Hayot davom etadi. Ishni ham davom ettiramiz. Bugun katta futbol kuni. Ispaniya va Italiyada ayniqsa.
O'ylashimcha, "Real Madrid" muxlislari oqshomni intizorlik bilan kutishyapti. Sababi, agar Zidan va kompaniya bugun 3 ochko olishni uddalasa, turnir jadvalida yakka peshqadamga aylanadi. Chempionlik poygasida "Barselona"ni "Valensiya" qoqiltirdi. Realning kayfiyatiga esa asosiy raqib natijasi albatta ta'sir qiladi.
Raqib - "Valyadolid". O'yin mehmonda.
Ronaldo jamoasi nima taklif qila oladi? (Bilamanki buni bilasiz, bilmaganlarga bildirib qo'yaman, braziliyalik fenomen Ronaldo "Valyadolid" prezidenti). Xo'sh nima qila oladi? Madridda "Santyago"da durang o'ynab kelgan birinchidan, o'zi umuman kuchlilar bilan durangga o'ynaydi va bunga erishadi ko'pincha. Boshqa jiddiy fakt topish qiyin. Madrid Azar, Beyl, Karvaxal, Asensiosiz ham baribir favorit. Zidan mavsumlarning ikkinchi qismida jamoani formaga chiqaradi. Buni 2020 yilda ham ko'rib turibmiz. La Ligada 2 o'yin, 2 g'alaba, kubokda yana bitta g'alaba, plyus bitta titul - superkubok.
Shularni inobatga olgan holda bugun "Valyadolid" - "Real Madrid" o'yinida mehmonlar g'olib chiqishga da'vogar. Lekin bu uxlab qolishga sabab bo'lmasin. Katta ustunlik bilan yuta olmaslik mumkinligini futbol ba'zida ko'rsatib qo'ymoqda...
La Liga. 21-tur.
"Valyadolid" - "Real Madrid"
FUTBOL-TV 00:50 live