20 may Iker Kasilyasning tavallud kuni. 1981 yili Madrid chekkasida tug'ilgan. Asr avvali qirollik klubi Del Boske boshchiligida finalga chiqdi va “Valensiya”ga qarshi uchrashuvda jarohat olgan Bodo Illgner o'rniga yoshgina yigitchani tushirishga majbur bo'ldi. 19 yoshli Kasilyas. O'shanda hamma Realning 3:0 hisobida engganini, Raulning oxirgi golni yayov yurib borib urganini eslaydi. Ammo dastlabki daqiqada valensiyaliklarning shturmlarini bartaraf etgan qahramonimiz yoddan ko'tariladi. Doim.
Ha, turnirlar yutib olinganda, qahramonlar gol mualliflari tomonidan izlanadi. Bu to'g'ri, ammo posbonlarni ham unutmaslik kerakki, ko'proq yumush ularning zimmasida bo'lgan bo'ladi.
Yana bir misol. Kasilya 21 yoshda. 2002 yilgi EChL finali. O'sha mavsum sport formasini yo'qotgan Iker asosiy tarkibidagi o'rnini Sanches Sesarga topshirib qo'ygan lahzalar. Shunday bo'lsada 2001/2002 yilgi “Bayer”ga qarshi EChL final bosqichida Iker asosiy tarkibdagi o'rnini qariya darvozabondan tortib olgan. Kasilyas ushbu o'yinda bir necha bor ajoyib seyvlarni amalga oshirib o'z darvozasidan bor yo'g'i bir marotaba gol o'tkazib yuborgan. Real”ning 2:1 hisobida g'alabasida hamma Zidanning afsonaviy golini eslaydi, Raulning to'pni yumalatib yuborganini eslaydi, biroq so'nggi daqiqalarda superseylar amalga oshirib, o'z darvozasidan to'p olib chiqishni istamagan va uddasidan chiqqan Kasilesni yana unutib qo'yadilar.
Hatto 2011/2012 yilgi mavsum EChL musobaqasida “Real” yarim finalga qadar etib borgani va unda Myunxenning “Bavariya” klubiga penaltilar seriyasida engilganini eslaganimizda ham Kaka, Ronaldu va Serxio Ramosning penaltidan foydalana olmagani ko'z oldimizga keladiyu, Kasilyasning bir darvozabon qilishi mumkin bo'lgan katta ishni – ikki penaltini bartaraf etganini unutib qo'yamiz.
Realdaku Iker bearmon edi. Baribir. Kuchli klub va ko'p sovrinlar yutishi turgan gap. Ammo Ispaniya terma jamoasining oltin davri aynan uning elkasida tetapoya bo'lganini yana unutamiz va boshqa qahramonlarni eslayveramiz. 2008 yilgi Evro turniri, pley-offda Buffoni bor Italiyani penaltilar seriyasida mag'lub etishda tepuvchilardan ko'ra, qo'riqlovchi asosiy faktor bo'lganini endi eslaylik, keling. Ruslarning darvozasiga bir soatdan keyin gol urishni boshlagan qizil furiyaning darvozasini dahlsiz saqlagan Kasilyasni ana endi ta'kidlab o'taylik. Finalda Torres yarim qarich oldinroq to'pga etib kelib gol urganini xotirlayotganimizda, Kasilyasning oxirgi bahsda ham gol o'tkazib yubormaganini e'tirof etaylik. Nahotki arzimaydi?
2010 yilgi finaldan so'ng Kasilyas shunday degandi: “Men yoshligimda Matteusni, Romarioni, Zidanni, Kafuni va Kannavaroni mundial kubogini boshi uzra ko'targanini ko'rganman. Bugun o'zim shu his-tuyg'ular ichida qolganimda, ertadan boshlab faqat shu vaziyatni tomosha qilishga qaror qildim. Ko'p-ko'p, to'xtamasdan tomosha qilaman!”
Ha, aynan Kasilyas shu turnirning bosh qahramoni. Ispaniya pley-offda gol o'tkazmaganini unutgan holimizda, gol mualliflarini eslashga odatlanganmiz. Ammo oxirgi bahsda Inestaning g'alaba to'pi bo'lgunicha Snayder va Robben bilan bir o'zi o'ynagan Kasilyas emasmidi? Umrida jahon chempioni bo'lmagan va bu orzusi hamon armon bo'lib qolayotgan yurtning eng yaxshi vakilining reydini ikki martalab to'xtatgan Iker emasmidi? Aynan u edi.
Keling, bugun shu qahramonni eslaylik. Buyuk darvozabonni, balki futbol tarixidagi eng yaxshi kiperlardan birini. Uni hamma unutishga o'rgangan. Jamoalari sharaf bilan ketkazmas, biroq muxlislar yodida uzoq saqlanib qoladi.
Xayrulla Hamidov.