«Real Madrid» yarim himoyachi Luka Modrichning diskvalifikatsiyasini bekor qilish maqsadida apellyatsiya bermoqchi. Xorvatiyalik futbolchi "Selta"ga qarshi bo'lib o'tgan La liganing 1-tur bahsida Denis Suaresga qarshi qo'pollik uchun maydondan chetlatilgan edi.
Uchrashuvning 56-daqiqasida Modrich butsasining tishlari bilan raqibning boldiriga tepdi. "Qirollik klubi" rahbariyatining fikricha, Luka bu ishni ataylab qilmagan, u to'pga o'ynashga harakat qilib, o'zi xohlamagan holda Suaresning oyog'ini bosib olgan.
Mazkur qizil kartochka tufayli Modrich bir o'yindan uch o'yingacha diskvalifikatsiya qilinishi mumkin. Ispaniya qirollik futbol federatsiyasi tartib-intizom qo'mitasi hali bu ishni ko'rib chiqmadi.