Madridning «Real» klubi hujumchisi Karim Benzema faoliyatining so'nggida Frantsiyaning «Lion» klubida o'ynashga qarshi emasligini yashirmadi.
32 yoshli frantsiyalik hujumchi «Lion» klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi va aynan mana shu klubda katta futboldagi debyutini o'tkazgan. U 2009 yilning yozida Madridning "Real" klubiga 35 million evroga sotib yuborilgan.
«Men "Lion" klubiga qanday bog'langanimni odamlar biladi deb o'ylayman. Yaqin vaqtlar ichida qaytishim mumkinmi? Yo'q, chunki, ayni paytda dunyoning eng zo'r klubida o'ynayman. Faoliyatimning oxirlarida «Lion»ga o'taman va o'sha erda butsalarimni mixga ilaman.
Men «Lion»ni kuzatib boraman va mening akamlarim Liga 1 o'yinlarini ko'p tomosha qilishadi. "Lion" katta o'yinlarda o'zini yaxshi tutishi menga yoqadi. Ularda g'alabaga tashnalik bor, lekin, kuchsizroq klublarga yutqazib qo'yishadi. Mana meni nima g'azablantiradi. Ehtimol, ular xotirjamlikka berilib ketishar… Ammo, EChL doirasida ularni safarda mag'lub etish qiyin masala», — dedi Benzema OL TV bilan intervyuda.