Bugun, 1 oktyabr oqshomida Chempionlar ligasining guruh bosqichi 2-tur uchrashuvlari doirasida 8ta o'yin bo'lib o'tadi.
"A" guruhi
Zidanga o'zini oqlash uchun imkon
Real — Bryugge
Madrid. «Santyago Bernabeu» stadioni. 21.55 (Match Futbol 1 — 21.40)
Yo'qotishlar
«Real»: Asensio, F.Mendi (ikkisi — jarohat), Isko, Marselo (ikkisi — so'roq ostida)
«Bryugge»: Balanta, Ritstsa (ikkisi — jarohat)
Hakam: Kabakov (Bolgariya).
Galatasaroy — PSJ
Istanbul. «Turk Telekom» stadioni. 23.55 (Match Futbol 3 — 23.45)
Yo'qotishlar
«Galatasaroy»: Emre Akbaba (jarohat)
«PSJ»: Neymar (diskval), Draksler, Kavani, Kerer, Shupo-Moting (barchasi — jarohat), Dagba (so'roq ostida)
Hakam: Marchinyak (Polsha).
1976 yilda, Chempionlar ligasiga hali asos solinmagan vaqtda — qit'aning eng yaxshi klublari Evropa chempionlari kubogida musobaqalashardi. Turnirlarda guruh bosqichlari bo'lmas — barcha klublar birato'la pley-off bosqichida ishtirok etardi. O'sha mavsumda noyabr oyida 1/8 final doirasida «Real» «Bryugge» bilan to'qnashgan. 1970-yillarda madridliklar klubi doimiy ravishda Ispaniyada chempion bo'lar, ammo xalqaro maydonda omadi yurishmasdi. Pushkash va Di Stefano darajasidagi yulduzlar o'shanda «Real»da emasdi — «Bryugge»ga qarshi o'yinda Kamacho, Braytner, Santilyana va del Boske kabi futbolchilar maydonga chiqishgandi. «Qirollik klubi» o'shanda ikki o'yinda belgiyaliklar darvozasiga bitta ham gol ura olmagan, ikkita gol o'tkazib yuborgandi.
Shundan keyin «Bryugge» va «Real»ning yo'llari kesishmadi, bugungi o'yin esa ikki jamoa uchun ham tarixiy o'yinga aylanadi. Albatta, hozirda kuchlar nisbati 43 yil avvalgidan butunlay boshqacha. Ammo o'xshashliklar ham yo'q emas. Masalan, ikki jamoa ham o'z ichki chempionatida peshqadamlik qilmoqda va ikki jamoa ham o'z ta'qibchilaridan uzoqlashib keta olmagan — bir ochkolik farq. Shuningdek, «Real» ham, «Bryugge» ham — o'z ligalarida yutqazmagan yagona jamoa maqomida.
To'g'ri, Chempionlar ligasida vaziyat boshqacharoq. «Bryugge» birinchi turda «Galatasaroy» bilan golsiz durang qayd etdi, «Real» esa Parijda yirik hisobda mag'lub bo'ldi. Primeroda Zinedin Zidan jamoasi barqaror vaziyatda, ammo evrokubokda nimanidir o'zgartirish kerak. Seshanba kungi o'yinda yutqazishga ruxsat yo'qligi aniq.
«PSJ»da esa ishlar butunlay boshqacha. Chempionatda bu jamoa ikki marta yutqazishga ulgurdi, lekin Chempionlar ligasida — osmon musaffo. Lekin «Galatasaroy»ga qarshi o'yin arafasida jamoada muammolar bor — ichki chempionatdagi so'nggi o'yinlarda gol urib jamoaga ochko olib kelayotgan Neymar hali diskvalifikatsiyasini o'tab bo'lgani yo'q, u o'tgan mavsumda «Manchester Yunayted»ga qarshi nimchorak final doirasidagi mag'lubiyatli o'yindan keyin asablari dosh bermasdan hakamni haqoratlagani uchun uch o'yinga chetlatilgandi.
