Stadion.uz “Liverpul” markaziy himoyasida Virjil Van Deyk bilan tandemda harakat qilishi mumkin bo'lgan himoyachilar bilan tanishtirib o'tadi.
Jo Gomes. Uzoqdan qidirishning nima keragi bor?
Virjil o'z intervyularidan birida, tandemda u bilan to'p surgan eng kuchli himoyachi sifatida Joni e'tirof etgan edi. Shuningdek,Matip ham Virjil bilan elkama-elka ajoyib harakat qildi, biroq 29 yoshli futbolchining super imkoniyat egasi emasligini barcha yaxshi anglab turibdi. Boz ustiga, orttirib olingan jarohat sababli u asosiy tarkibdan tushib qoldi. Jo esa, endigina 23 yoshni qarshi olgan kelajagi porloq himoyachi. Shunday bo'lsada, uning ikkinchi Terri yoki Ferdinand bo'lishiga hech kim kafolat bera olmaydi. APLda ingliz futbolchilarini “ko'tar-ko'tar” qilish allaqachon urfga kirib bo'lgan voqea. Jo ham Matip singari maydon markazida Virjil bilan yaxshi o'yin ko'rsatadi, biroq uning bir o'zi deyarli foydasiz himoyachi bo'lib qolishi mumkin. Ayniqsa, EChL doirasida “Atletiko”ga qarshi uchrashuv so'zimizga yaqqol isbot bo'la oladi.
Kalidu Kulibali. Ortiqcha sarf etilishi mumkin bo'lgan pullar!
Kulibali uchun boshqa klubga o'tishga biroz kech emasmi? Yaqindagina, De Laurentis klubni moliyaviy muammolar o'chog'idan olib chiqish maqsadida Kaliduni arzonroq narxda bo'lsada sotib yuborishga tayyorligi haqida ma'lumot paydo bo'lgan edi. “Napoli” shu yo'sinda Azmunni o'z safiga qo'shib olish va futbolchilarning maoshlarini to'lashni reja qilmoqda. “Liverpul” esa, Lovren+60 million evro evaziga Kaliduni Liverpulga ko'chirib olib kelmoqchi. Bu transfer bir qarashda “Liverpul”ni yangi darajaga olib chiqishi mumkindek ko'rinadi, biroq bu katta tavakkalga qo'l urish degani. Birinchidan, Kulibali yosh futbolchi emas. Unga yangi iqlim va yangicha o'yin uslubiga tayangan birinchilikka moslashishi uchun ko'p vaqt talab etiladi. Ikkinchidan, Kalidu Virjil singari markazning chap tomonidan joy olishga o'rgangan. To'g'ri, u Matip va Gomesdan ko'ra to'p uchun kurashlarda kuchliroq, biroq ikkita chapaqay markaziy himoyachi “Liverpul” uchun muammo tug'dirmaydi deb kim kafolat bera oladi? Zamonaviy futbolda markaziy himoyachining qaysi tomonda harakat qilishi ham katta rol ijro etayotgan bir paytda, 100 million evroga tavakkal qilish har qanday insonni o'ylantirib qo'yishi turgan gap.
Cheglar Suyunju. Kutilmagan tanlov!
“Lester”ning himoya qo'rg'oni bu mavsumda APLda barchanikidan kuchliroqdek taassurot uyg'otmoqda. “Aristokratlar”, “qizil iblislar”, “shporlar”, “kononirlar” bu borada “tulkilar”dan ancha ortda qolib ketishgani fakt. Klub mudofaasidagi favqulotda o'sish Cheglar Suyunju bilan bog'liq ekanligi aniq. Turk himoyachisi Maguayrning yo'qligini birorta “Lester” muxlisiga sezdirgani yo'q. Hatto uning o'zini ham hayratda qoldirayotgani rost. U Virjil bilan tandem hosil qilsa, bemalol markazdagi qora ishlarni bo'yniga olishga qodir. Yodingizda bo'lsa, Klopp “Borussiya Dortmund”ni boshqarayotgandavrda texnikasi kuchli Hummelsning oldida qora ishlarni bajarish uchun Subotichni tanlab olgan edi. Kloppdan so'ng, Subotichdan hech kim naf chiqara olgani yo'q. Serb markazdagi qora ishlarni bajarishda benazir bo'lgani uchun ham Hummels erkin to'p sura olgan. “Liverpul”da ham Cheglar Klopp uchun Subotichning vazifasini bajarib berishi mumkin. Afsuski, “tulkilar” turkning transferi uchun 50 million evro talab qilishmoqda. Bu summa klub rahbarlarini o'ylantirib qo'yishi turgan gap.
