Bir necha daqiqa oldin “Real” EChL guruh bosqichi ikkinchi o'yinida o'z uyida “Bryugge”ni qabul qildi va durang o'ynadi. Qizig'i, “qirollik klubi” mag'lubiyatdan qutulib qolishni uddaladi. Ha, jamoa yaqqol autsayder deya baholangan “Bryugge”ga sal qolsa yutqazardi.
XATOLARNING BOShIDA — ZIDAN
Ayni damda “Real”ning asosiy muammolaridan biri — darvozabon. Keylor Navasning sotilishini talab qilib, Kurtuani asosiy darvozabonga aylantirgan Zidan bugun bu qarori xato bo'lganini qisman tan oldi, chunki ikkinchi bo'lim boshidayoq maydonga Kurtuaning o'rniga Areola tushdi. “Real”da darvozabon deyarli almashmaydi agar jarohat olmasa. Kurtuada jarohat yo'q edi, demakki, Zidan birinchi bo'limda o'tkazib yuborilgan gollarda Kurtuaning ham aybi borligini tan oldi. Agar almashtirmaganida, ehtimol, ikkinchi bo'limda mehmonlar tomonidan uyushtirilgan xavfli vaziyatlardan biri golga aylanishi mumkin edi. Areola esa bu vaziyatni bartaraf eta oldi. Shu o'rinda bir jihat, agar Kurtuaning ishonchsiz o'yini davom etaversa, "Real" boshqa darvozabon xarid qilishiga to'g'ri keladi, chunki "qirollik klubi" bir yillik ijaradan so'ngi Areolani sotib olish huquqiga ega emas, ya'ni "PSJ" Areolani qaytarib olishni istasa, "Real" hech narsa qila olmaydi.
Zidan ishonch bildirayotgan yana bir futbolchi — Lukas Vaskes ham bugungi o'yinda “Real”ning zarariga ishladi. Ochig'i, shu futbolchini “Real” nega sotmaydi, Zidan nega maydonga tushiraveradi, hayronman. Birinchidan, yoshi o'ttizga qarab ketyapti agar yosh desak. Ikkinchidan, hech bir alohida ajralib turadigan jihati ham yo'q. Bugungi o'yinda ham xato qilaverdi, qilaverdi, oqibatda xuddi Kurtua kabi Zidan ham uni almashtirishga majbur bo'ldi.
Karim Benzema — o'rtamiyona hujumchi. “Real”ga esa bugungidek vaziyatda o'yinni qutqara oladigan hujumchi kerak. Oldingi turlardan birida EChL doirasida “Volfsburg”ga qarshi o'yin esingizdami? Birinchi o'yinda “bo'rilar” “Real”ni 2:0 hisobida taslim etishgandi. Javob o'yinida esa Ronaldu uchta gol kiritib, “Real”ni keyingi bosqichga olib chiqqandi. Agar “qirollik klubi” pley-offda yana shunday vaziyatga tushib qolsa, jamoani qutqara oladigan futbolchi bormi? Yo'q. Azar hali formada emas, Benzemada bunday xususiyat azaldan bo'lmagan... Bu esa Zidan va Peres uchun jiddiy muammo, aslida.
“Bryugge”ga qarshi o'yin ko'rsatib berdiki, “Real”ning hozirgi darajasi jamoaning oldiga qo'yilgan maqsadlarni amalga oshirish uchun etarli emas. Bugun “Real” mag'lubiyatga teng durangga imzo chekdi. To'g'ri, 2:0 ni 2:2 ga aylantirganini hisobga olsak, “qirollik klubi” uchun durang yaxshi natija, ammo umumiy vaziyatni inobatga olsak, bugungi durang “Real” uchun mag'lubiyat bilan teng. Qolaversa, Madrid klubi birinchi o'yinda yirik hisobda mag'lub bo'lgan (0:3, “PSJ”).
Ayni damda shunisi aniqki, “Real” EChL g'olibligi uchun kurashda favorit emas. Zidan hamon barqaror asosiy tarkibni aniqlay olgani yo'q, ehtimol, o'zi uchun belgilab olgandir, ammo hali hech bir asosiy tarkib muhim o'yinlarda o'zini oqlagani yo'q. La Ligada “Atletiko” bilan durang, EChLda “PSJ”dan uchralgan mag'lubiyat va hokazo.
Azarda ham muammolar etarlicha ekanligi ko'rinmoqda. Chindan ham belgiyalik futbolchida ortiqcha vazn bor, bu vazndan hali xalos bo'la olgani yo'q va eng yomoni shu vazn Azarga o'z o'yinini ko'rsatishga yo'l qo'ymayapti. Azar “Real”da ham “Chelsi”dagidek raqiblarni birin-ketin aldashga intilmoqda, ammo Madridda bu ishni Londondagi kabi qoyillata olmayapti. Buning uchun o'sha “Chelsi”da gullagan Azar kerak “Real”ga. “Real” azaldan biror-bir futbolchining o'yini qovushib ketishini kutib o'tiradigan jamoa bo'lmagan, o'yining o'xshadimi, tamom, o'ynab ketasan, o'xshamadimi, aks holda ketishga majbursan. Azarning “Chelsi” safida ko'rsatgan o'yinlari orqali orttirgan obro'si uning “Real”da hamon o'ynayotganiga sabab bo'lmoqda. Ammo agar o'z ustida ko'proq ishlab, avvalgi formasiga qaytmasa, “qirollik klubi” undan voz kechadi. Axir bu jamoa Azardan-da kuchliroq futbolchilardan voz kechib yuborgan vaqtida.
Bu mavsumdagi EChL “Real” uchun haqiqiy mashaqqatga aylanadi. Zidan qishda biror-bir tajribali hujumchini olib kelmasa bo'lmaydiganga o'xshamoqda. Luka Yovich kabi ko'p ham sinalmagan futbolchilar esa “Real”ga doim ham foyda keltiravermaydi. Aslida ham Zidanning xohishi bilan jamoaga olib kelingan futbolchilar, Zidan ishongan futbolchilar uning ishonchini oqlay bilishmayapti. Ko'ramiz,ehtimol, vaziyat o'zgarar.
“Real” endi qolgan o'yinlarda g'alaba qozonishga majbur. Aks holda guruh bosqichidan keyingi bosqichga o'tishning o'ziyoq chinakam mashaqqatga aylanishi mumkin.