B guruhi
Koutino Angliyaga qaytdi
Tottenhem — Bavariya
London. «Tottenhem» stadioni. 23.55 (Match Futbol 1 — 23.50)
Yo'qotishlar
«Tottenxem»: Lo Chelso, Sessenon (ikkisi — jarohat)
«Bavariya»: Goretska (jarohat), Ernandez, Perishich (ikkisi — so'roq ostida)
Hakam: Basten (Frantsiya).
Tsrvena Zvezda — Olimpiakos P
Belgrad. «Rayko Mitich» stadioni. 23.55 (Match Futbol 2 — 00.00)
Yo'qotishlar
«Tsrvena Zvezda»: Yovichich (jarohat)
«Olimpiakos» P: Fortunis (jarohat)
Hakam: Tyurpen (Frantsiya).
«Tottenhem» so'nggi o'yinlarni juda yomon o'tkazmoqda: «Olimpiakos» bilan o'yinda g'alabaning boy berilishi, Angliya ligasi kubogida to'rtinchi divizion vakiliga mag'lub bo'lib turnirni tark etish, Premer-ligada «Lester»ga qarshi o'yindagi mag'lubiyat, Ore va Llorisning ahmoqona harakatlari tufayli «Sauthempton»ga qarshi o'yinda ochko yo'qotishga bir baxya qolishi. Balki «avliyolar» ustidan qozonilgan g'alaba o'tgan mavsumda Chempionlar ligasida finalchi bo'lgan jamoa o'z iziga qaytishida yordam berar.
Ammo «Tottenhem» o'z iziga tushib olishi uchun «Bavariya»ni mag'lub etishi kerak, bu jamoada esa Filippe Koutinoning o'yini ochilmoqda. «Barselona»da qiyin davrlarni boshdan kechirgan bu braziliyalik futbolchi Bundesliganing so'nggi ikki o'yinida ikkita gol urib ikki golga uzatma berdi. Qolaversa, Robert Levandovski ham yuqori sport formasini namoyish etmoqda, u joriy mavsumda deyarli hech bir o'yinni golsiz tark etmayapti, faqat mavsum arafasida Germaniya Superkubogi uchun «Borussiya»ga qarshi o'yinni (0:2) hisobga olmasa. Bundesliganing olti o'yinida Levandovski 10ta gol urishga ulgurdi — bu esa juda ko'p.
Polshalik hujumchi ikki hafta muqaddam «Tsrvena Zvezda» darvozasini ham ishg'ol qilgan edi (3:0), «Tottenhem» esa birinchi turda durang o'ynadi, shunday ekan ochko ko'proq «shporlar»ga kerak. Londonliklar uchun yana bir stimul — jamoa Chempionlar ligasida guruh bosqichida ilk marta yangi stadionida o'ynaydi. O'tgan mavsum kuzida «Tottenhem» raqiblarini «Uembli»da qabul qilardi, yangi arenaga esa faqat shu yil boshida o'tildi. Pley-off bosqichida ushbu arena «shporlar»ga omad keltirdi, ko'ramiz guruh bosqichida qanday bo'larkin?
C guruhi
Gvardiola: himoya markazida muammo bilan
Manchester Siti — Dinamo Z
Manchester. «Etihad» stadioni. 23.55 (Match Igra — 23.45)
Yo'qotishlar
«Manchester Siti»: Lyaport, Sane, Stouns (barchasi — jarohat), de Bryuyne (so'roq ostida)
«Dinamo» Z: —
Hakam: Serdar Gezubuyuk (Turkiya).
Atalanta — Shaxtyor
Milan. «San-Siro» stadioni. 21.55 (Match Futbol 2 — 21.40)
Yo'qotishlar
«Atalanta»: Muriel (so'roq ostida)
«Shaxtyor»: Butko, Maykon, Malishev, Totovitskiy, Xocholava (barchasi — jarohat)
Hakam: Shtiler (Germaniya).
«Manchester Siti» birinchi turda «Shaxtyor» mehmoni bo'lib 3:0 hisobida g'alaba qozondi, ammo bu jamoa hozirda guruh etakchisi emas. Birinchi o'rinda kutilmagan nom — Zagrebning «Dinamo» klubi futbolchilari birinchi turda Xorvatiyada «Atalanta»ni yakson qilishgandi - 4:0.
