«Inter» hujumchisi Lautaro Martines yozda boshqa jamoaga o'tishi mumkin. 22 yoshli argentinalik futbolchiga «Barselona» va «Real» klublari qiziqish bildirishmoqda.
Kataloniyaliklar markaziy hujumchi pozitsiyasini kuchaytirish maqsadida Martinesni sotib olishmoqchi. O'z navbatida "Qirollik klubi"ga ham yuqori saviyadagi forvard kerak. Jamoa prezidenti Florentino Peres klubning bir necha rahbarlari bilan maslahatlashganidan keyin asosiy urg'uni argentinalik futbolchiga qaratishga qaror qildi.
Endi esa «Barselona» va «Real» klublar Lautaroning shaxsan o'zi bilan gaplashib, uni o'z safiga o'tishga ko'ndirishga harakat qilishadi.
"Mundo Deportivo" tarqatgan xabarga ko'ra, «Barsa» sport direktori Erik Abidal va futbolchilar o'rtasida yuz bergan voqeadan so'ng Martines uchun kurashda «Real» ustunlikka ega.
Eslatib o'tamiz, Lautaroning «Inter» bilan shartnomasida 111 million evro miqdorida tovon puli belgilangan.