«Real» va «Barselona» klublari o'rtasidagi navbatdagi o'yin 1 mart kuni «Santyago Bernabeu»da bo'lib o'tadi. Har ikkala jamoa safida mazkur uchrashuvni o'tkazib yuborish xavfi ostida turgan futbolchilar bor.
Jumladan, «Barselona» himoyachilari Samuel Umtiti va Kleman Langle navbatdagi o'yinda sariq kartochka olishsa, «Real»ga qarshi kechadigan uchrashuvni o'tkazib yuboradi. Langle yaqindagina qizil kartochka tufayli diskvalifikatsiya muddatini o'tagan edi, ammo uning "sariq"lari "kuyib" ketmadi.
"Ko'k-anorranglilar" shanba kuni "Kamp Nou"da "Eybar"ni qabul qilishadi. Mezbonlar mazkur o'yinda yuqoridagi ikki himoyachining ogohlantirish olmasligi va barcha futbolchilarning jarohat orttirmasligiga umid qilishadi.
«Madrid» safida esa Ferlan Mendi diskvalifikatsiyadan bitta "sariq" masofada turibdi. Frantsiyalik himoyachi Zidan jamoasidagi muhim o'yinchilardan biriga aylandi. Uning maydonda bo'lmasligi "Real"ning "klasiko"da kuchsizlanib qolishiga sabab bo'lishi mumkin. «Qaymoqranglilar» keyingi turda safarda «Levante»ga qarshi maydonga chiqishadi.
«Real»ga qarshi o'yinda «Barsa»ga Luis Suares, Usmon Dembele va Xordi Alba yordam bera olmasligi aniq.
Madridliklar safida jarohatlanganlar kamroq: Eden Azar tiklanishga ulgurgan bo'lsa, Marko Asensio va mashg'ulotda jarohat olgan Mariano Dias "el-klasiko"da ishtirok etishmaydi.