15 may kuni ham Evropani titratgan o'yinlar bo'lib o'tgan. Alohida shaxslarga o'tishdan oldin shu bahslar haqida qisqacha eslatma.
2002 yil. Evropa chempionlar ligasi finali. O'ninchi bor o'tayotgan turnirning oxirgi o'yinini hal qilish uchun Glazgodagi Xempden Park stadioniga Madridning Real va Leverkuzenning Bayer klublari etib kelishgan. O'yin Valeriy Lobanovskiyning vafoti munosabati bilan bir daqiqalik sukut bilan boshlangan. Bu turnirda ham bir tomondan etib kelgan jamoaning raqiblari jiddiy, ikkinchisi solishtirilganda u qadar emasdi. Real chorak finalda o'sha payt musobaqaning rasmiy chempioni – Bavariyani er tishlatgan bo'lsa, Bayerga hozirgisidan ancha farqli bo'lgan Liverpul nasib etgan. Yarim finalda Real Barselona bilan og'ir bahsda hisob-kitob qilgan, ikki to'p farqi bilan enggan edi. Bayer esa Manchester Yunayted bilan ikki uchrashuvda durang natija qayd etib, mehmonda urilgan gol hisobiga Glazgoga etib keldi. aytmoqchimanki, finalda teng raqiblar emasdi.
Biroq, o'sha kuni Germaniya vakillari yaxshi taassurot qoldirishdi. 1:2 hisobida engilib turgan hollarida so'nggi daqiqalarda Kasiles darvozasini tinimsiz o'qqa tutganlari, ispan posboni superqahramonliklar namoyish etganlari hamon yodimizda.
Bayerga alam qilgani – shu kuni finallardagi eng chiroyli gollar ularning darvozasidan o'rin olgan edi. Zayniddin Zidanning fantastik goli va hisob ochuvchi Raulning sokin yo'llagan to'pi. Lusiuning presstij goli boshqa hech qachon finalga chiqmaydigan klub uchun kifoya qilmadi. Natijada 2:1 va Real del Boske boshchiligida ikkinchi bor qo'shquloqni engib olyapti. Saldan keyin ispaniyalik mutaxassis Madriddan ketadi va hammasi chilparchin bo'lib ketar, ammo bu kecha qirollik klubi muxlislaridan baxtli ishqibozlar yo'q edi.
—————
2013 yili shu kuni Benfika hamda Chelsi ishtirokida Evropa ligasi finali o'tkazilgan va Amsterdam Arenadagi final o'yinida londonliklar so'nggi soniyalarda kubokni engib olishgan. Hammasi ikkinchi bo'limda sodir bo'ldi. Torres uchrashuv boshlanganiga roppa-rosa bir soat bo'lganida hisobni ochdi, Oskar Kardoso o'rtadagi farqni yo'qqa chiqardi. Lekin hakam tomonidan qo'shib berilgan uchinchi daqiqada Branislav Ivanovich qo'shimcha bo'limlarga taraddud ko'rayotgan Portugaliya tomoniga muzdek suv quyib yubordi. Chempionlar Ligasi finaliga qadar o'n kun davomida Chelsi ham EChLni, ham ELning g'olibi sifatida qayd etiladigan bo'ldi. Bunaqa natija bilan faqat londonliklar maqtana olishadi.
Darvoqe, shu mavsumga qadar Evropa ligasini Pireney yarimoroli vakillari engib kelishayotgandi, Chelsi ularning bu gegemonligiga nuqta qo'ydi.
Xayrulla Hamidov.