"Real" klubi bosh murabbiyi Zayniddin Zidanning uyini o'g'rilar tunab ketishdi. Bu haqda As nashri xabar tarqatdi.
O'g'rilik yuz bergan paytda Almeriya provintsiyasining Lubrin shahrida joylashgan uyda hech kim bo'lmagan. Jinoyat yuzasidan politsiyaga murojaat qilindi. Hozircha boshqa tafsilotlar ma'lum qilinmadi. O'g'rilar xonadondan qanday boyliklarni olib chiqib ketgani haqida ham ma'lumot mavjud emas.
Zidan uch qavatli uyni 2010 yilda sotib olgan. U provintsiya markazidan 72 km olisda joylashgan. Murabbiy jurnalistlar ta'qibidan uzoqroqda bo'lish uchun atayin chetroqdan uy topgan.
So'nggi paytlarda Ispaniyada futbolchilar o'g'rilardan tez-tez jabr chekishmoqda. Avvalroq Kazemiro, Vaskes, Zidan, Isko, Benzemaning uyiga yovuz niyatli kishilar kirishgan. O'g'rilar odatda futbolchilarning uyda yo'q paytini poylab kirishadi.