"Real" klubi sobiq yarim himoyachisi Stiv Makmanaman Dortmundning "Borussiya" klubi hujumchisi Erling Xolandga "Qirollik klubi" safiga o'tmaslikni maslahat bermoqda.
"Unga "Borussiya"ni tark etish uchun hali vaqt bor. Nazarimda, u Dortmundda o'zini baxtli his qilmoqda. Undan ham muhimi, u doimiy o'yin amaliyotiga ega bo'lib, gollar urmoqda. Xoland muddatidan avval qayiqni tark etmasligi kerak.
Hammamiz Luka Yovichning ahvolini ko'rdik. U o'tgan mavsumda Germaniyada ajoyib mavsumni o'tkazgan edi, ammo "Real" safida arang o'ynamoqda. Erling bunday bosimga muhtoj emas. Bundan tashqari, eshitishimcha, "Real" ko'proq Kilian Mbappega qiziqmoqda. Bir vaqtning o'zida ikkalasi "Madrid"ga o'tishi shart emas", – deya yozdi Makmanaman o'zining Horseracing.net saytidagi blogida.
Eslatib o'tamiz, Xoland 2020 yilning 1 yanvar kuni Avstriyaning "Zaltsburg" klubidan 20 million evro evaziga "Borussiya"ga o'tdi. 19 yoshli futbolchi dortmundliklar safida 8ta o'yinda maydonga tushib, 9ta gol urdi va 2ta golga uzatma berdi. Norvegiyalik futbolchi o'z jamoasi bilan 2024 yilning yoziga qadar shartnoma imzolagan. Transfermarkt uni 80 mln evroga baholagan.