Stadion.uz2019/20-yilgi mavsumda superyulduz maqomida bo'lishiga qaramay, jamoasi uchun hech qanday naf keltirmagan futbolchilar bilan tanishtirib o'tadi.
Aleksis Sanches (“Inter”)
Aslida chililik futbolchi uchun bu omadsizo'tgan birinchi mavsum emas. U “Manchester Yunayted”dagi omadsizliklaridan Antonio Konte qo'l ostida ham qutilib keta olmadi. Istalgan futbolchiga ikkinchi imkon berishga qodir murabbiy ham Aleksisni katta futbolga qaytara olmadi. Afsuski, Aleksis rasman bo'lmasa-da, nazariy jihatdan futbolchilik faoliyatiga nuqta qo'yib bo'ldi. U so'nggi paytlarda faqat Chili terma jamoasida libosida maydonda ko'rinish bera boshladi. Sanches, uchun bu mavsum to'liqligicha omadsiz o'tgani rost. Bir paytlar APLning eng shiddatli hujumchisi bugun Evropa Ligasi uchrashuvlarini ham zaxira o'rindig'idan kuzatmoqda. Boz ustiga, u A Seriyaning atigi 199 daqiqasidagina “Inter” safida harakat qildi. Achinarlisi shundaki, futbolchini “Inter” sotib olishdan bosh tortdi va tez orada Sanchesni yana APL o'yinlari chog'ida zaxira o'rindig'ida ko'ramiz.
Garet Beyl (“Real Madrid”)
Qanchalar siyqasi chiqqan mavzu bo'lmasin, bu mavsum Beyl o'z nomiga yarasha birorta uchrashuv o'tkazgani yo'q. Boz ustiga, uning golfga bo'lgan mehri internetda kulguli memlarga sabab bo'lishda hamon davom etmoqda. Bir qarashda, uelslik futbolchida jismonan etuk futbolchi bo'lish uchun barcha narsa bordek his uyg'otadi. Tug'ma baquvvat futbolchi o'z ustida ishlashdan to'xtab qolgach, “Real Madrid” uni sekin-astalik bilan chetga surib tashladi. Qo'shimchasiga uning jarohatlari vaziyatni yanada chigallashtirib yubordi. Mavsum boshida Xitoyga ketishi taxmin qilingan futbolchi jamoani elkasida ko'tarib yurishi ko'zda tutilgan edi, biroq Beyl bu mavsum “qirollik klubi” uchun hech qanday naf keltira olmadi. Ish shu darajaga etib bordiki, Madrid klubi yozda uni tekinga qo'yib yuborishga ham tayyor. Mana buni omadsiz mavsum desa bo'ladi!
Keppa Arrisabalaga (“Chelsi”)
Dunyoning eng qimmat kiper sifatida barchaning e'tiborida turgan Arrisabalaga uchun ham bu mavsum juda omadsiz keldi. Yosh posbon o'zining ikkinchi mavsumidayoq Frenk Lempard bilan janjalga o'ralashib qoldi. Ter Shtegen “Barsa”ni, Oblak “Atletiko”ni bir o'zi qutqarayotgan bir paytda Kepa asosiy tarkibdagi o'rnini Kabaleroga bo'shatib berishga majbur bo'ldi. Kelasi mavsumda o'tkaziladigan Evropa chempionatida David De Xeani zaxiraga o'tkazib qo'yishi kutilayotgan darvozabon katta ehtimol bilan musobaqadan qolib ketadigan ko'rinadi. Bunday omadsiz mavsumdan so'ng, “Chelsi” yozda Kepani to'liq ikkinchi raqamli qilish uchun Onanani “Ayaks”dan sotib olishni rejalashtirmoqda. Afsuski, yana bir yulduz o'z jamoasi uchun bu mavsumda yordam bera olmadi.
