Koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan iqtisodiy inqiroz sport, xususan, futbolga ham o'z ta'sirini o'tkazmay qolmadi. Tabiiyki, bu holatda aksariyat klublarning moliyaviy imkoniyatlari yomonlashdi va futbolchilarning transferlar narxlari sezilarli darajada pasaydi. Biroq etakchi klublar yuqoridagi qiyinchiliklarga qaramay, selektsiya ishlarini qizg'in olib borishda davom etadi.
Ana shunday bir paytda Italiya matbuotida Krishtianu Ronalduning «Yuventus»dagi kelajagiga shubha qilina boshladi va uning «Real»ga qaytishi mumkinligi to'g'risida gap-so'zlar paydo bo'ldi. Quyida Ronalduning «Qirollik klubiga» qaytishining ijobiy va salbiy tomonlari haqida fikr yuritiladi.
Ijobiy tomonlari
Ronaldu – yuqori darajadagi o'yinchi
Ronaldu kamida yana ikki mavsumni yuqori darajada o'tkazishi mumkin. Bu esa «Real»ga ko'proq gollarni kafolatlashi mumkin, bundan tashqari, portugaliyalik yulduzning ulkan tajribasi jamoadagi yosh futbolchilarning tezroq rivojlanishiga yordam beradi.
Messi va Ronaldu raqobatining qaytishi
Krishtianu Italiyaga ko'chib o'tgach, u va Messi o'rtasidagi qarama-qarshilik faqat Evrokuboklar va individual sovrinlar darajasiga tushib qoldi. 35 yoshli Ronalduning to'satdan «Real»ga qaytishi kurashning jonlanishiga va «El Klassiko»ning yana haqiqiy bayramga aylanishiga xizmat qilgan bo'lardi.
Klub bilan munosib xayrlashish
Turli xil mish-mishlarga ko'ra, Ronaldu Florentino Peres bilan janjallashib qolganidan keyin «Real»ni tark etgan. Ronaldu «Yuventus»ga o'tishidan oldin faoliyatining ancha qismini Madridda o'tkazdi va ko'plab yutuqlarga erishdi. Shunday ekan, u klub bilan munosib xayrlashishga loyiq.
Xayp (piar)
Ba'zida bu yaxshi natija berib turadi. Krishtianuning qaytishi klubga global qiziqishning yangi to'lqinini keltirib chiqaradi. Bundan tashqari, moliyaviy jihatlarni ham unutmaslik kerak. Ronaldu nomi ostida chiqarilgan millionlab sport formalari anchagina daromad olib kelishi shubhasiz haqiqat. Bu esa pandemiyadan keyingi inqiroz davrida asqatadi.
Salbiy tomonlari
Ronalduning o'yinidagi pasayish
Krishtianu hozirda 35 yoshda va u hech qachon avvalgiday bo'la olmaydi. To'g'ri, u hali ham yuqori darajada o'ynamoqda, biroq bu uning oldingi muvaffaqiyatlarini takrorlash uchun etarli bo'lmasligi mumkin.
«Yangi Madrid» qurilishini keyinroqqa surishga to'g'ri keladi
Krishtianuning qaytishi rahbariyatning 2022 yilga qadar yangi jamoa tuzish rejasiga xalaqit berib qo'yishi mumkin. Ronaldu kelgach, «Real»ning istiqbolli yosh o'yinchilariga o'yin amaliyotini kafolatlash oson kechmaydi.
Tovon puli va xarajatlar
Agar «Real» yozda boshqa futbolchilarni ham sotib olishni xohlayotgan bo'lsa, Ronaldunining tovon puli (60 million evro — uning pasaygan narxi) klub uchun qimmatlik qilishi mumkin. Ushbu mablag' evaziga esa Erling Hollandni sotib olsa bo'ladi. Norvegiyalik yosh va iqtidorli futbolchining maoshi esa Ronaldunikiga qaraganda uch yoki to'rt baravar kamroq bo'ladi.