Stadion.uz «Real Madrid»ning barcha zamonlardagi eng yaxshi futbolchilaridan tashkil topgan ramziy jamoani e'tiboringizga havola etadi.
Iker Kasilyas
Klub tarbiyalanuvchisi sifatida «Real Madrid» jamoasiga kelgan darvozabon jamoani klub afsonasi darajasida tark etdi. Klub va terma jamoa safida yutish mumkin bo'lgan barcha musobaqalarda g'olib chiqqan Iker nafaqat «Real»ning, balki butun dunyoning yangi asr boshidagi eng yaxshi darvozaboni sanaladi.
Serxio Ramos
Ayni damda markaziy himoyada to'p surayotganiga qaramay, Ramos jamoaga o'ng qanot himoyachisi sifatida taklif etilgan. Boz ustiga, «qirollik klubi» safida markaziy himoyada shu qadar kuchli futbolchilar to'p surganki, xatto Ramosni o'ng qanotga ko'chirishga majbur bo'ldik. Umid qilamizki, «el-kapitano» bundan ranjimaydi.
Manuel Sanches
O'z otasi – Sanches Martines singari «qirollik klubi»da faoliyat olib borgan himoyachi har jabhada dadasidan o'zib ketishga muvaffaq bo'ldi. 60-yillarda klub sharafini himoya qilgan futbolchi 18 mavsum davomida 8 ta chempionlik va 2 ta evrokubokda zafar quchishga muvaffaq bo'lgan. Uni Madrid jamoasining o'tgan asrdagi eng mashhur futbolchilaridan biri desak, adashmagan bo'lamiz.
Fernando Yerro
Sanchesdan farqli o'laroq, Yerro futbol ortida butun dunyoni kezib chiqishga ulgurganlardan biri. Ayni damdagi Varan qanchalar yorqin ko'rinmasin, u hali Fernando darajasiga ko'tarilgani yo'q. Qahramonimiz faoliyati davomida tayanch yarim himoyachisi va markaziy himoyachi sifatida harakat qilganiga qaramay, «qaymoqranglilar» uchun 601 uchrashuvda 127 ta gol kiritishga muvaffaq bo'lgan. Shuningdek, uning etakchilik qobiliyatini ham alohida qayd etib o'tish joiz.
Roberto Karlos
Ko'pchilik bu nuqtada Marseloning paydo bo'lishini tahmin qilgani rost. Shuningdek, butun faoliyatini Madrid jamoasiga bag'ishlagan Xose Antonio Kamacho ham bunga loyiq edi, biroq biz aynan Roberto Karlosni tanladik. Kichik jussasiga qaramay «dahshatli» zarbalar ijro etuvchi chap qanot qiroli 3 ta EChL va 4 ta La Liga g'olibligini qo'lga kiritgan. 527 ta uchrashuv va 69 ta gol. Ushbu gollarning barchasi shedevr darajasida ekanligini ham hisobga olib qo'ying!
Pirri
Xose Martines Sanches yoxud Pirri «Real Madrid» safida naqd 10 bor chempionlikni qo'lga kiritgan kam sonli futbolchilardan biri sanaladi. Qahramonimiz «qirollik klubi» safida 16 mavsum harakat qilgan bo'lib, deyarli barcha pozitsiyalarni yopishga qodir chinakam universal futbolchi edi. 60-yillarda u kabi universal futbolchilarni topish oson bo'lmaganini inobatga olsak, Pirri bu nuqtaga asosiy da'vogar sanalgan Toni Kroosni ortda qoldirishga haqli.
Luka Modrich
Madridga 26 yoshida ko'chib kelgan Modrichni avvaliga Ispaniyada yilning eng omadsiz transferi deb atashgan edi. Shunga qaramay, xorvat o'zida kuch topdi va vaziyatni tubdan o'zgartirishga muvaffaq bo'ldi. Yangi asrda «Real Madrid»ning qayta-qayta Evropa taxtiga ko'tarilishda Lukaning xissasi juda ulkan. Ko'pchilik 90+3da Ramosning «Atletiko» darvozasiga urgan golini yaxshi eslaydi, biroq o'sha uzatmani kim amalga oshirgani bilasizmi? Modrich doimo superyulduzlar qurshovidagi jamoaning «marvaridi» bo'lib kelgan bo'lsada, doimo kadr ortida qolib ketadi.
Zayniddin Zidan
To'g'ri, Zizu «qaymoqranglilar» safida ko'p uchrashuv o'tkazmagan. To'g'ri, uning jamoa bilan yutgan sovrinlar soni ham qolganlarnikidan kamroq, biroqumaydonda ko'rsatgan «mo''jizalari» bilan ham bugungi ro'yxatga kirishga loyiq. Shunchaki, EChLning 2001/2002-yildagi final uchrashuvidagi golni eslang! O'ylashimizcha,barchasi barchaga tushunarli! U Madrid superklubi tarixidagi abadiy qoluvchi personajga aylanishi uchun o'sha golning o'zi kifoya. Uning texnikasi va shedevr uzatmalari haqida gapirmasa ham bo'ladi.
Alfredo Di Stefano
Agar Santyago Bernabeu «Real Madrid»ning otasi sanalsa, Di Stefano uning bobosi desak, adashmagan bo'lamiz. Ushbu klubning dunyoda dong taratishida Alfredo qo'shgan hissa juda ulkan. U 21 asrga qadar jamoa safida eng ko'p o'yin o'tkazgan va eng ko'p gol urgan futbolchi sifatida e'tirof etilgan. Keyinchalik jamoaga Raul va Ronalduning kelishi ham uning jamoa uchun qilgan mehnatlariga soya sola olmadi.
Raul
Kamtarin va sodda yulduzni bugungi ro'yxatga kiritganimiz uchun Xento va Pushkashlar bizdan xafa bo'lishmaydi degan umiddamiz. Ronalduga qadar «Real Madrid» timsoli va uning yuzi sifatida tanilgan yigit 7 yil davomida «qirollik klubi»da sardorlik bog'ichini munosib taqib yurdi. Hech kim bilan janjallashmadi, hech kimni xafa qilmadi, biroq u Madridni tark etganida barcha xafa bo'ldi. Ko'pchilik Raul «Real»dan ketgachgina ancha ulg'ayib qolganini his etgan bo'lsa, ajab emas.
Ronaldu
Madriddagi 9 mavsum Krishtianu uchun deyarli barcha rekordlarni yangilashga kifoya qildi. Jamoasi uchun o'n beshdan ortiq sovrinlarni yutib bergan zamonimizning eng yaxshi futbolchisi 438 ta uchrashuvda 450 ta gol kiritishga muvaffaq bo'ldi. Bundan tashqari, aynan Ronaldu yangi asrda «Real Madrid» boy berib qo'ygan buyuklikni ham jamoaga qaytardi. Uning klub uchun qilgan ishlariga ortiqcha ta'rif berish shart emas. Shundoq ham barchangiz bundan xabardorsiz. Shunchaki,recpekt,Krish!
Migel Munos
Janob Migelni alohida e'tirof etishni afzal ko'rdik. Qahramonimiz avvaliga futbolchi sifatida jamoa bilan 9 ta sovrin yutgan bo'lsa, murabbiylikda bu sovrinlarga yana 15 ta kubok qo'shildi. Ayniqsa, uning qo'l ostida «qaymoqranglilar» naqd 9 bor chempionlikni tantana qilganiga qoyil qolmaslikning iloji yo'q. Shu kunga qadar birorta murabbiy «Real Madrid»ni hech yo'q 3 bor champion qilishni uddalay olmagan.