«Real» rahbariyati tomonidan jamoadagi tartibni o'rnatish maqsadida o'rnatilgan jarimalar miqdori ma'lum bo'ldi.
Qoidaga ko'ra, futbolchilar mashg'ulot boshlanishidan 45 daqiqa oldin kelishlari kerak. Agar o'yinchi 5 daqiqa kech qolsa, 250 evro jarima to'laydi. 15 daqiqa kechiksa 500 evro, mashg'ulot boshlanish arafasida etib kelsa, 1000 evro miqdorida jarimaga tortiladi. O'yinchi uzrli sababsiz mashg'ulotda ishtirok etmasa, 3000 evro jarima to'lashga majbur bo'ladi.
Tiklanish jarayoni, klub avtobusi va kiyinish xonasida futbolchilarning telefonlari ovozsiz rejimda bo'lishi shart. Taqiqlangan joyda telefondan foydalanganlik uchun "Real" o'yinchisi 250 evro jarima to'laydi. Bu holat yana takrorlansa, jarimalar miqdori 500 evrodan 1000 evrogacha etishi mumkin.
Shuningdek, o'yinchilar bosh murabbiy Zayniddin Zidanni ogohlantirmasdan Madridni tark etishlari mumkin emas. Bundan tashqari, futbolchilar intervyu bermoqchi yoki boshqa tijoriy faoliyat bilan shug'ullanmoqchi bo'lsalar, bu haqda klubni xabardor qilishlari lozim. Bu qoidabuzarlik uchun jarima miqdori — 1000 evro.
«Real»ning jarohatlangan futbolchilari ham mashg'ulot yakunlanguncha klub bazasida bo'lishi lozim. O'yin qaydnomasiga kiritilmagan futbolchilar ham o'yindan oldin kiyinish xonasiga kirishi va o'yin yakunlanguncha stadionda bo'lishi shart.