Stadion.uzfutbol olamini zabt etgan futbolchilarning otalari bilan yaqindan tanishtirib o'tadi.
Sportda metin irodasiz jiddiy natijaga erishib bo'lmasligi hech kimga sir emas. Ayniqsa, futbol singari jamoaviy o'yinda iroda juda katta rol o'ynaydi. Bolalarning yoshlik chog'idanoq irodali qilib tarbiyalash birinchi navbatda otalarning zimmasiga tushadi. Xo'sh, biz bilgan futbol afsonalarining otalari kim bo'lgan va ularning o'g'illari faoliyatiga ta'siri qanday? Bugun ushbu mavzuda fikr almashamiz.
Don Diego Maradona
Kasbi – zavod ishchisi
O'g'li – Diego Armando Maradona
Don Diego Argentinaning kichik shaharchalaridan (Eskino) birida tavallud topgan. Yashash tarzini yaxshilash maqsadida bir yo'la 3 ta kasb bilan shug'ullanishga majbur bo'lgan. Maradonalarning kattasi nafaqat zavod ishchisi, balki tosh konida hammol bo'lib ham pul topgan. Bundan tashqari, uni dam olish kunlari turli paromlarda qirg'oqdan odam tashiyotganini ko'rganlar ham bor. Uning turmush o'rtog'i Dalma uy bekasi bo'lib, 3 o'g'il va 5 qizningtarbiyasi bilan shug'ullangan. Diego oilaning hisob bo'yicha 5 farzandi sanaladi. Aslida, Diegoga birinchi bo'lib to'p sovg'a qilgan akasi bo'lishiga qaramay, u bilan muomalada bo'lishni ilk bor otasidan o'rgangan. Keyinchalik, Don Diego o'g'lidagi iqtidorni payqab qolgach, oila byujetidan katta summa ajratishga qaror qiladi. Diego Armando Maradonani futbol maktabiga topshirish uchun. E'tiborlisi shundaki, oila qashshoq hayot kechirgan bo'lsada, o'g'lining birorta o'yinini o'tkazib yubormagan. Ular bo'lajak futbol qirolining hech kimdam kam bo'lmasligi uchun pul tejashar, imkon bo'lishi bilan egulik, kiyim bosh bilan uni ta'minlash ilinjida bo'lishgan.
Afsonaviy futbolchining aytishicha, uning yoshlik chog'ida eng asl muxlisi otasi bo'lgan ekan. Hatto uni Peledan ham o'zib ketishini bashorat qilgan ekan. Keyinchalik, Diego katta summadagi shartnomalarga qo'l qo'ygach ham otasi uning o'yinlarini o'tkazib yubormaslikka harakat qiladi. E'tiborlisi shundaki, Don Diego o'g'lining Meksika mezbonlik qilgan JChda Angliya darvozasiga kiritgan ikkita golini ham stadiondan turib tomosha qilgan. Futbolchi otasining so'nggi kunlariga qadar u bilan birga bo'ldi. Futbol olamiga Diego Armando Maradonani taqdim qilgan inson 2015-yilning 4-iyunsanasida 87 yoshida yurak hurujidan vafot edi.
Ismoil Zidan
Kasbi – quruvchi, hunarmand
O'g'li – Zayniddin Yazid Zidan
Ismoil Zidan Jazoirda dunyoga kelgan. Aynan o'sha yili mamlakatda mustaqillik uchun kurash boshlangani bois, bolakay juda qiyin sharoitda ulg'ayadi. 17 yoshga to'lgach, oilasiga yordam berish maqsadida Frantsiyaga ko'chib ketishga majbur bo'ladi. Ahvol og'ir, oila katta, egulik tanqis. Barchasini to'g'ri baholagan Ismoil 1953 yilda Parij shahridagi qurilish kompaniyalaridan birga qora ishchi sifatida joylashadi. 1962-yilda Jazoir o'z mustaqilligini e'lon qilgach, ortga qaytishga qaror qiladi. Ketish uchun chipta ham sotib olgan Ismoil Zidan yo'l oldidan Marseldagi qarindoshlarini ziyorat qilib chiqishga qaror qiladi. U mehmon sifatida tashrif buyurgan xonadonida Malikani uchratadi. Yoshlar bir-birga ko'ngil qo'ygach, Zidanning bo'lajak otasi qaytib ketish fikridan voz kechadi. 6 oydan so'ng, Malika va Ismoil Parijda turmush qurishadi. Ular 5 farzandni dunyoga keltirishadi. Zayniddin Zidan ularning eng kichigi bo'lsa-da, mashhurlik bobida aka-opalaridan ancha ilgarilab ketgan.
