Yaqindagina Eden Azarning “Barselona” va “Manchester Siti”ga qarshi uchrashuvlarni o'tkazib yuborishi borasida xabarlar tarqaldi. Ochig'i,bunday yangilikdan so'ng, belgiyalik futbolchi va uning yangi klubiga havas qilishning iloji yo'q. Shunga qaramay, Eden “Real Madrid”ning yagona muammosi emas...
Aslida “Real Madrid”ning asosiy muammosi hali-hanuz Ronalduning yo'qligi bo'lib turibdi. Portugaliyalik jamoadan ketgach, klub uning o'rnini ruhan va jismonan bosishga qodir futbolchini olib kelishni uddalay olmadi. Eden Ronaldu ketgach oradan bir yil o'tib jamoaga taklif etildi. Keling,tan olaylik, Azarning Ronaldu bilan o'xshash qirralari deyarli yo'q edi. U hech qachon mavsum davomida 40 ta gol urmagan. Bundan tashqari, Azarning maydondagi asosiy funktsiyasi so'nggi zarbani berish emas, so'nggi pasni ijro etishdan iborat. Eden qaysidir ma'noda ish berishi mumkin edi, biroq undagi jarohatlar bunga to'sqinlik qildi. Agar jarohatlar bo'lmaganida ham o'ylashimcha juda katta effekt bermagan bo'lar edi. Sababi, belgiyalik futbolchi jamoaga ijobiy ta'sir o'tkazishi uchun markazda gol-odam harakat qilishi kerak.
Ochig'i, Karim Benzemaning o'yin uslubi biroz o'zgacharoq. U jamoaviy o'yinni xush ko'ruvchi aqlli hujumchi. Unda “qotillik” instinkti deyarli mavjud emas. Hozir “Real Madrid” muxlislarining qoshlari chimirilib ketgan bo'lsa, ajab emas. Keling,so'zlarimni statistik ma'lumotlar bilan isbotlab beraman.
Ayni dam La Ligada darvozaga zarba yo'llash borasida “Real Madrid” (407 ta zarba) yaqqol etakchilik qilmoqda, biroq kiritilgan gollar sonida emas. Masalan, jamoa 407 ta zarba orqali 46 ta gol kiritgan bo'lsa, “Barselona” 322 ta zarbadan 62 ta gol “yasashga” muvaffaq bo'lmoqda.
Barcha tanqid qilayotgan “Barselona”ning hujum chizig'i deyarli ikki barobar saviyaliroq o'yin ko'rsatmoqda. Qaysidir ma'noda Ronalduning ketishi yakunlovchi zarbalardagi aniqlikka ta'sir o'tkazmoqda. Shuningdek, portugaliyalik futbolchi davrida “Real Madrid” o'zi ishtirok etgan uchrashuvlarning atigi 8 foizidagina hisobni ochmagan ekan. Bu ko'rsatgich bugungi kunda 23 foizdan oshib ketdi.
Muammo faqat Ronalduning yo'qligida emas aslida. Muammo shundaki, “Real Madrid” xuddi oldinda Ronaldu bor degan fikr bilan o'ynayotganida. Jamoa hujum chizig'idagi futbolchilar uchun shu qadar ko'p vazyat yaratib beryaptiki, xuddi oldinda Gabriel Batistuta yoki Filippo Inzagi o'ynayotgandek go'yo. Aslida Karim chakki hujumchi emas. Krish ketgach u ham o'z mavqeini ancha tiklab oldi, biroq u yuqorida aytilganidek,super yakunlovchi emas. U to'p bilan markazdan qanotga o'tishi, bir yoki ikkita himoyachini chalg'itishi mumkin, biroq kerakli pallada kerakli joyda paydo bo'lishda hali-ham oqsamoqda. Uning gollari soni ortishi vaziyat o'nglanganini bildirmaydi. Shunchaki, hujumchi endi markazda o'ynashga harakat qilmoqda. Ba'zan bu naf bersa, ba'zan Karim vaziyatlarni ko'kka sovurmoqda.
E'tibor qaratgan bo'lsangiz kerak, so'nggi paytlarda “Real Madrid”ning hujumlaridagi keskinlik yo'qolib bormoqda. Ayniqsa, pozitsion hujumlar chog'ida jamoada keskin paslar yoki yuqori temp umuman ko'rinmayapti. Oqibatda, klub o'z hujumlarini yaxshi tayyorlanmangan zarbalar bilan yakunlashga majbur bo'lmoqda. Masalan, Eden uchun ham gol kiritishi uchun 12 ta urinish kerak bo'ldi. Vaholanki,zarbalarning 11 tasi jarima maydonchasining ichidan yo'llangan edi.
Ayni damda Eden –“Real Madrid” uchun chinakam falokatga aylanib ulgurdi. Belgiyalikning omadsizligini faqat jarohatlar bilan bog'lash noo'rin. Uning o'zidan ham o'tgan joylari mavjud. Masalan, Eden “Real”ga o'tgach, o'z karerasidagi maksimum darajaga chiqqanini his etdi va o'zini erkin qo'yib yubordi. Uni Ispaniyadagi eng qimmat mehmonhonada xordiq chiqarayotgan suratlari ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo'lgach, futbolchi o'sha mashhur: “ta'tilda hamma narsa mumkin” so'zlarini aytdi.
Insoniylik jihatidan olib qaralsa, Edenga achinishingiz turgan gap, biroq mavsum oldi voqealarni bir yodga oling?! Futbolchi yangi jamoasiga ortiqcha vazn bilan etib kelgan, professional testdan o'ta olmagani, 100 millionlik futbolchining yangi jamoasidai suratini fotoshopda tayyorlashgani, motivatsiyasiz mavsum va boshqa ko'plab biz bilmagan muammolar futbolchini 4 bor jarohat olishiga sabab bo'lgani bor gap. Futbolchining so'nggi jarohati uni kamida 2 oy safdan chiqishini ta'minlab berdi. Bu deyarli Azar uchun mavsum tugadi degani.
Ochig'i, “qaymoqranglilar”ning hujumdagi no'noqligini Eden Azar bilan bog'lash noo'rin. Shunchaki Eden Azarni sotib olishdan “Real Madrid” qanday foyda ko'rgani tushunarsiz. Boz ustiga, "Real"ning nursiz mavsumida barchaning ko'ngliga iliqlik bergan yosh Vinisiusning o'rniga xuddi u singari harakat qiladigan yangi braziliyalikni olib keldi. Bunisiga nima deysiz? Umuman izohsiz qarorlar ko'payib bormoqda.
Ochiqchasiga aytganda
Umuman olganda, “Real Madrid” so'nggi mavsumlarda borgan sari o'zi uchun zararga ishlaydigan qarorlarni qabul qilishda davom etmoqda. Eden Azar iqtidorlimi? Ha unda olamiz! Benzema hujumkor futbolchi va ajoyib 9-raqam egasimi? Bo'lmasa-chi, nayzaning uchida u harakat qiladi! Biz qaysi jamoamiz? “Real Madrid”! Biz nimani istaymiz? Juda ko'p gol kiritishni! Shuncha golni kim uradi? Bunisini bilmaymiz! Jamoa qanchalar kuchli futbolchilardan tashkil topgan bo'lmasin, tarkibida Levandovski, Messi,Ronaldu yoki hatto Xoland singari yakunlovchi bo'lmas ekan, jamoadan yuqori sifatli o'yin kutish juda mushkul. Agar, buni anglab turib ham to'purar hujumchisiz harakat qilinsa, ushbu klub yakunda barcha frontdagi sovrinlarni raqiblariga topshirib qo'yishi aniq.
Ya.U