Assalomu alaykum, Mehmon!
Kirish Ro'yxatdan o'tish
" FUTBOL TV " yangiliklar !!
Cristiano Ronaldo Barcelonga o'tmoqchi....
Futbol Tv jonli efir !!!

Men “Real”ni nega yaxshi ko'raman?

Futbolni mehr bilan tomosha qila boshlagan paytimda “millionlar o'yini” “Yoshlar” telekanali orqali efirga uzatilardi. O'sha paytlarda, asosan, futbol tungi 23:00 atrofida bo'lardi. Dadam, akam va men tomosha qilardik.

.
- Yuklab olish

Futbolni mehr bilan tomosha qila boshlagan paytimda “millionlar o'yini” “Yoshlar” telekanali orqali efirga uzatilardi. O'sha paytlarda, asosan, futbol tungi 23:00 atrofida bo'lardi. Dadam, akam va men tomosha qilardik.

Futbolni endi ko'ra boshlagan, bu o'yinga qiziqishim paydo bo'lgan paytda dadam akam va menga jamoa tanlab berardi. Chunki u paytda qaysi jamoaga nima uchun muxlislik qilishni bilmasdik. Balki, yoshlik qilgandirmiz. Ammo futbolga oilaviy muxlis bo'lganimiz uchun qiziqib ko'rardim.

Esimda, dadam akamga oq libosdagi, menga esa boshqa rangdagi libosdagi jamoani tanlab berardi. Ana shunday tanlovlardan birida mening chekimga “Real” to'g'ri keldi. Dastlab “Dadam aytdi, shu jamoaga muxlislik qilishim kerak”, degan fikrda “qirollik klubi”ni olqishlaganman. Keyin esa “Real”ning o'yinlari meni o'ziga rom eta boshladi.

O'z davrining afsonalari yig'ilgan o'sha davrda men tamomila “qaymoqranglilar”ning muxlisiga aylandim. Ochig'i, o'sha paytda ham, hozir ham “Real”ga nega muxlislik qilishimni ochiq tushuntirib berolmayman. Chiroyli o'yin boshqa jamoalarda ham bor, kuchli futbolchilar boshqa jamoalarda ham bor, shonli tarix boshqa jamoalarda ham bor... Ammo “Real”ga mehrim bo'lakcha. Ehtimol, “qirollik klubi”ni yaxshi ko'rishimning aniq sababi bo'lmagani uchun ham bu jamoadan voz kechib keta olmasman.

Men uchun kim “Real”ning eng yaxshi futbolchisi: Ronaldumi yoki Raul? Men Raulni tanlayman. To'g'ri, Ronaldu “Real” tarixida rekord o'rnatdi, ammo u Rauldek “Real” ramziga aylana olgani yo'q, takror aytaman, Ronaldu ham Realning ramzi, ammo bu borada Rauldan keyingi o'rinda turadi. Bu erda natijalar, gollar muhim emas. Raul menga “qirollik klubi”ni tanitgan, Raul “Real”ning ashaddiy muxlisiga aylanishimga sababchi bo'lgan. Ronaldu esa men muxlisiga aylanib ulgurgan klubga kelib, 9 yil ko'p sovrinlar yutib ketgan “Real”ning eng yaxshi futbolchilaridan biri, xolos. Shuning uchun ham men Ronaldu bilan birga “Yuventus”ga o'tib ketmagan muxlislar sirasiga kiraman. Agar “Yuventus” “Real” bilan o'ynasa, shak-shubhasiz “qirollik klubi”ga muxlislik qilaman. Yoki bir vaqtning o'zida A seriyada “Yuventus” — “Napoli” va La Ligada “Real” — “Eybar” o'ynayotgan bo'lsa, men “Real”ning o'yinini tomosha qilaman. Chunki futbolchiga muxlislik qilishdan ko'ra klubga ishqiboz bo'lish men uchun muhimroq. Hech qachon bir futbolchi bitta klubdan ustun bo'lolmaydi.

Men fanatik emasman. Shu bilan birga, futbolni futbol bo'lgani uchun emas, sevimli jamoalarim uchun ko'raman. Ba'zilar “falon jamoa kuchli ekan, shunga muxlislik qilaman endi”, deb qolishadi. Men shuni tushunmayman. To'g'ri, agar u inson futbolga endi qiziqa boshlagan bo'lsa yoki hali o'ziga jamoa tanlamagan bo'lsa, bu boshqa gap. Ammo kuchli jamoani ko'rib, o'z jamoasini unga almashtirib olish mening nazdimda muxlislikka kirmasa kerak. Tag'in bilmadim.

