Moziy qahramoni – Roberto Karlos. Braziliyalik pushka. U ham 1973 yili San Pauluda kambag'al oilada tug'ilgan. Hayoti boshqa braziliyalik yulduzlar kabi – futboldan boshqa najot qolmagan va katta mehnati evaziga shu darajaga etishgan. Yoshligida juda xaroba uyda yashagani uchun o'ziga o'zi va'da qiladi: Katta bo'lsam futbolchi bo'laman va otamga yaxshiroq uy sotib olib beraman. Roberto va'dasining ustidan ancha vaqtli chiqdi. Qizig'i, otasi hamon o'sha kottejda yashaydi.
Otasi Lotin Amerika muzikasi qiroli deb ta'riflangan braziliyalik qo'shiqchi Roberto Karlos muxlisi bo'lgan. O'g'liga ham uning ismini qo'ygan. Bugungi kunda san'atkor qahramonimiz fonida eslanadi.
Roberto Karlos ko'p uylangan. To'qqizta bolasi bor va hammasini ta'minlab qo'ygan. Balkim shuning uchun ham hozirgi kunda 13 yildan beri Braziliyada bolalar sog'lig'ini yaxshilash xayriya fondida faoliyat yuritar. San Pauludagi klinikalardan biriga AQShdan har yili qimmat apparatlar olib beradi. Juda ko'p maktablar qurdirdi, barchasida bolalar tekinga tahsil olishadi. O'zi shunday deydi: Qizlarimning kulganini ko'rsam, o'zimning yoshligimni eslayman. Qo'rqinchli bolaligimni. Shu bois, doim yordamga muhtoj bolalarga nimadir ko'mak bergim kelaveradi.
Maydondagi Roberto Karlos haqida bizning avlod yaxshi biladi. Yosh avlodga avval natijalarini aytib tanishtiray: Jahon chempioni, uch karra EChL g'olibi, to'rt marta Ispaniya chempioni. “Real” tarkibida himoyachi bo'la turib eng ko'p gol kiritgan himoyachilardan biri. Zarbasi o'ta kuchli bo'lgan. Jahon rekordi – soatiga 198 kilometr tezlikda uchgan to'p. Bu rekordni bir marta Lukas Podolski buzishga muvaffaq bo'lgan. 2002 yilgi mundialda. Biroq, Karlos bu tezlikda doim tepib yurgani uchun tasodifiy bir zarbadan ko'proq uni eslashadi.
Futbol tarixidagi eng chiroyli gollardan birini yo'llagan. Frantsiya terma jamoasiga, Bartezga. Ne ko'yga tushganini to'p aytib bersin.
Qirollik klubi galaktikosga aylantirilgan payti ham Roberto Karlosning muxlislari etarli bo'lgan. Raul, Zidan, Bekhem, Figu va Ronaldodan qolishmaydigan tarzda muxlislari ko'p edi. Uni yomon ko'radigan futbol muxlisi bo'lmasa kerak, degandi Puyol. Barselona klubi himoyachisi. Boshqa ta'rif ortiqcha. Zarbalarini eslaymiz yaxshisi...
Xayrulla HAMIDOV.