«Yuventus» himoyachisi Jorjo Kellini o'zining avtobiografik asarida «Real» himoyachisi Serxio Ramosdan hayratlanishini yozgan. Shuningdek, ispaniyalik futbolchi tomonidan Chempionlar ligasi finalida Muhammad Salohga nisbatan ishlatilgan uslubga qoyil qolganini ta'kidlagan.
«Liverpul»ga qarshi bo'lib o'tgan 2018 yilgi finalda Ramos misrlik futbolchiga jarohat etkazib, raqib futbolchisining 30-daqiqadayoq maydonni tark etishiga sabab bo'lgan edi.
«Ramos – jahonning eng yaxshi himoyachisi. Uning taktik xatosi tufayli jamoa bir mavsumda 8-10ta gol o'tkazib yuborishini aytishadi, ammo texnik jihatdan u juda zo'r o'yinchi hamda u hujumchi bo'lishi mumkin edi. Menda esa bunday qobiliyat yo'q.
Ammo u hech kimda mavjud bo'lmagan ikkita xususiyatga ega. U katta o'yinlarda muhim rolni bajara oladi. Boz ustiga, uning harakatlari mantiqqa bo'ysunmaydi. U o'ta ayyorlik bilan raqibga jarohat etkaza oladi.
EChL-2018 finalida Salohga ishlatgan uslubi — shunchaki qoyilmaqom. U bu ishni ataylab qilmaganini ta'kidlab keladi. Ammo raqibning qo'lini ushlab olgan holda bunday yiqilish 10tadan 9ta holatida futbolchining qo'li sinishi mumkinligini u bilardi», – dedi Kellini.