Assalomu alaykum, Mehmon!
Kirish Ro'yxatdan o'tish
" FUTBOL TV " yangiliklar !!
Cristiano Ronaldo Barcelonga o'tmoqchi....
Futbol Tv jonli efir !!!

Marko Asensio: "Maydonda sira asabiylashmayman"

Marko Asensio o'tgan mavsum kashfiyotlaridan biri sifatida bosh ko'tardi. 

.
- Yuklab olish

Marko Asensio o'tgan mavsum kashfiyotlaridan biri sifatida bosh ko'tardi. U «Madrid»dagi to'laqonli deb-yut mavsumida Chempionlar Ligasida ham, La-ligada ham birdek mazmunli harakatlandi.

Yarim himoyachi Marca nashriga bergan intervyusida asosan mavsum yakunlariga to'xtaldi: ChLdagi ilk muvaffaqiyati, Zayniddin Zidan va Krishtianu Ronaldu bilan hamkorligi, hissiyotlari va hokazo...

- Agar o'tgan yilning avgustida «Sevilya»ga qarshi kechgan Evropa superkubogi bahsi arafasida mavsum siz uchun shunday kechishini aytishganida, bunga ishonarmidingiz?

- Ha, albatta. Zero, «Real Mad-rid»dek buyuk klub safida maydonga tushar ekansan, barcha sovrinlarga ega chiqishing mumkinligiga ortiqcha shubhalanmayman. Terma jamoa masalasida ham shunday - oldimizda jiddiy chorlov turibdi. Xususan, biz yoshlar o'rtasidagi Evropa chempionatida ham kubok sohibi bo'lishga harakat qilamiz.

- Avvalgi seshanba kuni tongda uyg'onib, Marca muqovasida sizga alohida joy ajratilgani ko'rgandirsiz...

- Shunday buyuk mavsum yakuniga munosib voqelik. Chindan ham, oxirgi mavsum men uchun juda yaxshi kechdi: ko'p quvonchli lahzalarni boshdan o'tkazdim, o'rgandim va ulg'aydim.

- 21 yoshli yigitchaning ko'nglidan yana nimalar o'tyapti?

- Hammasini odatiy qabul qilishga o'rganganman. Buyuk jamoa sharafini himoya qilsang, shunaqa bo'ladi: har 3 kunda muhim uchrashuv va senda ortiqcha o'y-xayollarga ham vaqt qolmaydi.

- Aytingchi, «Real Madrid» safiga yangi qo'shilgan paytdagi o'sha Marko Asensiomisiz yoki...?

- Tan olaman, ko'p narsa o'zgardi, ammo menga uncha ta'sir qilgani yo'q. Albatta, turli hayotiy vaziyatlar seni nimalargadir o'rgatadi va avvalgiday qololmasliging tayin. Muhimi, yuqorida aytganimday, ko'p narsalarni boshdan kechirgan va jamoa bilan ko'plab yutuqlarga erishgan bo'lsamda, hamon ilgarigiday jilmayapman.

- ChL bosh sovrinini qo'lga olganingizda, nimalarni his qildingiz?

- O'yindan bir kun oldin g'alaba qozonishimiz va kubok oldida suratga tushishim mumkinligini yaqqol tasavvur qilgandim. Kubokni qo'lga olish - bolalik orzumning ro'yobi. Naqadar hayajonlanganimni so'z bilan ifodalab berolmayman. Axir shu yoshda Chempionlar kubogini yutish...

- Shuningdek, yoshlar termasida ham ko'p narsaga ulgurdingiz.

- Ha, bu yil sovrinlar yig'ish mavsumiga aylandi: avvaliga Evropa superkubogini yutdik, keyin Klublar o'rtasidagi jahon chempionatida g'alaba qozondik, yakunda La-liga va ChLni ham zabt etdik. Eng asosiysi, har birimiz klubning muhim bo'g'ini ekanligimizni qalban bilib turdik.

- ChL finalida xuddi «Kultural Leones»ga qarshi kechgan «Qirol kubogi» o'yinidagidek xotirjam to'p surdingiz. Doimo shundaymisiz?

- Maydonda sira asabiylashmayman, axir aqlimni tanibmanki, futbol ichidaman. Ha, o'yinlar arafasida albatta, ma'lum darajada behalovatlik, og'irlik siziladi, ammo maydonga tushgach, hammasini chetga surib, faqat futbol haqida o'ylayman.

- Aytmoqchisizki, ChL finalida «Yuventus»ga qarshi maydonga tushib, barchasiga xuddi bolalik paytidagi o'yindek yondashgansiz...

- Xuddi shunday. Maydonga tushar ekanman, shunchaki, futboldan lazzatlanish va yaxshi o'ynashni o'ylayman. Umuman, doimo maksimal darajada mas'uliyatliman, ammo qattiq ishlagan holda ham rohatlanish mumkin. Har holda, men uchun g'alaba yo'li shu.

