Guti rahnamoligida «Real»ning yoshlar jamoasi joriy mavsumni ajoyib «trebl» bilan yakunladi. Bu esa faoliyatini aynan Guti kabi boshlagan taniqli murabbiylar haqida hikoya qilishga turtki bo'ldi.
Guti qanday natijalarga erishdi?
«Xuvenil A» - yoshi 19gacha bo'lgan «Real» tizimidagi jamoalardan biri. Mavsum startida Guti jamoani qabul qilgandi. Ma'lumki, u 10 yoshidan boshlab naq 25 yil davomida «Qirollik klubi» sharafini futbolchi sifatida himoya qilgandi. Endi esa murabbiy maqomida dastlabki qadamni tashladi. Jamoa Guti rahnamoligida o'z yosh toifasida Ispaniya chempionati, Ispaniya chempionlar kubogi va yoshlar o'rtasidagi Qirol kubogini qo'lga kiritdi. Qirol kubogining finalida «Atletiko» 4:1 hisobida mahv etildi. «Gutini fantastik «trebl» bilan tabriklayman! O'z vaqtida u yashil maydon dahosi edi. Endi maydon chetida ham buyuklar safida bo'la olishini isbotlamoqda», - dedi Alvaro Arbeloa o'z o'rtog'i haqida. Ispaniya muhitidan kelib chiqadigan bo'lsak, o'smirlar yoki yoshlar jamoalari bilan qayd etilgan muvaffaqiyatlar murabbiylik sohasida o'ziga xos tramplin vazifasini o'taydi.
Dastlabki yo'lboshchi. Migel Munos
«Real»dagi 10 yillik faoliyatidan so'ng butsasini mixga ilgan futbolchi «Ultra Plyus» (o'sha payt «Kastilya» shunday atalardi) jamoasini qabul qilib oldi. O'rinbosarlar bilan Segundada o'ninchi o'rinni egallagan Munos La-Ligada 9 marta, EChLda ikki marta muvaffaqiyatga erishdi.
Rafael Benites
Bu murabbiyning natijalari Munosnikidek hayratlanarli bo'lmasada, chempionatlar va evrokuboklardagi g'alabalari evaziga buyuklar safidan joy oldi. Rafael o'z faoliyatini yoshlar jamoasiga 10 yil ustozlik qilish bilan boshlagandi. Turli yosh toifalaridagi jamoalarni boshqargan murabbiy 1993 yili U-19 jamoasi bilan Ispaniya chempionligi va kubogini qo'lga kiritdi.
Eng sovrindor murabbiy. Visente Del Boske
Ispaniyaliklar uni «Mister kartoshka» deya e'zozlashadi. «Real»ning nufuzli o'yinchilaridan biri 27 yoshida murabbiylik litsenziyasini qo'lga kiritgandi. Avvaliga asosiy jamoa murabbiylar shtabiga o'rnashdi. 15 yillik faoliyatidan so'ng 1999 yili bosh murabbiylik lavozimiga ko'tarildi. Shu tariqa zafarli yurishlar boshlandi. Jamoa Del Boske rahbarligida ikki marta EChL kubogi va boshqa bir qator nufuzli sovrinlarga sazovor bo'ldi. Keyinchalik Ispaniya terma jamoasi bilan tarixiy g'alabalarni qayd etdi.
Xosep Gvardiola
Kataloniya grandi tarixida yorqin iz qoldirgan mutaxassis. «Barselona B»dagi bir yillik faoliyatdan so'ng asosiy jamoa boshqaruvini egallagan Gvardiola futbol tarixida eng kuchli jamoani shakllantirdi.
Luis Enrike
«Barselona B»ni Gvardioladan keyin qabul qilgan murabbiy uch yildan so'ng «Roma»ga o'tdi, keyin «Selta»ni boshqardi va «Barsa»ga qaytdi. Bosh jamoa bilan uch mavsum davomida 9ta sovringa ega chiqdi.
Aralash start. Zayniddin Zidan
EChLda qatorasiga ikki marta g'olib chiqqan murabbiy. Zizu murabbiylik sohasiga Anchelottining yordamchisi sifatida kirib keldi, keyinchalik «Kastilya»ni mustaqil boshqardi va asosiy jamoaga o'tdi.
Ispaniyadan tashqaridagi muvaffaqiyatlar
Shubha yo'qqi, murabbiylik malakasiga sayqal berish aksariyat mamlakatlarda o'smirlar jamoalaridan boshlanadi. Lekin Angliya va Germaniyadagi mutaxassislar quyi divizion jamoalarida tajriba to'plashni xush ko'rishadi. Italiya va Gollandiyada esa ustoz-shogird tizimi yaxshi yo'lga qo'yilgan. Masalan, Anchelotti o'z faoliyatini Sakkining yordamchisi sifatida, Advokaat esa Rinus Mixels shogirdi sifatida boshlashgan. Hozir Apenninda ham Primavara sinovlarida toblanayotgan yosh mutaxassislar ko'paymoqda. Portugaliya tizimi esa Ispaniyadagiga o'xshash, Joze Mourino faoliyatini 15 yoshlilar bilan boshlab, keyin 17 va 19 yoshlilarni boshqargan. Aynan shu yo'l uni grand jamoalarga olib chiqdi. To'g'ri, Guti uchun hozircha «Real»ning bosh murabbiyi bo'lish olis kelajakdagi reja, deb hisoblashmoqda. Lekin futbolda hamma narsa bo'lishi mumkin.