«Bu tezkor futbolchilarga ega bo'lgan agressiv jamoa, bu jamoa qarshi hujumlarda juda yaxshi harakat qiladi. A Seriya — juda-juda murakkab liga, «Dinamo» esa «Atalanta»ni tor-mor etdi. Bu biz uchun ogohlik qo'ng'irog'i», deya raqibga baho berdi o'yindan oldingi matbuot anjumanida Pep Gvardiola.
Kataloniyalik mutaxassis «Manchester Siti»ga Chempionlar ligasida g'olib bo'lish uchun kelgani haqida gaplar yuradi. Ammo Gvardiola jurnalistlarning bu haqidagi savoliga tabassum bilan shunday javob qaytardi: «Men bu turnirni yutishni istayman, ammo agar buni uddalay olmasak, o'zimni o'ldirmayman. Va'da beraman».
Chempionlar ligasi finali haqida gapirishga, albatta, hali erta. Lekin Angliya chempionlari guruh bosqichinidan osonlik bilan chiqishiga hech kimda shubha yo'q. Lekin «Manchester Siti»da muammolar ham bor. Markaziy himoyachilardan biri Lyaport yarim yilga safdan chiqqan, yana biri — Stouns — keyingi oyda safga qaytishi mumkin. Kadrlar muammosi tufayli yoshi o'tgan tayanch yarimhimoyachisi Fernandino markaziy himoyachi rolini bajarishga o'rgatildi, shunday ekan «Siti»ga gol urish mumkin. Zagrebliklar esa birinchi turdagi muvaffaqiyat tasodif emasligini isbotlashi kerak bo'ladi.
D guruhi
Syomin vs Simeone. Palich 1:8 uchun qasos oladimi?
Lokomotiv — Atletiko
Moskva. «RJD-Arena» stadioni. 23.55 (Match TV)
Yo'qotishlar
«Lokomotiv»: Boris Rotenberg, Anton Miranchuk, Jefferson Farfan (jarohat)
«Atletiko»: Shime Vrsalko, Vitolo (jarohat)
Hakam: Orel Grinfeld (Isroil)
Yuventus — Bayer
Turin. «Yuventus» stadioni. 23.55 (Match Futbol 2 — 23.40)
Yo'qotishlar
«Yuventus»: Danilo, Mattia De Shilo, Jorjo Kellini, Duglas Kosta, Marko Pyatsa, Emre Jan (jarohat)
«Bayer»: Leon Beyli (jarohat)
Hakam: Uilyam Kollam (Shotlandiya).
«Atletiko»da mavsum starti kutilganidek kuchli o'tmayapti. Hujum chizig'idagi trio — Morata, Kosta va Felish raqiblarga dahshat sola olmayapti, bu uchlik birgalikda Ispaniya chempionatining 7 turida jami 4tagina gol urdi.
Agar Joau Felishning statistikasini alohida ko'radigan bo'lsak, unda mavsum boshidan buyon barcha turnirlar doirasidagi 8ta o'yinda ikki gol va bir golli uzatma bor. Raqamlar ko'ngildagidek emas, axir klub ushbu portugaliyalikni o'zi uchun rekord narxda xarid qilgandi. Masalan, Madrid derbisida Felish faqat dastlabki 20 daqiqalikda faol bo'ldi, keyin maydonda uning borligi sezilmadi va u ikkinchi bo'limda almashtirilgunicha uni hech kim eslamadi ham.