- Xo'sh, odamlarning ko'chada sizni tanib, to'xtatishlariga ko'nikdingizmi?

- Ancha oldin, ya'ni «Madrid»ning bo'lg'usi o'yinchisi sifatida do'stlarim bilan ko'chada aylanib yurganimdayoq odamlar meni to'xtatib, so'rashardi: «Mabodo o'sha Marko Asensio emasmisan?». Shunda jahlim chiqib, shunchaki, unga o'xshab ketishimni aytardim. Do'stlarim esa bundan haqiqiysiga hayratga tushardilar. Mana, bugunga kelib, bunday yondashuvga ko'nikib ulgurdim. Xullas, endi ko'chada tanib qolishlarini oddiy hol sifatida qabul qilyapman.

- O'zi Madrid bo'ylab sayrga nechog'li ko'p chiqasiz? Shaharda e'tibor kuchli ekanligi noqulaylik tug'dirmaydimi?

- Sayr - jonu-dilim. Ammo ko'chada meni tez-tez tanib qolishyaptiki, bunda ham yoqimli, ham noqulay tomonlari bor. Imkoniyatga qarab, kechki ovqat va kino tomoshasi uchun ko'chaga otlanaman... Atrofdagilarning men bilan salomlashishni istashlari ozgina g'urur ham bag'ishlamoqda.

- Zidan bilan o'yin amaliyotisiz qolishga ko'nikmaganingiz xususida ko'p gaplashganingizni aytgandingiz. Bunday musohabalar kutilgan samara berdimi?

- U har safar hali yoshligim va o'z ustimda yanada ko'proq ishlashim zarurligini tushuntirar, imkoniyatlarim oldinda ekanligini ta'kidlardi. Mana, o'sha gaplari isbotlanmoqda: mavsumning muhim musobaqalari finalida maydonga tushdim. Men xohlagan narsa ham shu edi - o'ta muhim bahslarda jamoa g'alabasiga hissa qo'shish.

- Aytishlaricha, Florentino Peres superkubok o'yini oldidan yoningizni olgan: «Asensio jamoa uchun muhim yigit va shunday bo'lib qoladi». Biroq Zidan bu so'zlardan biroz tashvishga tushgan...

- Buni bilmadim. Yodimda qolgani, o'sha uchrashuv oldidan murabbiy bilan gaplashgan va u jamoada qolishimni aytgandi. Bu o'zgacha engillik bag'ishladi. Zero, jamoada menga ishonishayotgani va mavsum davomida o'yin amaliyotiga ega bo'lishimni angladim. 

- Bilishimizcha, bolaligingizda aynan Zidanga kumir sifatida qaragansiz. Xo'sh, ibrat namunasi hisoblangan inson qo'l ostida ishlash qanday ekan?

- Juda zo'r: chindan ham, Zidanga havas va hurmat bilan yondashardim, uning ishtirokidagi barcha o'yinlarni o'zgacha zavq bilan tomosha qilganman. Xonam esa ulkan suratlari bilan to'lgandi. Shunday inson bilan birga ishlash - aql bovar qilmas imkon. Deylik, maslahatlarini eshitish, undan o'rganish yoqimli. Misol uchun, mashg'ulotlar jarayonida biz bilan birga o'ynaydi, saviyasi hamon yuqori. Eng muhimi, hech kim murabbiyni aldab o'tishga jur'at etolmaydi (kuladi).

- O'zingizni Zidan o'rniga qo'yib, Isko, Xames Rodriges, Morata, Kovachich va Asensio...ni o'yindan tash-qarida qoldirish qanday og'irligini hech tasavvur qilib ko'rganmisiz?

- Albatta, futbolchi kema borti tashqarisida qolganida, murabbiyni tushunishga urinishi kerak. «Madrid» tarkibi a'lo darajada va maydonga tushgan har bir futbolchi o'z ishini sifatli bajaradi. Hamma ham o'yin amaliyotiga ega bo'lishni istaydi, biroq yakuniy xulosani murabbiy chiqaradi, baribir. «Real» natijalari Zidanning qarorlari to'g'ri bo'lganidan dalolat. Quvontiradigan tomoni, biror futbolchi klubda ortiqcha ekanligini his qilgani yo'q. Umuman, kiyinish xonasidagi yaxshi muhit «Madrid»ning anchadan beri ilk bora «oltin dubl» qayd etishida muhim o'rin tutdi.

- Xames Rodriges va Morataning jamoadan ketishga ahd qilishgani xususida nima deysiz?

- Har ikkisi ajoyib ijrochidir. Ularning ko'proq maydonga tushishni istashayotganini tushunish kerak. Axir har kim o'z oldidagi muayyan maqsadlar sari intiladi.

