Ayni damda Zinedin Zidan boshqarayotgan “Real” klubining tarkibi avvalgi davrlardagidek original emas. Tarkibda jamoa uchun keraksiz bo'lgan futbolchilar topiladi. Quyida ana shunday futbolchilar haqida fikr yuritamiz.
Albatta, “qirollik klubi” ustozi Zinedin Zidan ham jamoadan ketishi kerak bo'lgan futbolchilar borligini biladi. Ammo bu futbolchilarni aniqlashda u bilan fikrimiz bir xil emas, afsuski. To'g'ri, Zidan tajribali futbolchi bo'lgan va ayni damda murabbiylik borasida tajriba oshirmoqda. Ya'ni futbolni mendan yaxshi tushunishi tabiiy. Ammo shunday holatlar bo'ladiki, usta mutaxassis anglamagan kamchilikni chetdan qarab turgan muxlis payqashi mumkin.
Isko. Garchi frantsiyalik mutaxassis ispaniyalik charm to'p ustasiga ochiqchasiga “ket” demayotgan bo'lsa-da, uni o'yinga tushirmay, o'z pozitsiyasini ko'rsatyapti. Isko bir necha bor kam o'yin amaliyotiga ega bo'laversa, “Real”dan ketishini aytdi, Zidan esa baribir maydonga tushirmayapti uni. Hatto Federiko Valverde kabi Iskoning “tirnog'iga ham arzimaydigan” bolakayni asosiy tarkibga qo'shib qo'ydi. To'g'ri, Zidan bu bilan yosh futbolchining tajriba oshirishiga imkoniyat bermoqchidir, lekin bu Iskodan voz kechish evaziga bo'lmaslik kerak. Isko aynan Valverde o'ynaydigan pozitsiyada ham ko'p ish qila oladi. Isko “Real”ga kerak futbolchi. To'g'ri, uning bitta kamchiligi bor — ba'zan qizg'anchiqligi tutib qoladi. Lekin, muhimi, etarlicha iqtidorga ega. Raqiblarni bemalol dog'da qoldirib, hujumchilarni to'p bilan ta'minlay oladi.
Beyl. Ochig'i, Zidanning bu boradagi qarori umuman noto'g'ri. Garet — ayni damda “Real” tarkibidagi eng kuchli futbolchilardan biri. Shaxsiy munosabat boshqa masala, professionallik boshqa. Zidan Beyl bilan bafurja gaplashib olib, vaziyatni hal qilishi kerak edi. Ammo, aftidan, u bu ishni etarlicha yoki umuman amalga oshirmagan. Chunki Beyl yanvarda “Real”dan ketadi, degan xabarlar tarqaldi. Shundog'am tarkibi “oqsoq” bo'lib qolgan “qirollik klubi” Beyldan ham ayrilsa, Zizu uning o'rnini to'ldira olarmikin.
Endi “Real”dan ketishi kerak bo'lgan futbolchilar haqida fikr yuritamiz.
Lukas Vaskes. Sizni bilmadim-u, menda bu boradagi birinchi variant — Vaskes. Ispaniyalik yarim himoyachi bitta futbolchiga o'zini ko'rsatish uchun qancha imkoniyat berilishi kerak bo'lsa, o'sha imkoniyatga keragidan ortiq darajada ega bo'ldi. Lekin hamon o'rtamiyona darajada harakat qilyapti.
Vaskesning o'yinidagi haddan tashqari dag'allik meni ranjitadi. Qolaversa, u oxirgi paytlarda o'ziga bino qo'yadigan odat ham chiqardi. Bundan tashqari, yoshi ham o'tib bormoqda. Shunisi aniqki, Vaskesning bori shu, u bundan ortiq o'ynay olmaydi. Shuning uchun Zidan birinchi navbatda uni sotib yuborgani ma'qul.
Tibo Kurtua. Zidan belgiyalik posbonga hali imkoniyat bersa kerak, ammo men Kurtuaning Navasning o'rnini bosadigan darajada o'yin ko'rsatishiga ishona olmayapman. To'g'ri, u iqtidorli, ammo bu iqtidor La Ligada “Real” darvozasini daxlsizligini saqlash uchun etarli bo'lmayapti. Kurtuaning bo'yi me'yoridan uzunroq, bu esa gavdasining beso'naqay ko'rinishga kelishiga va erlatib berilgan zarbalarni qaytara olmasligiga sabab bo'lmoqda. Qolaversa, uzun oyoqlar ham sharmandali gollar urilishiga sabab bo'ldi. Bu holat moslashish jarayonidagi noqulayliklar deb izohlanmaydi endi, chunki Kurtua bir necha bor qo'pol xatolar qilishga ulgurdi.
