Angliyaning “Manchester Siti” jamoasi ustozi Pep Gvardiola “Real Madrid”ga qarshi bo'lib o'tgan Evropa chempionlar ligasi nimchorak final bosqichi doirasida bo'lib o'tgan o'yin haqidagi fikrlari bilan o'rtoqlashdi.
— Pep, “Real Madrid” ustidan qozonilgan g'alabadan so'ng futbolchilaringiz bilan faxrlanasizmi?
— Ha, albatta. Eng quvonarlisi shundaki, biz bugun engilib turib g'alabani ilib ketdik. Dunyoning eng kuchli jamoasiga qarshi o'yinda xarakter namoyish etdik. Uchrashuv boshida juda qiynaldik. Birinchi bo'limda 10 ta ketma-ket pas berishning ham uddalay olmadik. “Real”ga qarshi o'z uslubimizda o'ynash oson bo'lmadi. Eng muhimi biz hammasini chetga surib tashlashga va o'yinni qo'limizga olishga muvaffaq bo'ldik. “Real Madrid” gol kiritgach, o'yin ritmiga tushib oldi. Ularning qo'li baland kelayotgan jarayonda gol urganimiz uchun to'liqligicha maydonni qaytarib oldik. Hozir biz baxtlimiz, lekin javob uchrashuvm yaqinlashgani sari hayajonimiz ortib boradi. Hali hech narsa o'z yakuniga etgani yo'q. Oldinda yana bitta o'yin bor. Madrid jamoasi juda tajribali futbolchilardan tashkil topgan. Shunga qaramay, o'z maydonimizda yaxshi o'yin ko'rsatishga umid qilaman.
— Penaltini nega Kevinga topshirdingiz?
— Buning hech qanday siri yo'q. U o'zi menga penalti tepishga tayyorligini aytdi va biz unga ishondik. O'yindan so'ng, unga ma'suliyatni o'z bo'yniga olgani uchun rahmat aytdim. Qolgan futbolchilarimga ham albatta. Katta bosim ostida penalti tepish juda mushkul. Mana shunday holatda bu ishni o'z bo'yniga olgan futbolchilarni har qancha maqtash mumkin.
— Pep, jamoangiz tushib qolgan qiyin vaziyat sababli yigitlaringizga motivatsiya berdingizmi?
— Yo'q. Bunday qilmadik. Biz vaziyatni boshqarishga qodir emasmiz. Bizning vazifamiz maydonga tushish va g'alaba qozonish. Bizning advokatlarimiz bu borada qizg'in ish olib borishmoqda. “Real” ustidan qozonilgan g'alabamiz men uchun katta voqea emas. O'tgan yili ham biz EChLda juda yaxshi ishtirok etgan edik. “Tottenhem” bilan o'yinni eslang. Biz o'shanda penaltini aniq amalga oshirganimizda barchasi boshqacha ko'rinish olgan bo'lar edi. EChL shunisi bilan o'zgacha musobaqa. Barcha bu mosobaqada g'olib chiqishni istaydi, lekin bu oson ish emas. Klubimizga bo'layotgan bosimdan xavotirga tushmayapmiz.