Assalomu alaykum, Mehmon!
Kirish Ro'yxatdan o'tish
" FUTBOL TV " yangiliklar !!
Cristiano Ronaldo Barcelonga o'tmoqchi....
Futbol Tv jonli efir !!!

Xayrulla Hamidov maqolasi: Qobiliyat qurboni

Bugun 14 mart. Izlaymiz shu sana kimga qadrli ekanini.

.
- Yuklab olish

Bugun 14 mart. Izlaymiz shu sana kimga qadrli ekanini. Topamiz. Nikolya Anelka. Faoliyati davomida jamoasini izlagan iqtidor egasi achchiq taqdir sohibi hisoblanadi. Bugun u 41ga kirdi. Sof hujumchi. Vaqtida Arsen Venger unga ko'z tikib qo'ygan. Keyinchalik “Arsenal” tarkibida o'ynaganida frantsiyalik mutaxassis Nikolyadan yangi Anri kashf etadi, deb o'ylagandik. Yo'q, og'ir xarakter hamma joyda pand berganidek, to'pchilar tarkibida ham o'z so'zini aytdi.

O'zi Anelka kabi futbolchilar haqida gap ketganida, qobiliyatidan ko'ra insoniylik xarakteri haqida gapirishimizga to'g'ri keladi.

Anelka deganda ikki narsa keladi xayolimizga: birinchisi, frantsuz barcha bilan – xoh murabbiy, xoh sheriklari, xoh rahbarlar, farqi yo'q, - og'ir muomalada bo'lgan. Ikkinchisi, qobiliyati bilan hamisha, hatto yoshi o'tib qolganida ham mutaxassislarni umidlantirgan. Nikolyaning ichida ikki odam yashagandek go'yo.

Balki bunga uning boy oilada tug'ilgani sabab bo'lgandir. Versal shahri Anelkaning termadagi sheriklari Viera va Anri uchun ham tug'ilib, o'sgan maskan. Biroq, ular ko'pgina yulduzlar singari og'ir sharoitlarda o'sishgan. Ortga qaytmaslik uchun xarakterlarini tarbiyalashgan. Vaziyatga ko'nikma hosil qilib o'sganlar. Boylik ichida o'sgan Nikolya odamovi bo'lgani uchun futbol faoliyatida shu holatga ehtiyoj sezdi.

O'tgan asr oxirlarida PSJda o'zini komfort his qilmay, “Real”ga katta mablag'lar evaziga transferga o'tdi. Asr avvalida qirollik klubida Peres yulduzlardan jamoa tuzayotgan paytga to'g'ri keldi. Bosimlar ostida Anelka uzoq vaqt gol urolmay yurgani esimda. Muhim pallada katta sahnaga chiqqanu, birgina o'yin porlab ketishiga kifoya qilmagan. Bir yildayoq yana Parijga qaytish chiptasini sotib olish... O'ta alamli transfer.

Frantsiya poytaxtida ikki yil nisbatan o'zini ko'rsatgach, “Liverpul” chaqirig'ini qabul qildi. Bir mavsum, 22 o'yin, 5 ta gol. Jurnalistlar Anelka ustidan kulishda charchashmagan o'sha paytlar.

O'sha yilning o'zida “Manchester Siti” libosini kiyishiga nima deysiz endi? Hali badavlat bo'lmagan “shaharliklar” tarkibida ikki mavsumda 37 ta gol yo'llagan bo'lsa-da, janjalli hodisalarga aralashib qolgani bois, tumanli Albiondan ketishiga to'g'ri keldi. Bunga ko'proq BAAga borib, islomdan ta'sirlanib, dinini o'zgartirgani sabab deyishadi. Ismini ham o'zgartirganini ko'pchilik eslab qolgan. Hattoki shu erda qolishni istagan. E'tiqodan yaqin bo'lgan Turkiyani tanlagani shundan. “Fenerbaxche” libosidagi Anelka!

Istambulliklar tarkibida ikki yil to'p surib, yana boshqa chempionat orzusiga tushib qolishiga hech kim ajablanmay qo'ygandi. Angliya, qaytyapman, kutib ol!

Ammo qaysi klubga, deng? “Bolton”ga. To'g'ri, bu jamoa o'sha payti “Ribok” boshchiligida yangi loyiha tuzgan, tarkibiga Jey-jey Okocha, Fernando Yerro va Yuriy Jorkaeffdek iste'dod egalarini chorlagan edi. Biroq, gap shunda ediki, bu yulduzlar faoliyatlarining oxirgi bekatida ushbu klubga kelib qolgan bo'lishsa, qahramonimiz ayni kuchga to'lgan 25 yoshida edi. Qanday qilib shunday bo'lib qoldi, deb o'ziga savol berganmi, yo'qmi, bilmadimu, bu qadar talantli hujumchi uchun “Bolton” daraja emasdi.

Bu klubda nihoyat Anelka o'zini yig'ib oldi. Faqat futbol haqida o'yladi. “Arsenal”ga urgan supergollari va ikki mavsum ichida ko'rsatgan o'yini uchun “Chelsi” uni chorladi. Oxirigacha ishonish shunchalik bo'ladi. Terma jamoaga ham chaqirildi.
Aristokratlar tarkibida Nikolya eng yaxshi davrlarini o'tkazdi, deya olamiz. Moskvada kechgan Chempionlar Ligasi finalida oxirgi penaltini ko'kka sovurganiga qaramay, faoliyatining esda qolarli lahzalari shu jamoada o'tdi. So'nggiga kelib, o'ziga yarashadigan va muxlislar eslashga arziydigan klubini topdi.

Uzoq yillar o'z klubini topa olmay, oxiridagina sal bo'lsa-da xotirjamroq o'yin ko'rsatgan Anelka o'zi haqidagi e'tirozlarni qabul qilmaydi.
- Faoliyatim yaxshi kechgan. Hisobimda EChL kubogi va Evropa chempionati oltin medali borligini esdan chiqarmang!”, deydi.

Aslida esa... u bundan o'n barobar yuqorisiga haqli edi. Afsus, odam o'z darajasini avvalo o'zi anglasin ekan.

Nikolya, sen ko'pchilik iste'dod egalariga ibratsan. Qobiliyat qadriga etish, uni su'iste'mol qilish nechog'lik qimmat turishini faoliyating ila tushuntirding. Rahmat!

Xayrulla Hamidov

BestMaster
14 Mart 2020, 07:30
xayrulla, hamidov, maqolasi, qobiliyat, qurboni,
Ulashish
Yangilik yoqdimi? Do'stlaringiz bilan ulashing:
Fikr bildirish
Hali hech kim izoh qoldirmagan. Birinchi bo`lib izoh qoldiring :)!!
Fikr qoldirish uchun Ro`yxatdan o`tish lozim!!!
Online
© UzFIFA Group© RealFC.NET - 2017
iks
ads