«Real» bosh murabbiyi Zayniddin Zidan jamoa hujumchisi Krishtianu Ronalduga to'liq bir oylik ta'til berdi. Boisi, portugaliyalik futbolchi Konfederatsiyalar kubogida ishtirok etdi.
Ma'lumotlarga qaraganda, 32 yoshli futbolchi ta'tilda bo'lishiga qaramay, an'anaviy tibbiy ko'rikdan o'tish jarayonida ishtirok etadi. Ronaldu 3-4 kunga Madridga keladi va yana ta'tilga qaytib ketadi. Bu payt davomida u Yaponiyada homiylar bilan belgilangan marosimda qatnashadi.
Ronaldu iyul oyi so'ngiga kelib mashg'ulotlarni boshlaydi. Shu bois, u "Barselona"ga qarshi 30 iyul kuni International Champions Cup doirasida AQShda bo'lib o'tishi kerak bo'lgan "el-klasiko"da ishtirok eta olmaydi.
Bundan tashqari, u 8 avgust kuni «Manchester Yunayted»ga qarshi bo'ladigan UEFA superkubogi bahsini ham o'tkazib yuborishi mumkin. Ronaldu ta'tildan qaytib, maydonga tushish uchun jamoa bilan kamida 10 kun mashg'ulotda qatnashishini Zidan istamoqda.
Shuningdek, futbolchi 31 iyul kuni daromadni soliqdan yashirish ayblovi tufayli sud oldida javob beradi.
Shu tariqa, Ronaldu ta'tildan keyingi ilk o'yinni 13 avgust kuni Ispaniya superkubogi doirasida «Barselona»ga qarshi o'tkazishi mumkin.