Karim Benzema. Albatta, Zidan bilan bu boradagi fikrimiz mutlaqo teskari. Frantsiyalik mutaxassis Benzemani olib qolish uchun uning “natijalari” bilan o'zini aldamoqda. Benzemaning o'tgan mavsumda to'purar bo'lgani — bu foydasiz natija. Chunki o'tgan mavsumda “Real” o'zi uchun sharmandali natija qayd etdi. Bu shuni anglatadiki, Benzema kuchli jamoada o'zini ko'rsatib emas, etakchisi tark etib, ancha kuchsizlanib qolgan jamoada odatiy o'yinini ko'rsatib etakchi bo'ldi. Ko'pchilik “Benzema Ronalduni gollar bilan ta'minlardi, endi o'zi uryapti”, degan fikrlarni ham bildirdi. Ammo Ronaldu “Real”da o'ynagan paytlarida ham Karimjon deyarli hozirgi miqdorda gollar ulardi. Agar u chindan ham Ronaldu davrida o'zini qurbon qilib, ko'rinmay qolib, endi ozodlikka chiqqan bo'lsa, ayni damda qatorlashtirib gollar urayotgan bo'lardi. Benzema — yaxshi hujumchi. Uning jamoadan ketmasligi, “Real” rahbariyatining frantsiyalik futbolchini sotmasligini oshkora bildirayotgani boshqa hujumchilarga ta'sir qilmoqda. “Real”ga o'tishi mumkin bo'lgan hujumchilar bu qarordan voz kechgan paytlarni ham ko'rdik. Benzemaning asosiy kamchiligi — yuqori formada o'ynay olmasligi. Jamoa yutqazayotgan yoki yutishi kerak bo'lgan o'yinlarda doim xarakter ko'rsata olmasligi. “Real”ga esa 0:2 ga yutqazayotgan paytda hisobni 3:2 ko'rinishiga olib kela oladigan yoki kuchli raqiblarga qarshi 0:0 hisobini 2:0 ga keltira oladigan, muhim o'yinlarda gol ura oladigan futbolchi kerak.
Luka Modrich. Modrichni bu ro'yxatga kiritishimizning asosiy sababi — hozirgi Modrich hozirgi "Real"ni kuchaytira olmaydi. U “Oltin to'p”dan keyin keskin pastga sho'ng'imoqda. “Oltin to'p” olgan futbolchi jamoasini etaklay bilishi, tarkibida “Oltin to'p” sohibi bo'lgan klub esa ijobiy natija qayd etishi lozim, aslida. Ammo Luka shuni ko'rsatdiki, o'tgan mavsumdagi “Oltin to'p” boshqa futbolchiga berilishi kerak edi. Yuqoridagi uch futbolchidan farqli ravishda Modrich yaxshiroq o'ynaydi, ammo uning pozitsiyasi — markaz. “Real”ning markazida esa kamida Ngolo Kante kabi tinim bilmas, kurashuvchan futbolchi kerak.
Luka Yovich. Bu futbolchi borasida, ochig'i, ikkilandim. Chunki hozircha Yovich o'zga sayyoraga tushib qolgan odamga o'xshamoqda. Harakatlari yomon emas, lekin “Real”ning o'yinini kuchaytirish uchun sotib olingan futbolchi juda ko'p ustunlikka ega bo'lishi kerak. Yovich esa o'rtamiyona hujumchilar sirasiga kiradi hozircha. “Ayntraxt”da qatorlashtirib gol urganini esa Bundesligada to'p surgani va jamoasi “Ayntraxt” bo'lgani bilan izohlash mumkin. “Real” va La Liga esa umuman boshqa dunyo. Ya'ni Yovich majoziy ma'noda chindan ham o'zga sayyoraga tushib qoldi.
Zidanga taklifim shu — Yovichga imkoniyat berib ko'rish kerak, ammo agar hozirgidek ishonchsiz o'ynayversa, javob berish lozim.
Pogba. “Real”ga keragi bo'lmagan 5-futbolchi — Pol Pogba. To'g'ri, u hozircha “qirollik klubi”ga o'tmadi, ammo Zidan uni xarid qilish uchun tish-tirnog'i bilan kurashmoqda. So'nggi ma'lumotlarga ko'ra, “Real” Pogba uchun 150 mln evro taklif qilishga tayyor ekan. Ammo, shaxsiy fikrimcha, Pogbadan ko'ra “Real”ning markaziga Kante ko'proq mos keladi. Chunki Kante tezkorroq Pogbadan, qolaversa, to'pni olib qo'yish borasida ustasi-farang. Pogba esa to'pni o'zida olib yurish bo'yicha mahoratli, Kantedan kamchiligi esa to'pni olib qo'yishda sustroq va to'pni o'zida keragidan ko'proq olib qoladi ba'zan. Agar Zidanning maqsadi markazni kuchaytirish bo'lsa, Kante yoki shunga o'xshash boshqa futbolchini olgani ma'qul. Ammo agar Zizuning maqsadi Pogbani sotib olish bo'lsa, unda bilmadim...
Nizomjon ISLOMOV