6 aprel. Bugun tarixiy o'yinlarga to'xtalib o'tayotgan ekanmiz, xotiramizga murojaat qilamizki, qaysi bahs 6 aprelni bezab beradi?
Ha, shubhasiz, 2003/04 yilgi mavsum, Chempionlar Ligasi o'yini. Chorak final javob o'yini. "Monako" "Real"ni qabul qilgan oqshom esingizdami? Asr oxiri va yangi asr boshlarida har ikki yil chempion bo'lishga odatlangan "Real" chempion bo'ladigan yilida o'ynayotgandi. Buning ustiga, raqib — "Monako". Daraja zo'r emas. Yanada ishonchliroq holat – birinchi o'yinni uyida o'tkazgan va 4:2 hisobida yakunlagandi. Ko'rinishidan zo'r hisob, ikki to'p farqi bilan o'zidan kuchsiz raqib uyiga yo'l olish. Ammo Elgera, Zidan va Figuning dubliga birinchi bo'lim oxirida Skilachi, o'yin tugashi arafasida Fernando Morientesning yo'llagan javob gollari ikkinchi o'yinda muhim bo'lib chiqdi.
"Real"dan ijaraga o'tgan hujumchi oltinchi aprel oqshomining yana bosh qahramoniga aylandi. "Lui II" stadioniga to'planganlar "Monako"ning yarim finalga chiqishiga ishonqiramay kuzatishgan o'yinni. Chunki 36-daqiqada Raul hisobni ochganida, monegasklarning ishi yanada qiyinlashib ketdi. Dide Desham shogirdlari o'z darvozalari dahlsizligini ta'minlagan holda uchta gol urishlari zarur bo'lib qolgandi.
Tanaffusga chiqish arafasida Lyudovik Jyuli gol yo'llab, kiyim almashtirish xonasiga klubdoshlarini nedir umid bilan yo'l olishlarini ta'minladi. Ikkinchi bo'limda jamoalar holati almashib qolgandek edi. Morientes 48-daqiqada tez gol urib, "Real"ni karaxt ahvolga tushirib qo'ydi. Jyulining 66-daqiqada dubl muallifi bo'lishi esa "buyuk qatl"ni osonlashdi. Gol o'sha hafta, o'sha oy va o'sha yil gollar o'nligidan joy olgan. Golning bu qadar chiroyli yo'llanishi o'sha kungi o'yinga mantiqiy yakun edi – 3:1. Mehmonda urilgan gol evaziga "Monako" yarim finalda! Sensatsiya, azizlar!
... O'zi 2004 yili sensatsiyalar mavsumi bo'lgan. Gretsiyaning Evropa chempioni bo'lgani va chempionlar ligasida ham yarim finalga kutilmagan klublarning yo'l olgani yodingizda bordir? Oltinchi aprel London derbisidagi sensatsion natija bilan ham esda qolganki, buni hozir eslamasdan o'tsak insofdan bo'lmas. Hali jamoaga Mourino kelmagan, Abramovich moliyaviy inqiloblarini amalga oshirmagan asr avvalida "Chelsi" klubi Arsen Venger boshchiligidagi "Arsenal"ga raqobatchi emasdi. Daraja boshqa-boshqa edi. Deylik, o'sha mavsumning "Real" "Monako"si, "Deportivo" "Milan"i o'rtasidagi farq mavjud edi. Qiziq tomoni, "Monako" "Real"ni engayotgan payti, "Xayberi"da "Chelsi" "Arsenal" ustidan g'olib bo'lardi.
"Stemford Brij"da 1:1 o'ynagan klubning mehmondan g'alaba bilan qaytishi ishonib bo'lmas natija edi. O'sha ishonib bo'lmas natija qayd etilgan.
Qizig'i, bu kecha ham mag'lub klub hisobni ochgan, muxlislarini ancha xotirjamlikka chaqirgandi. Reyes gol muallifi bo'lgan. Ammo tanaffusdan so'ng Klaudio Raneri yigitlari butkul boshqa daraja namoyish etishgan. Lempard o'rtasidagi muvozanatni tiklagan, Ueyn Brij uchrashuv tugashi arafasida g'alaba to'pini kiritgandi.
Aynan shu o'yindan so'ng Chelsining oltin davri boshlangan, desak mubolag'a bo'lmaydi. To'g'ri, klub keyingi bosqichda "Monako"dan engilgan, biroq Mourinoning tashrifi bilan boshqa o'lchovlar bo'yicha o'ynashi aniq bo'lib ulgurgandi.
Xayrulla Hamidov.