'ylanganidek oson kechmaydi. Tomonlar o'rtasidagi o'zaro o'yinlarga nazar tashlaydigan bo'lsak, ustunlik kim tarafda ekanligini ko'rish mumkin. Ular 2014 yildan buyon, ham EChL, ham EL da umumiy 5 marotaba ro'baru kelishgan bo'lib, shundan 3 tasida turinliklarning qo'li baland kelgan, bor yo'g'i 1 o'yinda fransuzlar zafar quchishgan. 1 o'yinda esa jamoalar murosa ko'chasini tanlashgan!
Ko'pchilik, “Allianz Stadium“da bo'lib o'tadigan bahsga allaqachon hukm o'qib qo'ygan bo'lsada, Rudi Garsiya qo'l ostidagi jamoaning, Italiya chempionidan Portugaliya chiptasini tortib olish uchun kechadigan bahsni kuzatish ancha qiziqarli.

Dadajon Foziljonov

BestMaster
7 Avgust 2020, 01:00
qaytmoqda, “matador“siz, qolgan, zidan, sarrida, yana, “missiya“,
Ulashish
Yangilik yoqdimi? Do'stlaringiz bilan ulashing:
Fikr bildirish
Hali hech kim izoh qoldirmagan. Birinchi bo`lib izoh qoldiring :)!!
Fikr qoldirish uchun Ro`yxatdan o`tish lozim!!!
Online
© UzFIFA Group© RealFC.NET - 2017
iks
ads