Marca'ning xabariga ko'ra, "Real" rahbariyati o'yinchilarning sotuvi orqali 180 million evro ishlab olmoqchi. Bundan tashqari klub bungacha Xavi Sanches ("Valyadolid") va Ashraf Xakimi ("Inter")ning transferidan 43,5 million evro ishladi.
"Real" Garet Beyl, Xames Rodriges, Luka Yovich, Oskar Rodriges, Dani Sebalos, Xesus Valexo, Mariano Dias, Serxio Regilon va Braim Diaslar bilan xayrlashmoqchi.
"Real" Beylni tekinga qo'yib yuborishni rejalashtirmayapti. Ammo, "Real"ga o'yinchi uchun ikki mavsum davomida 60 million evro to'lash ham to'g'ri kelmaydi. Klub rahbariyati Beylni sifatli futbolchi deb biladi, ammo ular "Real" bosh murabbiyi Zinedin Zidanning uni jamoada ko'rmayotganini bilishadi.
Xames "Benfika"ga o'tishi mumkin, uning agenti Jorje Mendeshning klub bilan munosabatlari yaxshi. Kolumbiyalik juda katta maosh oladi, ammo u Zidan qo'l ostida maydonga tushmasligini biladi va yangi klub qidirmoqda. SHuningdek, Xames o'tgan yozda "Atletiko"ga o'ta olmagandi va bu joriy yozda amalga oshishi ham mumkin.
"Real" Yovichning iqtidorini qadrlaydi, shu sabab uni ijaraga berib yuboradi. Oldinroq, unga "Milan", "Gerta" va "Monako" qiziqayotganligi aytilgan edi.
Klub "Leganes"da yorqin o'yinlar ko'rsatgan Oskar Rodrigesni 20 million evro evaziga sotishga tayyor. Unga "Vilyarreal" va "Milan" klublari qiziqmoqda.
Sebalos ham Zidan bilan ishlay olmasligini biladi va shu sabab o'zi ijarada o'ynayotgan "Arsenal"da qolmoqchi. Valexoning esa boshlang'ich narxi - 15 million evro, unga "Granada" qiziqmoqda.
"Real" Regilon uchun 20 million evro atrofida mablag' olmoqchi. "Sevilya" uni sotib olmoqchi. "Real"dan shuningdek Xorxe de Frutos va Dani Gomes ketadi. Klub ularning har biri uchun 10 million evrodan so'ramoqda.
Eslatib o'tamiz, "Barselona" ham tarkibda katta tozalash ishlariga tayyorlanmoqda. Kataloniyaliklar 12 futbolchisini sotib yubormoqchi.