Avvalo, bir fikrni aytib qo'yay, sarlavha “Real”ga muxlislikni anglatmaydi, shunchaki “Real” “Barselona”ga qarshi o'yinda sarlavhaga mos harakat qildi.
Endi o'yin haqida. O'yindan oldingi maqolamda “Real” safidagi yo'qotish, xususan, Azarning yo'qligi jamoaning o'yiniga jiddiy ta'sir ko'rsatmaydi, qabilida fikr bildirgandim. Chunki dastlabki “el-klasiko”da ham “qaymoqranglilar” Azarsiz juda yaxshi o'ynashgan, faqat gol etishmagandi. Bu safar esa Zidan ana shu kamchilikni yopdi.
Zidanning birinchi yutug'i — asosiy tarkibni to'g'ri tanlay bilgani. Bugun frantsiyalik mutaxassis ishonch bildirgan Marselo tajribaning o'rni qanchalik muhim ekanligini ko'rsatdi. Birgina vaziyat, Kurtua bilan birga-bir vaziyatga chiqib ketayotgan Messidan qoida buzmasdan to'pni olib qo'yish uchun katta tajriba kerak. Zidan Marseloni ana shu tajriba umidida maydonga tushirdi va braziliyalik himoyachi ishonchni oqladi.
Zidanning ikkinchi yutug'i — Kurtuaning ishonchli o'yini. Bugun belgiyalik posbon “gol o'tkazmasligim shart”, degan ahd bilan maydonga tushganini isbotladi. Birinchi bo'limning o'zida yaqqol uchta vaziyat, hatto Messining aniq va kuchli zarbasi — Kurtua seyvlari bilan o'zi tomon otilayotgan tanqid toshlarini sezilarli darajada kamaytirdi.
Zidanning uchinchi yutug'i — taktika. Frantsiyalik mutaxassis raqibga qarshi hujumkor taktikani tanladi. Kuchli pressingga tayandi. Aftidan, Kataloniya klubi bunga tayyor emasdi, shekilli, ko'p hollarda mehmonlar xatoga yo'l qo'yishdi. Zidan shogirdlari esa butun o'yin davomida tinmay yugurishdi va tezkor harakat qilishdi. Ayniqsa, o'zaro uzatmalar borasida murabbiyning futbolchilar bilan jiddiy ishlagani sezildi. “Real” hatto o'z jarima maydonida ham to'pdan shunchaki qutulishni o'ylamadi, qisqa uzatmalar bilan himoyadan chiqib ketish va hujumga o'tishga intildi.
Zidanning asosiy yutug'i — bugun “Real”ning har bir futbolchisi o'zining eng yaxshi o'yinini o'tkazdi.
“Real” safida har bir futbolchi o'z ishini munosib bajardi. Vaholanki, bunday holat har doim ham kuzatilavermaydi. Bu shuni anglatadiki, “qaymoqranglilar” bugungi o'yinga shunchaki navbatdagi raqibni mag'lub etish emas, “Barselona”ni, azaliy printsipial raqibni mag'lub etish nigohi bilan qarashgan. Buni Vinisius gol urganida Kazemironing ushbu muvaffaqiyatni alohida ehtiros bilan nishonlaganidan bilish mumkin. Aftidan, Zidan o'yindan oldin shogirdlariga shunday degan: “Bugun “Barselona”ni mag'lub etib, chempionlik o'rniga qaytishimiz kerak. Ham birinchi o'ringa qaytamiz, ham Kataloniya klubini engamiz”.
“Barselona” ham, aslida, yomon o'ynagani yo'q. Bugungi o'yindan kelib chiqib, jamoaning ruhiy holati u qadar yaxshi emasligini payqash mumkin. Kike Seten joriy mavsumdagi birinchi “el-klasiko”da yo'l qo'yilgan xatolarni o'rganmagan ko'rinadi. Chunki “Barselona” avvalgi “el-klasiko”dagi kabi harakat qildi: o'sha xatolar va hattoki oldingidan-da sustroq o'yin.
Bugun “Barselona” o'yinida tarqoqlik sezdim. Ayniqsa, ikkinchi bo'limda “Barselona” o'ziga o'xshamadi. Demakki, o'yindan oldin futbolchilarni etarlicha tayyorlay olmagan murabbiy tanaffusda ham kerakli so'zlarni topa olmagan. Aftidan, futbolchilar va murabbiy yoki rahbariyat o'rtasida qandaydir ziddiyat bor. Chunki bugun mehmonlarda jonkuyarlik, shiddat u qadar sezilmadi. Gap faqat murabbiyda emas, agar hozir Setenni iste'foga chiqarib, o'rniga boshqa murabbiyni olib kelgan taqdirda ham vaziyat o'zgarib ketishiga unchalik ishonmayman. Chunki Messidek sehrli tayoqchasi bor jamoa bugungidek beqaror o'ynamasligi kerak edi.
“Real” taxtga qaytdi, yana qanday — “Barselona”ni mag'lub etib. Tabiiyki, Madrid klubi muxlislari “Manchester Siti” va “Selta”ga boy berilgan ochkolarni ham unutishdi. Bu g'alaba o'z navbatida EChL doirasida “shaharliklar”ga qarshi kechadigan javob o'yinidan oldin o'ziga xos motivatsiya bo'ldi.
Nizomjon ISLOMOV