Evropa ligasida nimchorak final bosqichining barcha ishtirokchilari aniq bo'ldi. Kecha «Ayntraxt» klubi «Red Bull Zaltsburg» bilan durang o'ynab, ikki o'yin natijasiga ko'ra keyingi bosqich yo'llanmasini qo'lga kiritdi.
Shu tariqa, Germaniyaning 6ta klubi evrokuboklarning 1/8 finaliga chiqdi. Evropa ligasida «Bayer», «Volfsburg» va «Ayntraxt» o'z ishtirokini davom ettirayotgan bo'lsa, Evropa chempionlar ligasining nimchorak finalida «Bavariya» (dastlabki o'yinda «Chelsi» 3:0 hisobida mag'lub eti), «RB Leyptsig» («Tottenxem»ni mag'lub etdi — 1:0) va «Borussiya» Dortmund («PSJ» ustidan g'alaba qozondi — 2:1) klublari dastlabki o'yinlarni o'tkazishdi.
Angliyaning esa ikkita jamoasi — «Manchester Yunayted» va «Vulverxempton» Evropa ligasida 1/8 finalga chiqishdi. «Chelsi», «Tottenxem», «Liverpul» va «Manchester Siti» klublari EChLda chorak finalga chiqish uchun kurash olib borishmoqda.
Shuningdek, Ispaniyadan ham 6ta jamoa evrokuboklarning nimchorak final bosqichida o'z yurishini davom ettirishmoqda. «Real», «Atletiko», «Barselona» va «Valensiya» EChL, «Xetafe» va «Sevilya» esa Evropa ligasining ushbu bosqichigacha etib kelishdi.
Italiya esa 5ta klub bilan o'z ishtirokini davom ettirmoqda. «Yuventus», «Napoli» va «Atalanta» EChLda, «Roma» va «Inter» Evropa ligasining pley-off bosqichidan chiqib ketishmadi. Frantsiyada esa 2ta klub qoldi — «PSJ» va «Lion» (har ikkasi Chempionlar ligasida).
Portugaliyaning barcha klublari evrokuboklardan chiqib ketgan bo'lsa, Daniya, Gretsiya, Turkiya, Ukraina, Avstriya, Shveytsariya va Shotlandiyaning bittadan jamoalari Evropa ligasida ishtirok etishmoqda.