«Real»ning sobiq yarim himoyachisi Jyulen Fober Madrid klubidan unga birinchi qo'ng'iroq kelgan damlarni esladi. "Qaymoqranglilar" frantsuzni «Vest Xem»dan 2009 yil yanvarda ijaraga olishgandi. Futbolchi 4 oy davomida ikkita o'yinda maydonga tushib, 54 daqiqa o'ynagan, xolos.
«Biz jamoa avtobusida «Apton Park» stadioniga «Fulxema»ga qarshi o'yinga ketayotgan edik. Menga "Real"dan bir frantsuz yigit qo'ng'iroq qildi. "Salom, men "Real"da ishlayman, biz sen bilan gaplashib olishimiz kerak", dedi u. Men esa muhim o'yinga borayotganimni va gaplashishga vaqtim yo'qligini aytib, telefonni o'chirib qo'ydim. O'yin tugadi, men esa telefonni yoqdim, qarasam, 30 ta SMS va 50 tacha ovozli xabar. Shundagina tushundimki, bu jiddiy.
Men agentimga qo'ng'iroq qildim, u esa "Real" rahbariyati bilan uchrashishimiz kerakligini aytdi, buning uchun rahbariyat bo'lib turgan «Xitrou» aeroportidagi mehmonxonaga borishimiz kerak edi. O'sha kun transfer oynasining oxirgi kuni, biz transferni kelishib oldik. Keyin narsalarimni olib ketish uchun «Vest Xem»ga qaytdim. Jamoadoshlarim esa menga kulib turishardi: «Jyulen, tushunyapsanmi, bu axir Madridning "Real"i!».
Keyin Mark Nobl meni mensimay qo'yganini esladim va unga gapirdim: "Mark, endi muammo bormi?" U esa: «Jyulen, men sen bilan gaplasha olmayman. Sen "Real" futbolchisisan, mendan ustunsan", dedi. Bu haqda ko'p hazillashardik», — dedi Fober.