Stadion.uz “Liverpul” amalga oshira olmagan mashhur transferlar bilan tanishtirib o'tadi.
Timo Verner “Liverpul”ga o'tishi deyarli aniq bo'lib ulgurgan bir pallada, “Chelsi” uni ilib ketdi. Bir qarashda odatiy xolat. Sababi, “Liverpul” o'z tarixida bir necha bor katta transferlarni qo'lidan chiqarib yuborgan klub. Bugun “mersisaydliklar”ning qo'lidan chiqib ketgan yulduzlar bilan qisqacha tanishtirib o'tamiz.
Nabil Fekir
2018-yilning boshida “Liverpul” transfer bozoriga ko'tarinki kayfiyatda kirib keldi. Alisson, Shakiri va Fabinolar uchun 170 million evro sarf etildi. Bu futbolchilar bilan birgalikda Nabil Fekir ham APLga ko'chib o'tishi lozim edi. Hatto klub matbuot hizmati futbolchi bilan ishlashni boshlab yuborgan, uning turli ko'rinishdagi suratlari transferni e'lon qilishga tayyorlab qo'yilgan edi. Afsuski, transferning so'nggi bosqichida barchasi barbod bo'ldi. “Liverpul” klubi shifokorlari bunda Fekirning surunkali tizza jaroxatini ortirib olganini vaj qilib ko'rsatishadi. Oradan ko'p o'tmay, frantsiyalik futbolchi barchasini rad etib chiqdi.
“Barchasi yolg'on. Tizzamda hech qanday muammo yo'q. Agar men jaroxatlarga moyil futbolchi bo'lganimda, “Lion” o'z tarkibida olib qolishga tirishgan bo'lmas edi. Ular nima uchun mendan voz kechishganidan xabarim yo'q. Shunchaki, barchasiga tizzam jaroxatga moyil ekanligini aytishdi. Bu shunchaki bahona xolos.”
Aslida, “Liverpul” Fekirdan voz kechishiga asosiy sabab Nabi Keytaning transferi ekanligi keyinroq ma'lum bo'ldi. Ayni damda, Fekir “Betis” jamoasida ishonchli o'yin namoyish etib kelmoqda.
Krishtianu Ronaldu
Ha o'z vaqtida Ronaldu ham “Liverpul” futbolchisi bo'lishi mumkin edi. Ronaldu, “Manchester Yunayted”ni emas, “Liverpul”ning afsonasi sifatida tarixga kiriga juda oz qolganidan xabaringiz bormi?
Bu haqida “Liverpul”ning sobiq bosh murabbiyi – Jerrar Uleo'z intervyularidan birida to'xtalib o'tgan edi.
“ Men uni ilk bor Tulon shahridagi musobaqada ko'rganman. Biz aynan uni kuzatish uchun musobaqaga tashrif buyurgan edik. Afsuski, o'sha davrlarda bizda futbolchilarning maoshi borasida limit mavjud edi. Shu sababli, biz unga u so'ragan maoshni to'lashga qodir emas edik. Keyinroq Aleks Fergusson uning o'yinini maydonda tomosha qildi va pullarni ayab o'tirmadi. Men esa, jamoamdagi futbolchilar o'z maoshlaridan shikoyat qilmasliklari uchun Ronaldudan voz kechgan edik”
“Sporting”dagi vunderkind bilan avvalia “Liverpul” aloqaga chiqqan va uning transfer qiymati bilan qiziqqan. O'sha davrlar uchun kichik bo'lmagan summani eshitgach, klub tavakkal qilishni istamagan va Ronalduni “qizil iblislar” ilib ketishgan.
Dani Alves
Sayyoramizning eng sovrindor futbolchisi ham bir paytlar “Liverpul” futbolchisiga aylanishi mumkinligidan xabaringiz bo'lmasa kerak. Ingliz klubi 2006 yildayoq Alvesnio'z safiga qo'shib olishi mumkin edi, biroq kichik muammolar sababli bu ish amalga oshmay qolgan ekan.
Bu haqida Dani 2017-yilda bergan intervyusida quyidagicha xotirlagan edi: “Yodimda bor barchasi ko'ngildagidek o'tdi. Ikki tomon ham bir-birga manzur keldi. Biz shartnomaga qo'l qo'yishimiz kerak bo'lgan kunda negadir ular mendan voz kechishdi. Buning sababi haqida ma'lumot ham berishgani yo'q.”
