«Real» klubi Ispaniya chempionatining 24-turi doirasida o'z uyida La liga autsayderlaridan biri — «Selta»ni qabul qilib, kutilmaganda, ochko yo'qotdi.
Vigoliklarning rossiyalik legioneri Fyodor Smolov uchrashuvning 7-daqiqasida darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketdi va darvozani ishg'ol qildi.
Madridliklar ikkinchi bo'limga kelib hisobni ochishga muvaffaq bo'ldi. Kroosning zarbasidan keyin to'rga borib tushdi. Raqib darvozasi tomon bosim uyushtirishda davom etgan Zidan jamoasi ko'p o'tmay hisobda oldinga chiqib oldi. Darvozabon Eden Azarga nisbatan qo'pollik ishlatgani uchun penalti belgilandi. Ramos esa 11 metrli jarima zarbasidan samarali foydalandi.
Shundan so'ng "qaymoqranglilar" biroz xotirjamlikka berilishgan bo'lsa, «Selta» to'p nazoratini o'z tomoniga og'dirdi. O'yin tugashiga 4 daqiqa qolganida uyushtirilgan chiroyli hujumni Santi Mina aniq yakunlab, hisobni tenglashtirdi.
Qolgan daqiqalarda mehmonlar ishonchli himoyalanib, durangni saqlab qolishdi.
Ushbu durang tufayli "Real" esa "Barselona"dan atigi 1 ochko oldinda bormoqda.
Ispaniya La ligasi, 24-tur
Real Madrid – Selta 2:2 (0:1, 2:1)
Gollar: 0:1 – 7 Smolov, 1:1 – 52 Kroos, 2:1 – 65, penalti Ramos, 2:2 – 85 Santi Mina.
Real Madrid – Kurtua, Varan, Karvaxal, Marselo, Ramos, Kazemiro, Valverde, Azar (Vinisius Junior, 73), Kroos (Modrich, 81), Beyl (Mendi, 84), Benzema.
Selta – Ruben Blanko, Olasa, Arauxo, Aydu, Vaskes (Sisto, 55), Yokushlu, Rafinya, Bradarich (Santi Mina, 83), Murilo, Smolov (Denis Suares, 70), Aspas.
Ogohlantirishlar: Olasa (57), Beyl (72), Karvaxal (74), Yokushlu (76).