«Malaga» prezidenti Abdullla bin Nosir As-Soniy «Barselona» klubi va uning muxlislariga qarata aytgan keskin gaplari uchun jazolandi.
Avvalroq, «Barselona» muxlislaridan biri As-Soniyga tvitterda murojaat qilib, Primeraning so'nggi turida «Real»ni mag'lub etishni iltimos qilgan va bu bilan jamoasi chempion bo'lishiga umid bildirgandi.
As-Soniy esa unga keskin ohangda javob berib: «Ollohning madadi bilan «Real»ni toshbo'ron qilamiz. Biroq, Michel haqidagi yolg'on gaplaridan so'ng, Kataloniya tashlandiqlari chempionlik ta'mini totmagay» - deb yozdi.
Gap shundaki, ayni paytda «Malaga» klubini boshqarayotgan Migel Michel «Real»ning sobiq futbolchisi hisoblanadi. Yaqinda u «Real»ga chempionlik tilashini, ammo unga qarshi o'yinda g'alaba uchun maydonga tushishini aytgandi. Kataloniyaliklar esa «Malaga» «Real»ga qarshilik ko'rsatmaydi degan gap-so'zlarni tarqatishgandi. Xususan, bosh murabbiy Luis Enrike kinoya bilan: «Malaga»ning g'alabasiga umid qilishimiz mumkinmi? Agar buvimning g'ildiraklari bo'lganida, u velosipedga aylanib qolardi» - degandi.
Keyinchalik, As-Soniy qo'pol gaplari uchun uzr so'ragan bo'lsa-da, baribir 3500 evro miqdorida jarimaga tortildi.