Oradan ikki yil o'tgach, Dani “Barselona” bilan shartnoma imzoladi va deyarli 10 yil mobaynida dunyoning eng kuchli qanot himoyachisi sifatida faoliyat olib bordi.
Diego Kosta
Suaresning “Barselona”ga o'tib ketishi “Liverpul” uchun muamolar tug'dirdi. Klub uning o'rnini egallashga qodir munosib variantlarni ko'rib chiqishni boshlab yuboradi. Birinchi o'rinda Diego Kostaning transferini amalga oshirishga qaror qilinadi. “Mersisayd”liklar Kosta uchun bir necha bor taklif yuborishganiga qaramay, ispaniyalik forvord APLga o'tishdan bosh tortadi. Oradan bir oy o'tib esa “Chelsi” bilan shartnoma imzolaydi. E'tiborlisi shundaki, Kosta London klubi safida 120 ta o'yinda maydonga tushdi va 58 bor raqib darvozalarini ishg'ol qildi. APLda chempionlikni qo'lga kiritdi va klub muxlislarining yoqimtoyiga aylandi.
Aleksis Sanches
2014-yilda “Liverpul”nit ark etgan Suaresning o'rnini klub Aleksis Sanches bilan to'ldirmoqchi bo'ladi. To'g'ri, hozir Sanches “Manchester Yunayted”ning asosiy bosh og'rig'i, lekin o'sha yillarda chililik futbolchi o'z ampluasidagi tengsizlardan biri edi. Ingliz nashrlarining ma'lum qilishicha, “Liverpul” Aleksis uchun “Arsenal”dan yaxshiroq taklif bilan chiqqan, biroq futbolchining o'zi Londonga ko'chib o'tishni avzal ko'radi. Keyinroq amalga oshmagan transfer haqida o'sha davrlardagi klub murabbiyi Brendon Rojers quyidagicha xotirlaydi: “Uni qo'ldan chiqarishimiz juda alamli bo'lgan edi. Achinarlisi shundaki, u dunyo darajasidagi ijrochi edi. Uning mehnatkashligi, texnikas va mehnatsevarligi istalgan klub uchun asqotadi.”
Bundan tashqari, o'sha yili “qizillar” Loik Remi bilan transferning so'nggi pallasida xayrlashib yuboradi.
Teddi Sheringem
Endi birozga ortga qaytamiz. 1995-yilda “Liverpul”ni boshqargan Roy Evens “Tottenhem” sharafini himoya qilayotgan Teddi Sheringemni o'z jamaosida ko'rishni juda istagan. Roy Teddining tajribasidan unumli foydalanish maqsadida jamoani 4-3-3 sxemasiga o'tkazishni niyat qilgan, va rahbariyat bu transfer o'zi uchun juda muhim ekanligini ma'lum qiladi.
“Menda Sheringemni qo'lga kiritish imkoni mavjud edi. Afsuski, bunga klub yurgazayotgan siyosat to'sqinlik qilib qolgan. Gap shundaki, “Liverpul”da 28 yoshdan katta futbolchilarni sotib olish uchun pul sarf etilmaydi. Menga esa, kuchli jamoa tuzishim uchun tajribali futbolchi kerak edi. Aynan shunday futbolchining atorofida yoshlarga suyangan jangovar jamoa tuzishni niyat qilgan edim.”
E'tiborlisi shundaki, Teddi keyinroq “Manchester Yunayted” safiga borib qo'shiladi va turli sovrinlarni boshi uzra ko'taradi. U butsalarini mixga ilganida 42 yoshda edi!
Nemanya Vidich
“Liveprul”ning azaliy raqibi– “Manchester Yunayted” afsonasiga aylangan yana bir futbolchi ro'yxatimizga yakun yasab beradi. Serbiyalik himoyachi “qizil iblislar”ni 3 yil davomida sardor sifatida maydonga olib tushganidan xabaringiz bor. Vaholanki, o'z vaqtida u “Liverpul”ning ajralmas bo'lagiga aylanishi mumkin edi. Bu haqida “Liverpul”ning tirik afsonasi Jeymi Karrager shunday fikr bildiradi.
“Rafael Benites uni “Manchester Yunayted”dan avvalroq sotib olishni istagan edi. 2006-yilning yanvar oyida klub Vidich bilan aloqaga chiqdi, biroq transfer omadsiz chiqdi. Bizning omadsizligimizda “Manchester Yunayted” juda unumli foydalanishga muvaffaq bo'ldi. Tan olish lozim, men u bilan himoya markazida juda kuchli tandemni hosil qilgan bo'lar edik.pn+