«Real» hujumchisi Luka Yovichnig jarohat olish sabablari tafsilotlari aniq bo'ldi. "Kurir" tarqatgan xabarga ko'ra, serbiyalik futbolchi Belgraddagi uyining devoridan yiqilib tushgan.
Futbolchining otasi Milan Yovich «Real» taqdim etgan dastur asosida shug'ullanayotganida jarohat olganini aytgan edi. Ammo bu ma'lumot yolg'on bo'lib chiqdi.
«U tirik qolganining o'zi katta gap! U devordan yiqilib tushdi. Sizga qanday tushuntirishni bilmayapman. Katta ehtimol bilan hammasi tasodifan yuz bergan», — dedi Yovichning oilasiga yaqin manba.
«Atletiko»ning sobiq shifokori Xose Gonsales o'yinchi shu tariqa tovon suyagini sindirib olgan bo'lishi mumkinligini tasdiqladi.
«Yovichning singan tovon suyagi butun tananing og'irligini ko'tarib turadi va u tashqi ta'sirlarga ancha mustahkam. Aksariyat holatlarda u faqat kuchli zarba yoki balandlikdan qulash oqibatida sinishi mumkin», — dedi Gonsales.
Luka Yovichning otasi Milan Yovich ushbu versiyaga izoh berishdan bosh tortdi.
«Iltimos, meni tushuning, men hech narsa ayta olmayman. Klubdan bizga berilgan topshiriqqa ko'ra, biz hech narsa gapirmasligimiz kerak», — dedi Milan.
Luka Yovich mazkur jarohat tufayli mavsum oxiriga qadar "Real"ga yordam bera olmaydi.