«Barselona» hujumchisi Ansuman Fati Ispaniya chempionatining 22-turi doirasida bo'lib o'tgan «Levante»ga qarshi o'yinda (2:1) ikkita gol urdi. Shu tariqa, 17 yoshli futbolchining ushbu mavsumdagi La liga doirasidagi gollari soni 4taga etdi.
E'tiborli tomoni, «Real»ning yosh hujumchilari — Vinisius Junior, Luka Yovich va Rodrigo Goes birgalikda 4ta gol urishgan. Rodrigo o'z hisobiga 2ta gol yozgan bo'lsa, qolgan ikki futbolchi bittadan gol muallifiga aylanishgan.
Ma'lumot o'rnida. Ansu La liganing ushbu mavsumida 13ta o'yinda ishtirok etib, maydonda umumiy hisobda 582 daqiqa harakat qildi. U har 145 daqiqada bitta gol urmoqda.
Vinisius va Yovich «Real» futbolkasida 14ta o'yinda ishtirok etishgan bo'lsa, Rodrigo Ispaniya chempionati doirasida 12ta uchrashuvda ishtirok etgan.
Fati «Barselona» tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. «Real» esa Rodrigo uchun «Santos»ga 45 mln evro, Vinisius uchun «Flamengo»ga 45 mln evro hamda Luka Yovich uchun «Ayntraxt»ga 60 mln evro pul to'lagan.