Oila Marselda istiqomat qilgani bois, Ismoil sutkada 18 soatlab ishlashga majbur bo'ladi. Oziq-ovqat do'konida sotuvchi, Marsel portida yuk tashuvchi bo'lsada oila ro'zg'orini tebratadi. E'tiborlisi shundaki, ular istiqomat qilgan tuman jinoyatchilar bilan to'lib-toshganiga qaramay, Ismoil farzandlariga to'g'ri tarbiya berishni uddalagan. U kichik o'g'li Zayniddin Yazin Zidanni avvaliga dzyudo bilan shug'ullanishini istagan, biroq yakunda futbolchi bo'lishiga ruxsat beradi. Aynan shu inson futbol olamidagi eng mashhur shaxslardan birini katta hayotga olib kirgan ota sanaladi.
Shafiq Ibrahimovich
Kasbi – qorovul
O'g'li – Zlatan Ibrahimovich
Zlatan Shvettsiyaning eng xavfli tumanlaridan biri sanaluvchi Rusengordda dunyoga kelgan. Uning otasi Shafiq bosniyalik bo'lib, onasi Yurka Xorvatiya fuqarosi edi. Ular Bolqondagi urushdan qochib Shvetsiyagako'chib kelgan,shu erda tanishib qolib,turmush qurgan edi. Afsuski, bu turmush uzoqqa bormaydi. 2 yildan so'ng, tomonlar ajrim qog'oziga imzo chekishadi. Kichik Ibra onasi bilan qoladi va keyinchalik bunga qattiq afsus chekadi. Sababi, Yurka ko'p o'tmay boshqa turmush qiladi. Bu esa, Zlatanning o'gay ota qo'lida qolishiga sabab bo'ladi. Futbolchining o'zi aynan shu omil uning xarakterida aks etishini ko'p bor ta'kidlab o'tgan. Yosh Zlatan negadir onasidan ko'ra otasiga yaqinroq ekanligini his etadi va o'spirinlik chog'idayoq Shafiq Ibrahimovich bilan aloqa o'rnatadi.
Vaqt o'tishi bilan, otasidan tez-tez xabar olib turishni kanda qilmagan o'g'il, uning muzlatgichini to'ldirishni sira unutmagan. Shafiq esa, Bolqondagi urushlarda qatnashgani bois, ruhan ezilgan, insonlardan qochishga urinuvchi yopiqshaxs edi. U yoshi kattalashgani sayin, ko'p ichishni odat qilib oladi. Zlatan har safar otasidan xabar olgani kelganida, u g'irt mastahvolda uni qarshi olar edi. Yosh futbolchi dadasi uchun olib kelgan eguliklarni oshxonaga joylashtirgach, uyni tartibga keltirishga tushib ketar, kechgacha dadasi bilan mashg'ul bo'lar edi. Ana shunday kunlarning birida, 14 yoshli Zlatanning o'yininiko'rish maqsadida Shafiq stadionga tashrif buyuradi. O'sha daqiqlarda Zlatan o'zini ettinchi osmonda yurgandek his etgan bo'lsa, ajab emas. Ko'p o'tmay, Shafiq o'g'liga mehr qo'yadi va uning o'yinlarini kuzatib boradi. Hatto “Malmyo” bilan tuzilgan shartnomada o'g'li bilan elkama-elka turadi. Otasining familiyasidan voz kechgan o'g'il, ko'p o'tmay futbolkasi ortidagi Zlatan ismini Ibrahimovichga o'zgartirib qo'yadi. Bugungi kunda ham shvetsiyalik futbolchi Shafiq Ibrahimovichni qo'llab-quvvatlashda davom etmoqda. Hatto otasi uchun Shvetsiyaning eng boy kvartalidan villa sovg'a qilgan.
