Ispaniya chempionatining 30-turida "Barselona" klubi safarda "Sevilya" bilan to'qnash kelib, durang (0:0) natija qayd etdi.
Natijada jadvalda "ko'k-anorranglilar" va "Real" o'rtasidagi farq 3 ochkoni tashkil qilmoqda. "Madrid" ertaga "Real Sosedad" mehmoni bo'ladi hamda Zidan jamoasi g'alaba qozonsa, ochkolar bo'yicha "Barsa" bilan tenglashib oladi.
Xo'sh, ochkolar teng bo'lib qolsa, qaysi jamoa ustunlikka ega bo'ladi? Bu haqda La liga reglamentida nima deyilgan?
Ikki yoki undan ko'p jamoalarning ochkolari teng bo'lib qolsa, ularning o'rinlari quyida tamoyillar asosida aniqlanadi:
1. O'zaro o'yinlarda qo'lga kiritilgan ochkolar;
2. O'zaro o'yinlardagi to'plar farqi;
3. Barcha o'yinlardagi to'plar farqi;
4. Barcha o'yinlarda urilgan gollar soni;
5. "Halol o'yin" qoidasi.
"Barselona" va "Real" jamoalari o'rtasidagi birinchi davradagi o'yinda hisob ochilmagan bo'lsa, "Santyago Bernabeu"da o'tkazilgan javob uchrashuvida "Qirollik klubi" 2:0 hisobida g'alaba qozondi. Demak, ochkolar teng bo'lib qolsa, ustunlik Zidan jamoasi tomonida bo'ladi.
Shu bois, restartdan keyin chempionlik masalasi taqdiri kataloniyaliklar tomonida bo'lgan bo'lsa, endi u "qaymoqranglilar" tomoniga o'tib ketdi.