Assalomu alaykum, Mehmon!
Kirish Ro'yxatdan o'tish
" FUTBOL TV " yangiliklar !!
Cristiano Ronaldo Barcelonga o'tmoqchi....
Futbol Tv jonli efir !!!

Bugungi natija uchun ertasidan voz kechayotgan "Barselona"

Kike Seten "Real Madrid" hali ochko yo'qotadi, bunga ishonaman deganda, ishlar bunday rivojlanishini eng qo'rqinchli tushida ham ko'rmagan bo'lsa kerak.

.
- Yuklab olish

Bir necha kun oldin shunday degan Kikening o'zi, "Madrid" ochko yo'qotgunga qadar, ishsiz qolmasmikin degan savol dolzarb bo'lib qolmoqda. Ammo asosiy masala bunda ham emas, nazarimda. Seten kelgandayoq agar omadi kelib, "ketmoni uchib qolsagina" uzoq ushlanib qolishi taxmin qilingandi. Yangi murabbiy topiladi, hozirgi "Barselona"ning asosiy muammosi murabbiy istefosi bilan hal bo'lmaydi. 

Bugungi uchrashuv hammamizga hozirgi "Barselona"ning ijobiy va salbiy jihatlarini yana bir bor yaqqol ko'rsatib berdi. Etibor bering, birinchi marta emas, yana bir bor! Qizig'i, aksariyat muxlislar anti-futbol ko'rsatib "Barselona"ni 3 ochkodan ayirdi deydigan "matraschilar" o'yinni yutib ketishlari ham mumkin edi. "Atletiko" va CHolo o'z imkoniyatlaridan kelib chiqib futbol o'ynaydi. Ularning usuli va qarashi boshqa, tarkibida Messi, De Bryuyne yoki Mbappe kabi futbolchisi yo'q. Axir, Superligamizning 3 ta o'yinida bir xil minimal 1:0 hisobida yutdi deb, AGMK klubiga ham kamroq ochko berilmadi-ku... Diego Simeone murabbiylik davrida "Atletiko" qanchadan-qancha darvozabon va hujumchilarni hali tanilib ulgurmay olib kelib, dunyoga tanitib sotib yubordi? Kam emas-a? Murabbiy bu rejimga shu qadar o'rganib qoldi chog'i, bitta transfer uchun klub tarixida bo'lmagan miqdorda katta pul ajratilganda biroz shoshib qoldi va o'sha paytda OAVda bot-bot tilga olinayotgan yosh, iqtidorli portugaliyalikni olib qo'ya qoldi. Joao Felish Madrid jamoasi uslubiga qanchalik mos kelishi haqida o'ylab ko'rishga klubdagilarning vaqti bo'lmadi chog'i. Aytmoqchi bo'lganim, "Atletiko" kuchli raqiblarga qarshi, qiyin vaziyatda turganida chiroyli futbolni o'ylamaydi va bu narsa qator futbolchilar jamoani tark etsa ham o'zgarmadi. Har kim maqsadiga turli yo'l bilan etishadi. 

Asosiy mavzu - "Barselona"ga qaytsak. O'yinni ko'rgan muxlislar aytsin, 67% vaqt davomida to'pga egalik qilgan "Barselona"ning chinakamiga yaqqol xavfli vaziyatlari nechta bo'ldi? "Selta" bilan o'yinda 2:1 hisobida oldinda borib, uchrashuv oxirida gol o'tkazib yuborgan "Barselona" futbolchilari hayolida bu ish "Atletiko" bilan ham sodir bo'lishi mumkinligi va g'alaba uchun oradagi farqni ikkitaga oshirish zarurligi bo'lmagan deysizmi? Bo'lgan, ular buni istagandi, lekin qanday? Oxirgi paytlarda "Barselona" ayniqsa Messiga bog'lanib qoldi. Leoning ahamiyati shu qadar oshib ketganki, kelishmovchilik chiqsa, futbolchi emas murabbiylarga chiqish eshigi ko'rsatiladi. Jahon futbolida bunday holatlar kam uchraydi. To'g'ri, Messi takrorlanmas iqtidor sohibi, u jamoa uchun ko'p va salmoqli mehnat qilgan, o'ynab tursa, 40 yoshda ham maydonga tushirsa arziydi. Biroq bugungi "Barselona"ning eng zaif nuqtasi ham Leo Messi. U bo'lmaganda, "Barselona"ning holiga maymunlar yig'lardi deyishga shoshilmang. To'g'ri, Leo bo'lmasa, katta ehtimol bilan "Barselona" mushkul vaziyatga tushib qoladi, ammo Messi bor ekan Kataloniya klubining kelajagi nomalumligicha qolib ketyapti. 

Yaqin o'tmishda tarkibida Ronaldino, Eto`o, Eydur Gudonsen, Terri Anri, Lyudovik Jyuli va yana qator ajoyib futbolchilar harakat qilgan "Barselona"ni eslang... Futbol olamiga dadil qadamlar bilan kirib kelayotgan Messi o'shanda zo'r jamoaning yaxshi bir futbolchisi, vakili edi. O'sha paytlarda "Barselona" qanday o'ynaganini muxlislar yaxshi eslashadi, aynan o'sha davrda Ronaldinoga "Santyago Bernabeu"da tik turib qarsak chalishgan. Ana shu jamoada Messi ham noyob iqtidor sohibi ekanligini ko'rsata olardi, lekin shu bilan birga "Barselona" bir futbolchiga bu qadar bog'lanib qolmagandi. 