Xorxe Orasio Messi
Kasbi – zavod ishchisi, futbol agenti
O'g'li – Lionel Messi
Xorxe Messi 1958 yilda tavallud topgan bo'lib, yoshligida kelajagi porloq futbolchilar qatorida tilga olingan. “Nyuells Old Boys” futbolchisi bo'lsada, harbiy xizmatga yo'l olgani bois, o'z faoliyatini yo'lga qo'yish imkonini qo'ldan chiqarib yuboradi. Xizmatdan qaytgach, temir rudasini qayta ishlovchi va yana boshqa zavodlarni oddiy ishchi sifatida mehnat qilishni boshlaydi. Ko'p o'tmay Sali MariyaKuchitti bilan tanishib qoladi va ular ko'p o'tmay oila qurishadi. Messilar oilasida 4 farzand dunyoga keladi. Ularning eng kichigi 1987-yilda (Leo Messi) dunyoga kelgan bo'lib, aynan shu futbolchi otasining barcha ozrularini ro'yobga chiqaradi. Yosh Messi futbolni sevuvchi oilada katta bo'lgani bois, 6 yoshida otasi murabbiylik qilayotgan “Grandoli” klubida shug'ullanishni boshlaydi. Ko'p o'tmay uni “Nyuells Old Boys” akademiyasiga qabul qilishadi. Afsuski, kichik Leo 11 yoshga to'lganida sog'lig'idagi muammolar sababli klub undan voz kechadi. Taqdirning og'ir zarbasiga qaramay, Xorxe vaziyatdan chiqib ketish yo'llarini izlashga tushib ketadi va o'g'lini “Barselona” klubiga tavsiya qiladi. Kataloniya klubi uzoq muzokaralardan so'ng, kichik Messining barcha muolajalarini to'lab berishga rozi bo'ladi va Xorxe o'g'li bilan 2000-yilning 17 sentyabr sanasida Ispaniyaga uchib ketadi.
Messi 14 yoshga to'lgach, uning agenti sifatida otasi ish olib boradi. U o'g'lini turli tashqi omillardan himoya qilish maqsadida qo'lidan kelgan barcha yordamni ayamaydi. U bugungi kunga qadar Messining agentlaridan biri sanaladi. Ayni damda, Xorxe sayyoramizdagi eng boy otalardan biri bo'lib, hayotdan zavq olishda davom etmoqda.
Joze Dinish Aveyru
Kasbi – futbol jamoasi kotibi
O'g'li – Krishtianu Ronaldu Dush Santush Aveyru
Joze Dinish Aveyru 2005-yil 52 yoshida ichkilik sababli orttirib olingan jigar xastaligidan olamdan o'tgan. O'sha paytda, Ronaldu 20 yoshli yigitcha edi. Bu xabar unga etkazilganda, u JCh-2006 saralash uchrashuvida Rossiyaga qarshi maydonga chiqqan bo'lib, o'yindan so'ng ko'z yoshlarini tiya olmagan ko'pchilikning yodida...
Ronalduning otasi deganda barcha-barchaning ko'z oldiga ichkilikka ruju qo'ygan inson kelishi turgan gap. Afsuski, Jozening bu ahvolga tushishiga qaysidir ma'noda tashqi omilning ham ta'siri bor. 1974-yilda harbiy xizmatga chaqirilgan Joze Angolada xizmat vazifasini o'taydi. O'sha yillari, afrika davlatlari o'z mustaqilligi uchun kurash olib borayotgan bo'lib, Portugaliyaning ta'sir kuchi ancha zaiflashib qolgan edi. Portugaliya o'z askarlarini etarli sharoitlar bilan ta'minlay olmagach, askarlar vaziyatga moslashishga majbur bo'lishadi. Ichimlik suvi tanqisligi bois, harbiy xizmatdagilarning barchasi turli alkogol ichimliklarini iste'mol qilishni boshlaydi. Portugaliya uchun Afrikada istiqomat qilgan soldat ortga qaytgach, mamlakat uni ish bilan ta'minlashdan bosh tortadi. Hatto qo'shimcha nafaqa pulini ham to'lashni paysalga soladi. Shu sababli, shaharga moslashish jarayonijuda og'ir kechadi. Keyinchalik, Joze Dinish Aveyru “Andorinya” havaskor futbol klubi kotibi sifatida ishga kiradi. Ertasi kuni 6 yoshli Krishtianuni ushbu klubga olib keladi. Futbolchining onasi Doloros Aveyruning aytishicha, Joze deyarli har kuni ichar, biroq hech qachon farzandlariga qo'pol munosabatda bo'lmagan ekan. “U tunda kech kelishi, men bilan janjallashishi mumkin, biroq hech qachon farzandlariga ozor bermagan”.
Joze o'g'li futbol olamida dong taratishini ko'rmay turib 2005-yilning 7 sentyabr sanasida olamdan o'tadi. Futbolchi otasining ayanchli hayoti sababli yoshlik chog'idayoq tamaki va alkogoldan voz kechadi. U bugungi kunda sog'lom hayot tarzini targ'ib qiluvchi sayyoramizdagi eng mashhur insonlardan biri.
Yahyoxo'ja Ulug'xo'jaev