Transfer amalga oshgunicha ham, undan keyin ham turli ekspertlar ushbu portugalni maqtashdi, u «Atletiko»ning mavsumoldi yig'ini doirasidagi o'rtoqlik uchrashuvlarida yorqin o'yin namoyish etdi, ammo rasmiy o'yinlar boshlanganida muxlislarni va jamoani xursand qilishdan to'xtab qoldi. Ha, u zarbalar bermoqda, ammo hamisha ham aniq emas, u harakat qilmoqda, ammo o'zi uchun sarflangan 126 millilon evroni oqlash uchun etarli darajada emas. Portugaliyalik ftubolchi deyarli barcha o'yinlarda zaxiraga olinishi esa — Simeone hamisha ham uning o'yinidan qoniqish hosil qilmayotgani va u 90 daqiqa davomida maydonda bir xil harakat qilishga kuchi etmayotganini ko'rsatadi. Felish hali yosh, har uch kunda bir xil sport formasida o'ynay olmasligi tushunarli, u hali jamoani o'z ortidan ergashtirib yura olmaydi. Uning talanti borligi shubhasiz, ammo ispan matbuoti unga ta'rif berishda biroz oshirib yuborgani aniq. Hozircha Felish raqiblarga qo'rquv sola olmayapti va klub fanatlarining ishonchidan mosuvo bo'lmoqda.
Endi bildirilayotgan tanqidlarga qaramay u seshanba oqshomida Moskvada «Lokomotiv»ga qarshi o'yinda maydonga tushib, o'zini ko'rsatishi va muxlislar ishonchini qaytarishi ham mumkin.
Yuriy Syomin shogirdlari esa birinchi navbatda 2017-18 yilgi mavsumdagi kab juda ko'p gol o'tkazib yubormaslikka harakat qiladi, 2017 yil kuzida Evropa Ligasida madridliklar moskvaliklarni o'z maydonida 3:0 hisobida mag'lub etgan, 2018 yil bahorida esa Moskvada 1:5 hisobi qayd etilgandi. Mezbonlarning ikki asosiy futbolchisi - Aleksey Miranchuk safdan chiqqan bo'lsada, Syomin Muriloni tayanch yarimhimoyasiga qo'yib, Krixovyak va Barinovni oldinga chiqarib, unga erkinlik taqdim etmoqda. Birinchi turda jamoa Germaniyada «Bayer»ni mag'lub etdi, keyin ichki chempionatda «Orenburg» (3:2) va «Zenit» (1:0) ustidan zafar quchildi.
«Yuventus» ikkinchi turda «Bayer»ni qabul qilmoqda. Ichki chempionatda turinliklar 6 turda 16 ochko jamg'arishdi, lekin bu ochkolar birinchi o'rin uchun etarli emas, «Keksa sinora» «Inter»dan 2 ochko ortda. Maurisio Sarri shogirdlari «Fiorentina»ga qarshi o'yinda ochko yo'qotishgan (0:0). Jamoa EChLning birinchi turida ham durang o'ynadi, Madridda «Atletiko»ga qarshi kechgan bahsda mehmonlar 2:0 hisobidagi ustunlikni saqlab qola olishmagandi (2:2). Shundan keyin jamoa ichki chempionatdagi uchta o'yinda ketma-ket g'alaba qozondi: «Verona» (2:1), «Breshiya» (2:1) va SPAL (2:0) mag'lub etildi.
«Yuventus» Sarri kelgach o'yin uslubini o'zgartirdi va pragmatik o'yin o'rniga hujumkor o'yin paydo bo'ldi. Jamoa qayta qurish davrida qiyinchilikka duch kelayotgan bo'lsada natijaga erishmoqda, tarkibdagi futbolchilarning saviyasi ochkolar keltirmoqda.
Krishtianu Ronaldu jarohat tufayli «Breshiya»ga qarshi o'yinni o'tkazib yuborgan bo'lsa ham, boshqa futbolchilar gollar urishdi. Krishtianu «Verona»ga ham, SPAL darvozasiga ham bittadan gol urdi. U «Atletiko»ga gol urolmagandi, lekin o'sha o'yinda ham unda golli vaziyatlar bo'lgandi. «Bayer»ning himoya chizig'i kuchli emas, «Lokomotiv» safarda bu klubga ikkita gol uroldi. Ronaldu esa Chempionlar ligasida gollari hisobini ochishi kerak, bu o'yinda barcha jarima zarbalari, agar bo'lsa penalti Ronalduga beriladi.