«Real» darvozaboni Tibo Kurtua Ispaniya uchinchi divizioni vakili «Inter Madrid»ni sotib oldi.
Marca nashrining xabar qilishicha, «Betis» hujumchisi Borxa Iglesias ham «Inter» aktsioneriga aylangan. Bir necha hafta avval Kurtua va Iglesias DUX Gaming nomli kibersport tashkilotining egalariga aylangandi. Ta'kidlanishicha, Kurtua futbol va kibersport klubida konsultantlik qiladi.
Eslatib o'tamiz, koronavirus pandemiyasi davridagi tanaffus vaqtida belgiyalik futbolchi bir nechta kibersport musobaqalarida ishtirok etgan. Xususan, Kurtua F1 2019 simulyatorida Formula-1 poygachilari bilan kuch sinashgandi.
Shuningdek, Tibo mart oyi oxirida NBA 2K20 simulyatori bo'yicha turli sportchi va yulduzlar ishtirokida o'tkazilgan #NBATogether loyihasida qatnashdi.
Kurtua 2018 yilda «Chelsi»dan «Real» safiga o'tgandi. Uning madridliklar bilan amaldagi shartnomasi 2024 yilga qadar mo'ljallangan.