23 iyun kuni «Real» jamoasi ustozi Zayniddin Zidan 48ga kirdi. Ota-onasi jazoirlik muhojirlar bo'lgan yulduz haqida ko'p gapirganmiz. Bugun uning futboldagi sovrinlarini bir eslaylik, a?
Jahonning eng yaxshi futbolchisi (1998). Jahon (1998) va Evropa (2000) chempioni. Evropa Chempionlar Ligasi kubogi (1996, 2002), Superkubogi (1996) va qit'alararo kubok (1996) sohibi.
O'ynagan jamoalari: Frantsiyaning «Kann» (1986 — 92), «Bordo» (1992—96), Italiyaning «Yuventus» (1996—2001) va Ispaniyaning «Real» (2001 y. dan) klublari tarkibida o'ynadi. Italiya chempioni (1996, 1997).
Marsel ko'chalarida daydib ulg'aygan yulduzni buyuk qilgan ko'p ehtimol xarakteri. Mag'rur xarakteri. U futbolga boshqa o'lchovlarni ulashgani bilan-da ajralib turadi. Tashqi ko'rinishi yulduzlarga xos bo'lmagan, raqam tanlamagan, intervyuni xush ko'rmagan, g'alabadan so'ng sarmast bo'lmagan, doimo bir xil tura olgan. Bu oson ish emas. Ayniqsa, muxlislarning yoqimtoyi darajasiga chiqqanlarga.
Zidanni 10-raqamlilar ichida yuqori o'rinlarga qo'ygan edik bir. Taajjub uyg'otar balki, ammo raqamga umuman e'tibor bermaydigan, klub omborxonasida qaysi raqam bo'sh bo'lsa kiyib ketaveradigan Zidan terma jamoasi tarkibida 10-raqamda porlagan. Uning “Yuventus”dagi 21i ham, “Real”dagi 5i ham mashhur, biroq Zayniddin bor muvaffaqiyatlarini biz hikoya qilayotgan bobda nishonlagan.
Zidan Platini boshlab bergan Frantsiya futbolidagi uyg'onishni inqilob darajasiga olib chiqdi. Asr boshlarida bu yurt futboliga qarshi turib bera oladigan jamoa er yuzida qolmagandi. Chunki uning tarkibida qo'rqinchli Zizu bor edi. Buyuk futbolchi vatani sharafini shu qadar munosib himoya qildiki, uning oxirgi o'yinidagi xurmacha qilig'i ham kechirib yuborildi. Darvoqe, o'sha kuni Zidan qaysi raqamda edi?!
Zayniddin yaxshi futbolchidan yaxshi murabbiy chiqishini ham isbotladi. “Real” bilan uch yil sodir etgan voqeasi futbolchiligiga ham orzudir. Hammaga orzu. Lekin oddiy holdek kuzatib turishlari ko'pchilikni ajablantiradi. Axir, u maydondayoq daho edi, undan tashqarida ham shunday qola oldi. Kruif va Bekkenbauer yo'lidan ketdi. Ajoyib!
Xayrulla Hamidov