23 aprel. 2016-17 yilgi mavsum "Santyago Bernabeu"da o'tkazilgan "el-klasiko" so'nggi yillardagi eng muhim va kelajakni belgilab beradigan o'yin bo'lgandi. Uch yil oldin 23 aprelning oqshomida hammamiz televizor qarshisiga mixlangan edik.
Nimasi bilan muhim edi o'yin: Birinchidan, ushbu "klasiko"gacha qirollik klub asosiy raqibidan ancha o'zib ketgan va bu bahsda imkoniyatni boy bersa, "klasiko" ta'siri keyingi o'yinlarga-da o'tib, chempionat peshqadami o'zgarish ehtimoli bor edi.
Rostan ham "Real" yutqazdi va bir ochkolik farqni saqlab qolish uchun qolgan etti o'yinni yuz foizlik natija bilan yakunlashi zarur bo'lib qoldi.
Ikkinchidan, uchrashuv stsenariysining dahshatli yakun bilan tuzilgani. "Real" zo'r o'ynab turib, yutqazib turgan holida bir o'yinchi kam bo'lib qoladi va shu holida ham o'rtadagi farqni yo'qotishga, so'nggi daqiqalar o'tib borayotganda tablodagi hisobni 2:2ga oshirishga muvaffaq bo'ladi. Bir kam o'yinchi holida hujumga o'tib ketgani uchun jazolanadi – Messi hakam tomonidan qo'shib berilgan soniyalarda uchinchi golni kiritib, Santyagoni yana bir karra tiz cho'ktiradi.
Endi asosiy jihatga o'tamiz. Zidan uchrashuv tugagach, intervyu berar ekan, o'zini yo'qotib qo'ymagani ko'pchilikni ajablantirgan. Uning gaplari yanada hayratli edi: "Biz so'nggi yillarda birinchi marta "Barselona"dan kuchliroq o'ynadik, Ter Shtegen sakkiz bora seyv amalga oshirishga majbur bo'ldi. Bir kam o'yinchi bo'lib qolganimizda ham himoyani o'ylamadik. To'g'ri, hisob bizning foydamizga bo'lmagandir, ammo men kelajakda endi "Real" kataloniyaliklar qarshisida ikkinchi jamoa bo'lib o'ynamasligini shu bugungi bahsdan anglab etdim".
Zidanning bu gaplari alam aralash gaplar emasdi. Rostan ham Qirollik klubi Ronaldino davridan keyin ilk bora Messi jamoadoshlari bilan teng, hattoki ustunroq harakat qilgan, hujumga berilib ketish natijasida uchinchi golni o'tkazib yuborgandi. Zidan aytgan gaplar o'z tasdig'ini topdi. "Real" va "Barsa" o'yinidagi farq yo'qoldi. Shundan keyingi bahslarda dominator “Barsa” maqomini ko'rmadik. Hattoki katta hisobda yutgan o'yinlarida ham. Oldin esa, “Real” enggan o'yinda hamki "Barselona" kuchliroq ko'rinardi.
Zidan mana shu intervyusi bilan Madridda kelajak qurayotganini, bu kelajak bilan Ispaniyada g'olib bo'lish mumkinligini tushuntirdi va o'sha mavsum garchi klasikoda alamli engilgan bo'lsa-da, marraga birinchi bo'lib etib keldi. Ham EChLda ikkinchi bor zafar quchdi. Messining mayka ko'targan vaziyati kataloniyaliklarninggina ko'nglida yorqin his bo'lib qoldi.
Bu o'yin "Barsa"ga o'sha kuni uch ochko berdi, "Real"ga esa kelajak...
Xayrulla Hamidov.