«Real» yarimhimoyachisi Luka Modrich yana Xorvatiya sudida ko'rsatma berdi.
Avvalroq, u «Dinamo Zagreb» klubining sobiq xo'jayini Zdravko Mamichning moliyaviy firibgarlik ishi bo'yicha ham sudda ko'rsatma bergan edi. Biroq, prokuratura futbolchini yolg'on gapirganlikda aybladi va takroran sudga chaqirdi.
«Men xuddi avvalgidek, o'zimni himoya qilish va haqiqatni aytish uchun keldim. Vijdonim pok. Ishonchim komil, mening gaplarim haqiqat ekani va hech qanday qonunni buzmaganim isbotlanadi» - dedi Modrich AFP xabarida.
Ayni paytda Zdravko Mamich «Dinamo» futbolchilarining xorijiy klublarga sotilishi jarayonida 15 mln evro mablag'ni noqonuniy o'zlashtirib, 1,5 mln evro miqdoridagi soliqni to'lamaganlikda ayblanmoqda. Mish-mishlarga ko'ra, Modrich ham «Tottenhem»ga transfer qilinganida ma'lum miqdordagi mablag'ni olgan va buni deklaratsiyaga kiritmagan. Agar Modrichning aybi isbotlansa, unga 5 yilgacha qamoq jazosi tahdid soladi.
Ma'lumki, Modrich 2008 yilda «Dniamo»dan «Tottenhem»ga o'tgan edi. 2012 yildan boshlab esa «Real»da o'ynamoqda.