- O'yin amaliyotisiz qolgan vaqtlar nimalarni o'zlashtirdingiz, ya'ni buning qanday foydali jihati bo'ldi?

- Ko'p narsani o'rganganim aniq. Avvalo, qo'l ko'tarmaslik, taslim bo'lmay, o'z ustimda ishlash kerakligini angladim. To'g'ri, ko'p hollarda rosa qiynaldim, boisi, avvalgi klubimda doimiy ravishda maydonga tushardim.

- Krishtianu Ronaldu bilan yonma-yon ishlab-o'ynab, nimalar oldingiz?

- Krishtianuning menga eng ma'qul kelgan tomoni - tinib-tinchimasligi. Qarang, shuncha ko'p jamoaviy va individual sovrin yutganiga qaramay, hamon o'yin va g'alabaga chanqoq! Har kim bunday yondashuvdan o'zgacha ilhomlanishi mumkin. Ronalduning trenajyorlar zalida eng ko'p ishlashi ham hayrat uyg'otadi.  Xullas, Krishtianu doimo yanada ko'prog'ini istaydi va bu bilan jamoani olg'a undaydi. Har bir mashg'ulotda undan nimanidir o'rganish mumkin.

- Bolaligingizdan «Madrid»ga oshuftasiz. Klub tizimi ichida turib, uning nima ekanligini tushuntirib bera olasizmi?

- Bu o'ta muhim va buyuk tushuncha: hammasi hayratga soladi, lekin vaqti kelib, klubning bir bo'lagiga aylanganingda, oddiy element ham sen uchun g'oyat qadrli bo'ladi.

- Aytmoqchisizki, chetdan dabdabali tuyulgan «Real Madrid» aslida unchalik dahshatli emas...

- Ma'lum ma'noda shunday. Ammo har kuni astoydil ishlamasang, shu dabdaba orasida yo'qolib qolishing hech gap emas.

- Hozir «Madrid»dasiz, ammo «Atletik»da o'ynashingiz ham mumkin edi...

- Ha, 2 yilcha oldin oldimda shunday variant yuzaga kelgandi, ammo klub siyosati tufayli to'g'ri kelmadim, shekilli.

- «Madrid» oxirgi 4 yilda ChLning 3 karra g'olibiga aylandi. Buni qanday uddalayapsizlar?

- Chinakam mo''jiza. Balki kimgadir osondek tuyular, ammo haqiqat shuki, 4 yilda 3 marta turnir g'olibiga aylanish - tasavvurga sig'mas ish. Sirga kelsak, hammasi oddiy: jamoamiz eng kuchli futbolchilardan tashkil topgan va biz g'alabalarga o'chmiz.

- 21 yoshgacha ko'plab yutuqlarni tantana qilishga ulgurdingiz. Siz uchun desimotersera ham qo'l uzatsa etadiganday...

- Bu haqda Serxio Ramosga aytdim. U hozirgi yutuqlar bilan kifoyalanib qolmasligimiz lozimligini ta'kidladi. Serxio ChLdagi g'alabani uzoq kutdi va barchasi naqadar qiyinligini yaxshi biladi. Qolaversa, «Madrid»ning ko'plab afsonalariga ushbu musobaqada zafar quchish nasib etmagan. Demak, bu masalada omadim chopdi.

- Kilian Mbappe to'g'risida nima deya olasiz?

- Uning ishtirokidagi sanoqli uchrashuvlarni ko'rdim va bu kelajagi porloq hujumchi ekanligini fahmlashimga etarli bo'ldi.

- Kardiff finalida olingan suratlardan birida gol urgach, tribuna tomon yugurganingiz aks ettirilgan...

- Shunchaki, oila a'zolarim tomon yaqinlashdim. Zero, gol ursam, uni doim yaqinlarimga bag'ishlayman. O'zi o'sha uchrashuv arafasida ham gol ursam, yaqinlarim oldiga yugurib borishimni aytgandim va shunday qildim.

- JCh-2018 startiga ham bir yilcha qoldi. Bo'lajak mundialda o'zingizni ko'ryapsizmi?

- Eh, mundialga borish yo'lida qattiq ishlayman, bunga erishsam, haqiqiy mo''jiza bo'lardi...

BestMaster
6 Iyul 2017, 11:40
marko, asensio, maydonda, sira, asabiylashmayman,
Ulashish
Yangilik yoqdimi? Do'stlaringiz bilan ulashing:
Fikr bildirish
Hali hech kim izoh qoldirmagan. Birinchi bo`lib izoh qoldiring :)!!
Fikr qoldirish uchun Ro`yxatdan o`tish lozim!!!
Online
© UzFIFA Group© RealFC.NET - 2017
iks
ads