Mahalla kattagina. Lekin hammaning e'tibori ikki qo'shniga qaratilgan. Biri o'ta boy. Ikkinchisi o'rtacha. Ko'chaga chiqdim desa urishaverishadi. Gohida unisi yutadi, gohida bunisi. Mahalla ahli – tomoshabin.
Ularning bu qadar ko'p janjallashishlariga sabab – kurashlar natijasi turfa xilliligida. Hech kim oldindan bilmaydi kim engishini.
Yaqinda ular hatto Saudiya Arabistoniga borib kelib ham janjallashib qaytishdi. Odamlar butkul boshqa niyat bilan boradigan mamlakatdan shunday taassurot bilan qaytish... bilmadim.
Yosh qo'shnilarning bolalari o'rtasida ham nuqul janjal. Chunki ularning otalari shunday. Bir-birini ko'rdim deguncha asabiylashishadi. Qizig'i, mahallaning bir burchagidagi (aslida “bu mahallaga aloqam yo'q deydigan”) o'ziga to'q xonadon shularning jangini boshqacha kuzatadi. Tabiiyki, o'rtaholiga yon bosib. Ur-ho-ur, deb hayqiribam turadi.
Xullas, bugun hamshaharlar jangi:
Derbi Madrileno...
20:00da, Uzreport kanalida.
Ayni paytda “Real” birinchi o'rinda va eng kam gol o'tkazib yuborgan klub. “Atletiko” ham qolishmaydi – bir gol ko'p o'tkazgan, xolos. Himoyasi kuchli jamoalar o'rtasidagi bahs.
Saudiyada o'tgan Superkubok finalida ko'rdik bu himoya qo'rg'onlarini: 120 daqiqalik golsiz kurash...
“Santyago Bernabeu”da bu safar jamoalar ozgina ochilibroq o'ynashsa kerak. Har holda, o'rtaga kubok tikilmagan. Bor-yo'g'i ochkolar.
Birga kuzatamiz!!!
Xayrulla Hamidov.