«Real» La liga doirasida uy uchrashuvlarini Valdebebasdagi bazasida joylashgan kichik stadionda o'tkazadigan bo'ldi. Klub Ispaniya futbol federatsiyasidan tegishli ruxsatnomani oldi.
«Madrid» kamida 2021 yilning yanvar oyigacha shu stadionda o'z o'yinlarini o'tkazadi. Ushba arenada "Kastilya" o'z uy uchrashuvlarini o'tkazadi. Ispaniya hukumati tomoshabinlarning stadionga kirishiga ruxsat berganidan keyingina jamoa «Santyago Bernabeu»ga ko'chib o'tadi.
Shuningdek, «Real» Chempionlar ligasi uchrashuvini ham bazadagi arenada o'tkazishi mumkin. Eslatib o'tamiz, madridliklar o'z uyida o'tkazilgan nimchorak final bosqichining dastlabki o'yinida «Manchester Siti»ga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berishgan edi.
Yuzaga kelgan tanaffusdan foydalanib, jamoa «Santyago Bernabeu»dagi rekonstruktsiya ishlarini tezlashtirishga qaror qilishdi.
«Real» mavsum oxirigacha o'z maydonida «Eybar», «Valensiya», «Malorka», «Xetafe», «Alaves» va «Vilyarreal»ga qarshi maydonga tushishi kerak.