Usmon Dembele
Shunchaki, Usmon “Barselona” tarixidagi eng omadsiz transferlardan biriga aylanib bormoqda. Hatto Ibrahimovichning ham transferi ham bu qadar ko'p tanqidlarga uchramagan edi. Neymarning transferidan tushgan pullarga olib kelingan frantsuz bu mavsumni yaxshi boshlagan edi, biroq o'rinsiz paytda orttirilgan jarohatlar sababli u barchasini erta tugatdi. To'g'ri, Usmonda Evropa chempionatiga borish imkoni mavjud, biroq bu mavsum to'liqligicha boy berildi hisob. Qahramonimiz “Borussiya” safida dunyoning eng iqtidorli futbolchisi sifatida dong taratgan bo'lsa, Kataloniyada video o'yinlar ishqibozi bo'lgan o'spiringa aylandi. Afsuski, bu mavsumda Usmon “Barselona” uchun birorta musobaqada yorqin o'yin namoyish etgani yo'q. Ochig'i,Usmonning faoliyati davomida hech qachon bunday tumanli mavsum kuzatilmagan edi.
Luka Yovich
Madridda karantinda o'tirishni uddalay olmagan futbolchi haqida yana nima deyish mumkin? Qahramonimiz Serbiyaga qiz o'rtog'ining tug'ilgan kunini nishonlash maqsadida uchib ketgach, “qirollik klubi” uni keskin tanqid qilganidan xabaringiz bor. U nafaqat maydon tashqarisida, balki uning ichida ham hech kimga naf keltirishga muvaffaq bo'lmadi. Paydo bo'lgan pauzadan unumli foydalanib sport formasini ushlab qolish o'rniga, Luka Belgrad ko'chalarida sayr qilib yuribti. Ochig'i, “Real Madrid” singari ulkan klublardan doim ham taklif tushavermaydi. Buning mas'uliyatini chuqur anglaganlargina berilgan imkoniyatdan unumli foydalanishi mumkin. Yovich o'tgan mavsumda barchaning e'tibor markazidagi hujumchi edi. Omadsiz o'tayotgan mavsumdan so'ng, uni o'rtamiyona jamoalar ham o'z safida ko'rishni istamayapti.
Pol Pogba
Bu erda ortiqcha izohga xojat yo'q. Pogbaning “qizil iblislar”ga mos futbolchi emasligi, uning tezroq jamoadan ketishi kerakligi haqida avvallari ham ko'p bor ta'kidlaganmiz. Shunga qaramay, so'nggi mavsumda Pol barchasini boshidan boshlashga qaror qildi, biroq jamoasi uchun hech qanday naf bergani yo'q. Tan olish lozim, “Real Madrid”ga transferi barbod bo'lgach, futbolchi tamomila o'zgarib qoldi. Boz ustiga,orttirilgan jarohatlar ham uni katta futboldan uzoqlashtirib yubordi.
Eden Azar
Ochig'i, Eden o'z faoliyatidagi eng omadsiz mavsumni o'tkazmoqda. Belgiyalik futbolchi yangi iqlim va yangi jamoaga juda sekin moslashdi. Bu ham etmaganidek, orttirilgan jarohatlar uning Zidan taktikasidan tushib qolishiga sabab bo'ldi. Bunday katta summa evaziga xarid qilingan futbolchining transferi omadsiz chiqqani haqida barcha fikr bildirishda davom etmoqda. Eng achinarlisi shundaki, o'tgan mavsum yozida amalga oshgan eng shov-shuvli transferdan “Real Madrid” deyarli foyda ko'rgani yo'q. “Real Madrid” Yovichni sotish orqali o'z pullarini qaytarib olishi mumkin, biroq endilikda Azar uchun hech kim 100 million evro to'lamasligi kundek ravshan. Mavsum boshida Florentina Peres belgiyalik futbolchi Ronalduning o'rnini bildirmaslik uchun jamoaga jalb etgan va Eden klubning yangi etakchisi bo'lishi kerak edi. Bugungi kunda kelib, “Real” yangi etakchilik bo'lmadi, Zidan esa hujum chizig'idagi muammolarni bartaraf eta olmadi. Qisqacha qilib aytganda, davom etayotgan mavsumda hech kim keraksizlik borasida Eden Azarning oldiga tusha olmayapti. Katta ehtimol bilan tusha olmasa ham kerak.