Evropa chempionlar ligasining 2-turi doirasida «Real» o'z uyida «Bryugge»ni qabul qilib, qiyinchilik bilan durangga erishdi.
Belgiyaliklar bosh murabbiyi o'yindan oldin bergan intervyusida "Madrid"ga qarshi qanday o'ynash kerakligini bilishini ta'kidlab o'tdi. Haqiqatan ham belgiyaliklar Zidan jamoasiga qarshi dadil va ishonchli o'ynay boshlashdi. Ular imkon qadar to'pni qadrlashdi va "Real"ning zaif hududlaridan hujum tashkil qilib, "Qirollik klubi"ni ancha qiyin ahvolga solib qo'yishdi.
Bahsning 9-daqiqasida mehmonlar chap qanotdan tezkor hujum takshil qilishdi va jarima maydonidagi Bonaventureni to'p bilan ta'minlashdi. To'p esa hujumchining oyog'iga tegib ketdiyu, sekingina yumalab darvozaga kirib ketdi. Kurtua yonidan o'tib ketayotgan to'pni tomosha qilib qoldi. VAR ikkita ofsaydni tekshirdi va golni inobatga oldi.
Uchrashuvning 39-daqiqasida Modrich qo'pol xatoga yo'l qo'ydi. Dennis Bonaventure Lukadan to'pni olib qo'ydi va darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketdi. Hujumchi Kurtuani dog'da qoldirib, dublni rasmiylashtiridi.
Ikkinchi bo'lim avvalida Zidan Kurtuaning o'rniga Areolani tushirib, to'g'ri qaror qabul qildi. Aks holda Bonaventure xet-trikka erishishi mumkin edi.
Bahsning 55-daqiqasida Ramos bosh bilan raqib darvozasini ishg'ol qilib, hisobni qisqartirdi. O'yin tugashiga 6 daqiqa qolganida "Bryugge" sardori Ryud Vormer ikkinchi sariq kartochkani olib, maydonni tark etdi. "Real" esa o'sha zahoti hisobni tenglashtirdi.
Qolgan daqiqalarda darvozalarga boshqa to'p kiritilmadi. Shu tariqa, "Real" ikkinchi o'yinga kelib dastlabki ochkoni qo'lga kiritdi. Belgiyaliklarning ochkolari 2taga etdi.
Evropa chempionlar ligasi,
REAL MADRID Ispaniya – BRYuGGE Belgiya - 2:2 (0:2, 2:0)
Gollar: 0:1 – 9 Bonaventure, 0:2 – 39 Bonaventure, 1:2 – 55 Ramos, 2:2 – 85 Kazemiro.
Real Madrid – Kurtua (Areolya, 46), Karvaxal, Varan, Ramos, Nacho (Marselo, 46), Modrich, Kazemiro, Kroos, Vaskes (Vinisius Junior, 67), Benzema, Azar.
Bryugge – Minole, Mata, Mexele, Deli, Rits, Diatta, Sobol, Vormer, Vanaken, Bonaventure (Openda, 71; Kols, 87), Tau (Sxreyvers, 90).
Ogohlantirishlar: Minole (69), Openda (77), Vormer (78), Azar (90).
Chetlatish: Vormer (84).