Rafael Varan. Uzoq masofani yoritishga qodir chiroq
Tan olish lozim, Rossiyadagi JChdan so'ng, Rafaning o'yini Serhio Ramosnikidan yaxshiroq chiqmoqda. Kurtuaning “quruq o'yinlari” zamirida ham himoyachining mehnatlari yotibdi. Ancha yillardan beri Varanning Madriddan APLga ko'chib o'tishi borasidagi mish-mishlar urchib kelmoqda. Ayniqsa, uning “Manchester Yunayted” bilan hatto muzokaralar olib borishgacha borgani barchaga ma'lum. Bir tasuvvur qiling, Varan va Virjil tandem “Liverpul” markazini tashkil etmoqda. Bu mersisaydliklar uchun chinakam “bomba” transfer bo'lishi hech gap emas. Varan 9 yildan beri “Real”ning asosiy himoyachisi bo'lishiga qaramay, endigina 27 yoshga chiqdi. Bu boshqa chempionatga o'tish uchun eng qulay palla. Bir qarashda ishonish qiyin bo'lgan transferdek tuyulmoqda. Shunday bo'lsada, Varanni Madridda ushlab qolish uchunaytarli sabab qolmagan. U qo'lga kiritish mumkin bo'lgan barcha sovrinlarga ega chiqib bo'ldi. Hatto JCh g'olibligini ham qo'lga kiritdi. Butsalarini mixga ilgunga qadar APLda o'zini sinab ko'rish istagani uni “qiynayotgani” aniq. Boz ustiga, “Liverpul” Kulibali uchun 90 million evro bermoqchi bo'lib turgan birpaytda, Varan uchun nega harakat qilib ko'rmasligi lozim?
Matteys De Ligt. Tanishlar tandemi
Ma'lumotlarga qaraganda, Klopp De Ligtni qo'lga kiritish maqsadida uning transferini sotib olishni “Liverpul”dan iltimos qilgan ekan. To'g'ri, Matteysni qo'lga kiritish oson bo'lmaydi, biroq uning o'yinini to'ldirib turuvchi Virjil bilan “Liverpul”da to'p surish himoyachiga ham qulayliklar yaratishi turgan gap. Terma jamoadagi sheriklar Angliyada ham kerakli natijani ko'rsatishga qodir. Hozircha, bu transferning amalga oshishi borasida muammolar ko'p.Sababi, yosh himoyachi nimalarga qodir ekanligini isbotlab qo'yish uchun ham yana kamida bir mavsum Turinda qolishni reja qilmqoda. Yaqindagina Yap Stamvatandoshi “Liverpul”ning o'yin uslubiga “Yuventus”nikidan ko'ra ko'proqmost tushishi haqida gapirgan edi. Agar Kalidu uchun kurashga qo'shiladiganbyudjetga ega jamoaning rahbari bo'lsangiz, nahotki undan yoshroq va kelajagi porloq De Ligtni o'z jamoangizga qo'shib olishga harakat qilmaysiz? Albatta, bu transfer kamida 80 millionga aylanishi mumkin, lekin Matteys 10 yil davomida markazni yopib yurishga qodir himoyachi. Buni yoddan chiqarmaslik lozim.
Diego Karlos. Mavsum kashfiyoti.
Bugungi ro'yxatimizdagi himoyachilarning transfer narxi o'ylantirib qo'yishi turgan gap. Shunga qaramay, braziliyalik himoyachi uchun “Liverpul” katta summa to'lashi talab etilmaydi. U allaqachon 27 yoshni “urib qo'ygan”. “Sevilya” o'z himoyachisini “Nant”dan atigi 15 million evroga sotib olgan bois, 80 million evro hech kimdan talab qilmaydi. Andalusiyaliklarni 30-40 million evro atrofida “rozi qilish” mumkin. Tan olish lozim, Karlos “Liverpul” tarkibidagi Matip va Gomesdan ancha chaqqonroq va jismonan baquvvat himoyachi. Tezkorlik bobida ham ulardan bir qadam oldinda. Boz ustiga, u Braziliyadan. Bu Alisson bilan tezda til topishib ketishga ko'mak beradi. Kipper va himoyachining yaxshi aloqada bo'lishi maydonda ham o'z ta'sirini ko'rsatmay qolmaydi. Eng muhimi, bugungi ro'yxatimizdagi yigitlardan farqli o'laroq, Karlos o'z faoliyati davomida top jamoalarda harakat qilmagan. “Liverpul” unga qo'shimcha motivatsiyaberishi turgan gap. To'g'ri, futbolchini “klass” borasida sinovdan o'ta oladi deb bo'lmaydi, biroq bu tanlov ham tashqaridan juda qiziq ko'rinmoqda. Barchasini vaqt hal etadi.
Yahyoxo'ja Ulug'xo'jaev