Men “Real”ga shunaqa muxlislik qilamanki, uning kamchiligini ham, yutug'ini ham yashirmayman. Aynan “Real” muxlisi bo'lganim uchun ham “Barselona” haqida ko'proq maqola yozaman. Chunki sevimli jamoamdan ko'ra raqib jamoa haqida mulohaza yuritish men uchun to'g'riroq. Siz meni “Barselona” muxlisi deb o'yladingizmi, demak, men qaysidir ma'noda maqsadimga etdim. Qolaversa, xolislikka intilaman. “Real” haqida yozaversam, bu klubning muxlisi ekanligim sezilib qolmasin, degan andishaga ham boraman.

“Real” yoki “Barselona”? Yuqorida aytdim, “Real”ga muxlisman, ammo ayni damda “Barselona” kuchli ekanligini ham bilaman. Buni tan olaman ham. Kataloniya klubi tarkib jihatdan ham, taktika jihatdan ham “Real”dan ustun. Olaylik, “qirollik klubi”da hatto Suaresdek o'ynayotgan hujumchi yo'q. Messining o'ziyoq “Barsa” klubining “qaymoqranglilar”dan ustunligini ko'rsatadi. Tarkibning kuchli bo'lgani esa taktikaning ham yaxshiroq tuzilishini ta'minlaydi. Bu — haqiqat.

Kezi kelganda “Real”ning eng ashaddiy tanqidchisiga aylanaman. Qoralayman. Klub rahbariyati, ayniqsa, Peresning xatti-harakatlari menga umuman yoqmaydi. Klubning ramziga aylangan, klub uchun borini bergan futbolchilarga bo'lgan munosabati, ularni quvib solgani Peresga nisbatan nafrat uyg'otgan menda. Ayniqsa, Raul va Kasilyasga achinganman. Kasilyas Santyago Kanesaresdan keyin tarkibni egallab, uning vazifasini ortig'i bilan bajara olgan posbon edi. Kasilyasdek darvozabonni “Real” endi topa olmaydi, bu — fakt. Bu ikkala etakchi ko'zda achchiq yosh emas, quvonch yoshlari bilan tark etishga arzirdi jamoani. Ammo Mourinodek xudbin murabbiyning ra'yiga qaragan, biznesni, foydani, manfaatni odamiylikdan ustun qo'ygan Peres nomard odamning ishini qildi. Lekin bu “Real”ni yomon ko'rishimga sabab bo'la olmaydi. “Real” rahbariyatini yomon ko'raman, jamoani emas. Ba'zilar yuqoridagi holatni ko'rsatib, shunday jamoaga muxlislik qilasanmi, deb so'rashadi. Baraka topgur, ayb rahbariyatda, jamoada emas. Peres bu “Real” degani emas, yoki tanish-bilishchilik va o'zini tajribali hisoblay boshlagani uchun xurmacha qiliqlar chiqara boshlagan Zidan “Real” degani emas. “Real” bu uzoq yillik tarix. “Real” bu futbol tarixida o'z o'rnini qoldirgan va hozir ham olg'a borayotgan karvon.

Bu fikrlarning bizga nima qizig'i bor, dersiz. Haqsiz. Shuni ta'kidlashni istardimki, bu qandaydir muammoni ko'tarish yoki muhim ma'lumot berish uchun yozilgan jumlalar emas, bir muxlisning sizga aytmoqchi bo'lgan ko'ngil kechinmalari edi, xolos. Aytgancha, bundan keyin ham "Real"ga muxlis ekanligimni sezmaysiz, deb umid qilaman...

Nizomjon ISLOMOV

BestMaster
30 Oktyabr 2019, 19:30
“real”ni, nega, yaxshi, koraman?,
Ulashish
Yangilik yoqdimi? Do'stlaringiz bilan ulashing:
Fikr bildirish
Hali hech kim izoh qoldirmagan. Birinchi bo`lib izoh qoldiring :)!!
Fikr qoldirish uchun Ro`yxatdan o`tish lozim!!!
Online
© UzFIFA Group© RealFC.NET - 2017
iks
ads