Ijtimoiy tarmoqlarda “vaqt shuni ko'rsatdiki, “Real”ning xaloskori Zidan emas, Ronaldu ekan”, qabilidagi fikrni o'qib qoldim.
Rosti, shu fikrga qo'shildim. Ayniqsa, Portugaliya terma jamoasining kechagi Evro-2020 saralashi doirasida Lyuksemburgga qarshi o'yinidan keyin.
Mazkur o'yinda Ronaldu maydonda chinakam sardor ekanligini ko'rsata oldi. Ronaldu ham etakchi, ham etaklovchi. Etakchi bo'lish etaklovchi bo'lishdan osonroq, etaklovchi bo'lish qiyin. Taqqoslash uchun, Ronalduning azaliy raqobatchisi etakchilik borasida Ronaldu bilan bellasha oladi, hatto biroz ustundir ham, ammo etaklovchilik borasida maqtana olmaydi. Ronalduda esa bunday xislat bor.
Zidan davridagi hozir “Real” Zidan davridagi avvalgi “Real”dan birgina jihati bilan farqlanmoqda: maydonda etakchi, etaklovchi yo'q. Zidan murabbiy, u maydonga tusha olmaydi. Ko'rsatma bergani bilan maydonda uning ko'rsatmalari bajarilishini zimmasiga oladigan etakchi, jamoadoshlarini to'g'ri joylashtirib, ruhlantirib turadigan etaklovchi kerak. To'g'ri, “qirollik klubi”da sardor bor, Serxio Ramos, ammo u himoyachi, tabiiyki, hujumkorlik borasida jamoadoshlariga o'rnak bo'la olmaydi.
Kechagi o'yinda Ronaldu raqibning kamida 2-3 ta futbolchisini band qildi. Ya'ni to'p Ronalduga uzatilayotgan yoki uzatilishi mumkin bo'lgan paytda, yanayam aniqroq aytadigan bo'lsak, Krishtianu raqib jarima maydoniga kirgan paytda kamida ikki yoki uchta futbolchi uni qo'riqladi. Bu esa boshqa futbolchilarga imkon yaratdi. Bernardu Silva gol urayotgan paytda himoyachilar Ronalduni qo'riqlash bilan band edi. “Real”da ayni damda ana shunday raqibni band qiladigan futbolchi yo'q. Azar bitta futbolchini ham aldashga, chalg'itishga hozircha erishayotgani yo'q, Benzemada esa bunday xislat azaldan bo'lmagan. “Real”dan grand jamoaga kamida Ronaldudek etaklovchi kerak, aslida.
Chindan ham vaqt shuni ko'rsatdiki, “Real”ning omad kaliti Zidan emas, ko'proq Ronaldu. Maydonda mavsumda kamida 40 ta gol uradigan futbolchi yo'q ekan, buning o'rnini Zidan ko'rsatmasi bilan to'ldira olmaydi. U qanchalik aqlli taktika o'ylab topmasin, qanchalik puxta reja tuzmasin, maydonda uni bajara oladigan ijrochi bo'lmasa, foydasi yo'q. Bu yog'i “Quruq gap og'iz yirtar” maqolining isbotiga o'xshab qoladi.
Qishki transferda Florentino Peres ana shu etaklovchi futbolchi xarid qilmasa bo'lmaydi. Frantsiyalik mutaxassis garchi “Real”ning o'yinini biroz yaxshilayotgan bo'lsa-da, baribir, oldinda qiyin o'yinlar turibdi. Masalan, hozirgi holatida “Real” “PSJ”ga qarshi o'yinda juda-juda qiynaladi. Ronaldu bor paytdagi “Real” esa Parij klubidan bir bosh ustun edi. Hozir esa hatto “Real” muxlislari ham bunday deyishga biroz ikkilanishadi. Shu bois Peres agar qishda va kelasi yil yozida tajribali hujumchi xarid qilmasa, “Real”ning hujumlari gol bo'lmasdan yakunlanaveradi. Bu esa jamoani “inqiroz botqog'i”ga botirishi, Zidanning kursisini qimirlatishi, “Real” uchun vaziyatning yanada og'irroq tus olishiga olib kelishi mumkin. Fakt shuki, “Real”ning hozirgi tarkibi La Liga va EChLni yutish uchun kuchsizlik qiladi.