"Real" "Shalke"ning uelslik yarimhimoyachisi Rabbi Matondoga qiziqish bildirmoqda, deb xabar beradi OK Diario.
Nashrning yozishicha, "qirollik klubi" yozgi transfer oynasida futbolchini sotib olish variantini ko'rib chiqmoqda. Uelslik iqtidorning shartnomasidagi tovon puli 60 million evroni tashkil qiladi, ammo "Real" bunday pulni to'lashga tayyor emas.
Oldinroq, Matondoga "Manchester Yunayted" qiziqayotgani haqida xabar berilgandi. Futbolchiga, shuningdek, "Bavariya", "Liverpul" va "Arsenal" ham da'vogar.
Ushbu mavsumda 19 yoshli Matondo barcha musobaqalarda "Shalke" safida 16 o'yinda maydonga tushib, bitta golli uzatmani amalga oshirdi. Uning klub bilan shartnomasi 2023 yilning yozigacha amal qiladi.