«Barselona» hujumchisi Luis Suares joriy mavsumda "Real" chempion bo'lishini tan oldi.
«Ochig'ini aytsam, endi La ligada g'olib chiqishning imkoniyati yo'q. «Sevilya»ga qarshi bahs ahvolimizni qiyinlashtirib qo'ydi. «Real»dan o'tib ketish uchun imkoniyatimiz bor edi, ammo «Selta»ga qarshi Vigodagi o'yin (2:2) chempionlik masalasini hal qilib qo'ydi. Agar «Selta»ni mag'lub etganimizda «Atletiko»ga qarshi uchrashuv (2:2) ancha oson bo'lardi. Vigoda so'nggi daqiqada gol o'tkazib yuborganimiz alamli bo'ldi. Endi biz bor e'tiborimizni Chempionlar ligasiga qaratamiz», — dedi Suares.
Ispaniya chempionati tugashiga 2 tur qolganida «Barselona» «Real»dan 4 ochko ortda qolmoqda. Madridliklar 16 iyul, payshanba kuni «Vilyarreal» ustidan g'alaba qozonishsa, muddatidan avval chempionlikni qo'lga kiritishadi.