Kecha, o'yindan avval "Championat.asia"dagi hamkasbim, "Atletiko Madrid"ning chinakam muxlisi Alisher Ostonovga "matraschilar" odatdagidek himoyaviy tarkib bilan tushsa va Messiga o'yin berishmasa, kamida durangga erishishlarini aytgandim. To'g'ri, o'yin hech kim kutmagan scenariy ostida o'tdi, ammo mehmonlar raqibga o'ylash uchun vaqt va Messiga ortiqcha imkoniyat qoldirishmadi... Natijada, "Barselona" muxlislari birinchi bo'limda Messining uzoq to'qqizlikka aylanma zarba bilan yo'llagan, ammo biroz noaniq ketgan to'pni va "rikoshet" bo'lib Oblakni qiynagan jarima zarbasini afsus bilan eslashlari mumkin xolos. Boshqa vaziyat, boshqalarda rostmana zo'r vaziyat bo'lmadi. Restardan so'ng o'ta tig'iz taqvim elon qilingandayoq "Barsa"ga "Real"dan qiyinroq bo'lishini kutgandim. Sababi "qaymoqranglilar"da o'yin amaliyotiga ega futbolchilar ham, o'sha futbolchilar bilan ko'rsatish mumkin bo'lgan o'yin uslublari ham ko'proq. Tanlov shu qadar kengki, sog'ayib safga qaytgan Asensio avvalgi sport formasiga bemalol qaytib olishi uchun imkon berilmoqda. Agar Vinisius, Rodrigo va boshqalar bo'lmaganda, Marko restardan keyinoq o'yini chiqmasa ham asosiy tarkibda tushirilayotgan bo'lardi. 

Ketma-ket ECHLda g'alaba qozonganda ham ko'pchilik muxlislar jamoadan Ronaldu ketsa, "Real" anchagacha o'ziga kela olmasligini aytishgandi. Boshida chindan qiyin bo'ldi, CR7 urib beradigan ko'plab gollar muammosi hali ham to'liq bartaraf etilmadi, lekin "Real Madrid" o'ynashda hamda sovrinlar, natija uchun kurashishda davom etmoqda. Hayot to'xtab qolgani yo'q. To'g'ri, omadsiz transferlar ham bo'ldi, lekin xato qilishdan qo'rqib, harakat qilmasangiz, ko'zlagan niyatingizga eta olmasligingiz aniq. 

"Barselona" ham shu davrni boshdan o'tkazishi zarur va bu qanchalik tez bo'lsa, jamoa uchun shuncha yaxshi. Boshqalarda yo'q Leosi borligidayoq jamoa ertangi kun uchun poydevor yaratib olsa, yaxshiroq emas-mi? "Barselona" yana 2 ochko yo'qotdi va chempionlik poygasida endi o'zini juda mushkul vaziyatga solib qo'ydi. Biroq o'z kelajagi uchun bugun "Barsa" mag'lub bo'lgani yaxshiroqmidi, degan fikr o'tmoqda. 

CHunki birgina Messining mahorati evaziga klub qaergacha boradi? Yana ham to'g'rirog'i, argentinalik yana qancha vaqt "Barselona"ni bir o'zi oldinga etaklaydi? Leodan keyin "Barsa"da kim, nima qoladi? Ikki yilcha avval etiborga tushgan Rikki Puch mana endi asosiy jamoa o'yinlarida ko'rinish bermoqda. "Atletiko" bilan uchrashuvda yomon harakat qilmadi nazarimda. Agar shu yigitga o'tgan yildan bugungidek ishonch bildirilganda, hozir kataloniyaliklar markazda zo'r pleymeykerimiz bor deb yurarmidi?! Majburlikdan imkoniyat berilgan Ansu Fatini eslang. Imkon bersa "Barselona" zaxirasidagilar ham ochilib ketishi hech gap emas. Amalda esa klubga kelib, bor o'yini ham yo'qolib ketayotgan Dembele, Grizmann, Koutino kabilarni ko'ryapmiz. 

Kike Seten ketadi. Undan keyin keladigan murabbiy kim bo'lishi juda muhim. Asosiy masala, uni Messi murabbiy sifatida hurmat qilishi va u chinakamiga jamoaviy o'yin shakllantirishi, uni yoshartirishi kerak. Deyarli o'zgarmaydigan tarkib va Messi emas, argentinalik olg'a etaklaydigan kuchli futbolchilar jamoasi zarur!

Hozirgi "Barselona"da deyarli hammasi vaqtincha. Klub prezidenti muddatining oxirgi yilini o'tkazmoqda, muxlislar kun sanashmoqda, murabbiyda ham shunga o'xshash vaziyat va endi etibor bering, mahoratli futbolchilar, lekin... Suares, Messi, Pike, Buskets, Alba, Rakitich, Vidal bari 30 yoshdan oshgan. Yangi mavsumda ularga Pyanich ham qo'shiladi, Grizmann 30 ga kiradi. SHunda ham o'zgarishlar davri kelmadi deysizmi?                  

Omonjon To'xtamirzaev

BestMaster
1 Iyul 2020, 11:00
bugungi, natija, uchun, ertasidan, kechayotgan, barselona,
Ulashish
Yangilik yoqdimi? Do'stlaringiz bilan ulashing:
Fikr bildirish
Hali hech kim izoh qoldirmagan. Birinchi bo`lib izoh qoldiring :)!!
Fikr qoldirish uchun Ro`yxatdan o`tish lozim!!!
Online
© UzFIFA Group© RealFC.NET - 2017
iks
ads